Xorijga chiqish biometrik pasporti

Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish O‘zbekiston fuqarolarining quyidagi toifalariga nisbatan amalga oshiriladi:

(1) O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hamda xizmat safarida bo‘lish, o‘qish, tibbiyot muassasalarida davolanish, shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish va oilasi bilan birlashish maqsadlarida Elchixona konsullik okrugida qonuniy ravishda olti oydan ortiq muddatda vaqtincha bo‘lib turgan hamda Elchixona Konsullik bo‘limida vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar:

(2) Xorijda doimiy yashash uchun O‘zbekistondan belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarilgan va xorijga doimiy yashashga chiqishga ruxsat yozuvi - stikeri (ya’ni - pasportida "doimiy yashashga ketishga ruxsat berildi", "departure for permanent residence abroad is authorized" muhri qo’yilgan) yoki manzildan jo‘nab ketish varaqasi asosida O‘zbekistondan chiqqan hamda Elchixona konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar.

UMUMIY QOIDALAR

(1) dastlabki bosqichda xorijga chiqish pasportini olish uchun hujjatlar quyidagi toifadagi fuqarolardan qabul qilinadi:

- 16 yoshga to‘lmagan bolalar, shu jumladan, avval O‘zbekiston fuqarolik pasportini olmagan farzandlar (Konsullik bo‘limida vaqtincha yoki doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bo‘lish lozim);

- 16 yoshga to‘lgan va 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportiga ega fuqarolar 18 yoshga to‘lgan, O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, Konsullik bo‘limida vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olingan va 2016 yil 23 sentyabrdan keyin chet el fuqaroligini qabul qilgan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishlari lozim va 18 yoshga to‘lgan, O‘zbekistondan belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarilgan, Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan va chet el fuqaroligini qabul qilgan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishlari mumkin;

(2) O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan fuqarolar (Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bundan mustasno), pasporti yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan yoki muddati o‘tgan hollarda O‘zbekistonda ketishdan 1-3 oy avval Konsullik bo‘limiga murojaat qilib,  O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomasini olishlari lozim;

(3) 16 yoshga to‘lgan va avval O‘zbekiston fuqarolik pasportini olmagan fuqarolar (Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bundan mustasno) O‘zbekistonda ketishdan 3 oya avval Konsullik bo‘limiga murojaat qilib, O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomasini olishlari lozim;

(4) Pasport olish uchun arizachi (bolalar ota-onalari yoki ulardan biri bilan birga) Konsullik bo‘limiga SHAXSAN murojaat qilishi (kelishi) lozim (so‘rovnoma– arizasini to‘ldiradi va tegishli hujjatlarni biriktirib, taqdim qiladi. Konsullik xodimi saytda taqdim qilingan hujjatlarni tekshiradi va arizachi bilan kelishgan holda uning Konsullik bo‘limiga kelish kuni va vaqtini belgilaydi hamda pasport rasmiylashtirish bo'yicha konsullik yig‘imlarining miqdorini ma’lum qiladi.

(5) Ariza beruvchi Konsullik bo‘limiga kelganidan so‘nga, u taqdim qilgan hujjatlari asosida konsullik xodimi uning biografik ma’lumotlarini, qo‘l barmoqlarining elektron izlarini (16 yoshdan katta shaxslar uchun) to‘playdi, yuzni to‘g‘ridan raqamli formatda rasmga oladi va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun buyurtmanomani shakllantiradi, elektron buyurtmanoma Konsullik bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga maxsus elektron dastur orqali yuboriladi. Tayyor bo‘lgan pasportni Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga va ushbu vazirlik diplomatik pochta orqali Elchixonaga yuboradi (tayyor pasportni olish muddati taxminan 1,5-2 oy).  

 

XORIJGA CHIQISH PASPORTINI RASMIYLASHTIRISH BO‘YICHA HUJJATLAR RO‘YXATI

1. Xorijga chiqish pasportini olish uchun arizachi ushbu sayt https://consulate.mfa.uz/passport/index?language=uz  orqali elektron so‘rovnoma – arizasini to‘ldiradi va unga elektron fotosuratni quyidagi talablar bo'yicha yuklaydi TALABLAR 1 va TALABLAR 2. Agarda, ba’zi-bir texnik sabablarga ko‘ra elektron so‘rovnoma-anketasini to‘ldirishning imkoni bo‘lmasa, mazkur anketani kompuyterga saqlash va uni to‘ldirish lozim. 

