“Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovining g?oliblari aniqlandi

02.01.2023 11:39

/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan maʼlum qilinishicha, mazkur tanlovda adabiy janrlar va yo‘nalishlar bo‘yicha badiiy jihatdan yuksak, kitobxonlar estetik didini yuksaltiradigan, ularga maʼnaviy ozuqa bag‘ishlaydigan mukammal asarlar tanlab olingan.
   Tanlov badiiy adabiyotning beshta – nasr, sheʼriyat, dramaturgiya, badiiy tarjima, adabiy tanqid va badiiy publitsistika yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, professional adiblar ishtirok etishdi. 

Ijodkorlar joriy yilning 1 yanvaridan 10 dekabrigacha matbuotda, nashriyotlarda chop etilgan, adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasi eʼtirofiga sazovor bo‘lgan yangi asarlari, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namunalarining xorijiy tillarga hamda jahon adabiyoti durdonalaridan o‘zbek tiliga o‘girilgan yangi tarjima asarlari bilan qatnashdi.

Tanlov jarayonida 17 muallifdan jami 25 ta sheʼriy asar, 16 muallifdan jami 26 ta nasriy asar, 9 muallifdan 21 ta tarjima asar, 6 muallifdan 8 ta tarjima asar, 14 muallifdan 23 ta adabiy tanqidiy va publitsistik asar ko‘rildi. Umumiy 61 muallifdan 103 ta asar kelib tushgan. Mazkur ijodiy ishlar hakamlar hayʼati tomonidan baholandi.
   – Dramaturgiya o‘ziga xos va injiq janr, – deydi tanlov g‘olibi Qo‘chqor Norqobil. – “Tog‘lardek baland bo‘l” kitobim bilan qatnashdim. Unga 6 tadan ortiq drama jam bo‘lgan. Ijodimizga bo‘lgan eʼtirof uchun minnatdorman.

Taqdirlash marosimida oliy o‘ringa 20 million va har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblarga 10 million so‘mdan pul mukofotlari, diplomlar topshirildi. Tadbir yakunida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va yozuvchi Shahodat Isaxonova o‘z fikrlarini bildirarkan, albatta ijodkor davr bilan hamnafas bo‘lishi lozimligini taʼkidladi. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net