MUHIM: 16- va 17- bandlarni batafsil to'ldirish shart:

(16- band) - oxirgi 5 yillik mehnat faoliyati (xorijdagi ham) to'g'risida (shu jumladan, ta'lim muassasalarida o'qish va harbiy xizmat) xronologik va sanalar (kun, oy, yil)da uzilishsiz tartibda;

(17-band) - yaqin qarindoshlar haqida (turmush o‘rtog'i, farznadlari va sobiq turmush o‘rotg'i - agarda birga farzandlari bo‘lsa);

2. Pasportning asli va muhr, belgilar qo‘yilgan varaqlaridan nusxa;

3. Konsullik ro‘yxatiga olinganlik tasdig‘i, agarda pasporga konsullik ro‘yxatiga olinganlik muhri qo‘yilmagan bo‘lsa;

4. 35 x 45 mm hajmdagi fotosurat (1 dona);

5. Fuqaroning xorijiy mamlakat hududida qonuniy tarzda bo‘lishini tasdiqlovchi hujjat asli hamda nusxasi: «permanent resident card» va shu kabilar; xorijga xizmat safariga chiqib ketganlar uchun - buyruq yoki xizmat safari guvohnomasining nusxasi; xorijga o‘qishga chiqib ketganlar uchun - o‘qish joyidan ma’lumotnoma, va o‘qishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asli hamda nusxasi; xorijga davolanishga chiqib ketganlar uchun - O‘zbekiston Respublikasi yoki bo‘lib turgan mamlakat tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar asli hamda nusxasi (tibbiy ma’lumotnoma, tibbiy muassasa taklifnomasi va shu kabilar); xorijga ishlashga chiqib ketganlar uchun - ish joyidan ma’lumotnoma, mehnat shartnomasidan asli hamda nusxasi; oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga chiqib ketganlar uchun - nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma hamda voyaga yetmagan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari (birgalikdagi nikohdan bolalar bo‘lganda) asli hamda nusxasi.

6. Harbiy guvohnoma yoki hisobda turganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asli va nusxasi yoki mudofaa bo‘limining belgilangan tartibdagi ma’lumotnomasi (18-27 yoshdagi harbiy xizmatga majbur shaxslar uchun, agarda O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda xorijga doimiy chiqishga ruxsat olgan fuqrolar bundan mustasno);

 

VOYAGA ETMAGAN SHAXSLARGA  XORIJGA CHIQISH PASPORTINI RASMIYLASHTIRISH BO‘YICHA HUJJATLAR RO‘YXATI

Voyaga yetmagan shaxslar va 16 yoshga to‘lganidan keyin xorijga chiqish biometrik pasportini olgan, ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillar bilan doimiy konsullik ro‘yxatida turgan shaxslar uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1. Xorijga chiqish pasportini olish uchun arizachi ushbu sayt https://consulate.mfa.uz/passport/index?language=uz  orqali elektron so‘rovnoma – arizasini to‘ldiradi va unga elektron fotosuratni quyidagi talablar bo'yicha yuklaydi TALABLAR 1 va TALABLAR 2. Agarda, ba’zi-bir texnik sabablarga ko‘ra elektron so‘rovnoma-anketasini to‘ldirishning imkoni bo‘lmasa, mazkur anketani kompuyterga saqlash va uni to‘ldirish lozim. 

MUHIM: 16- va 17- bandlarni batafsil to'ldirish shart: 

(16- band) - oxirgi 5 yillik mehnat faoliyati (xorijdagi ham) to'g'risida (shu jumladan, ta'lim muassasalarida o'qish va harbiy xizmat) xronologik va sanalar (kun, oy, yil)da uzilishsiz tartibda;

(17-band) - yaqin qarindoshlar haqida (turmush o‘rtog'i, farznadlari va sobiq turmush o‘rotg'i - agarda birga farzandlari bo‘lsa);

2. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma asli va nusxasi (16 yoshga to‘lmagan shaxslar va birinchi marotaba xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilayotgan 16 yoshga to‘lgan shaxslar uchun).Tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma:

a) O'zbekistonda FHDYo tomonidan yoki chet ellardagi konsullik muassasalarida berilgan tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma (metrika);

b) agar farzand Malayziya hududida tug‘ilgan bo‘lsa, avval Malayziya vakolatli idorasidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish, Malayziya Tashqi ishlar vazirligida legalizatsiya qilinishi hamda tug‘ilganlk haqidagi guvohnoma va uning bir dona kseronusxasi taqdim qilinadi;

3. Agar bolaning pasporti bo'lsa, pasportning asli va muhr, belgilar qo‘yilgan varaqlaridan nusxa.

4. Konsullik ro‘yxatiga olinganlik tasdig‘i, agarda pasportga konsullik ro‘yxatiga olinganlik muhri qo‘yilmagan bo‘lsa;

4. 35 x 45 mm hajmdagi fotosurat (1 dona);

5. Voyaga yetmagan shaxsga birinchi marotaba xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillar pasportlarining asli va titul varagining nusxasi.

Ota-onalardan birining pasportini taqdim etish imkoni bo‘lmagan hollarda tegishli hujjat taqdim etiladi, xususan, o‘lim haqidagi guvohnoma, nikoh bekor qilinganligi haqida guvohnoma, nikoh haqiqiy emas deb topilganligi haqida sud qarorining ko‘chirmasi (nusxasi), vakolatli organlardan ota-onalardan birining bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, bola yolg‘iz ota yoki onaning qaramog‘ida ekanligini tasdiqlovchi hujjat yoki turgan mamlakat qonunchiligiga muvofiq shunga o‘xshash teng hujjat.

6. Voyaga yetmagan bola va uning ota-onalarining xorijiy mamlakat hududida qonuniy tarzda bo‘lishini tasdiqlovchi hujjat asli hamda nusxasi: «permanent resident card» va shu kabilar; xorijga xizmat safariga chiqib ketganlar uchun - buyruq yoki xizmat safari guvohnomasining nusxasi; xorijga o‘qishga chiqib ketganlar uchun - o‘qish joyidan ma’lumotnoma, va o‘qishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asli hamda nusxasi; xorijga davolanishga chiqib ketganlar uchun - O‘zbekiston Respublikasi yoki bo‘lib turgan mamlakat tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar asli hamda nusxasi (tibbiy ma’lumotnoma, tibbiy muassasa taklifnomasi va shu kabilar); xorijga ishlashga chiqib ketganlar uchun - ish joyidan ma’lumotnoma, mehnat shartnomasidan asli hamda nusxasi; oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga chiqib ketganlar uchun - nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma hamda voyaga etmagan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari (birgalikdagi nikohdan bolalar bo‘lganda) asli hamda nusxasi.

7. O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi (doimiy ro‘yxat – propiskada turuvchi) ota-onalardan birining yoki boshqa qonuniy vakilning 18 yoshga to‘lmagan farzandiga xorijga chiqish biometrik pasportini olishiga e’tirozi yo‘qligi haqida mahalliy notarius tomonidan tasdiqlangan va muhri quyilgan rozilik arizasi. 

8. Ota-onalardan biri xorijiy davlat fuqarosi bo‘lsa, uning 18 yoshga to‘lmagan farzandini xorijga chiqish biometrik pasportini olishiga e’tirozi yo‘qligi haqida mahalliy notarius tomonidan tasdiqlangan va Malayziya Tashqi ishlar vazirligida legalizatsiya qilingan rozilik arizasi. Agarda xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan ota konsullik bo‘limiga tashrif buyursa, mazkur rozilik arizasini Konsullik bo‘limida rasmiylashtirish mumkin.

9. Pasport olish uchun o'z vaqtida murojaat qilinmagan bo‘lsa, pasportning kechiktirib olish sabablari batafsil ko'rsatilgan holda Konsullik bo'limiga yozma tushuntirish xati topshirilishi kerak.

10. 16 yoshga to‘lmagan shaxslar nomidan ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari tegishli arizalar bilan murojaat qilishadi va 1-bandda ko‘rsatilgan anketani to‘ldiradilar.

11. Harbiy guvohnoma yoki hisobda turganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asli va nusxasi yoki mudofaa bo‘limining belgilangan tartibdagi ma’lumotnomasi (harbiy xizmatga majbur shaxslar uchun, agarda O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda xorijga doimiy chiqishga ruxsat olgan fuqrolar bundan mustasno);

 

ESLATMA

1. Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha – ikki yil muddatga;

bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga;

16 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yil muddatga.

2. Almashtirishga, shuningdek, 18 yoshga to‘lishi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun arizalar quyidagi hollarda qabul qilinadi: (a) pasport amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin va pasport amal qilish muddati tugaganidan keyin bir oylik muddatda; (b) 18 yoshga to‘lgandan keyin bir oylik muddatda.

Yuqorida keltirilgan muddatlar o‘tganidan so‘ng o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaganligi uchun, shuningdek, keyingi har bir kalendar yil hisobidan (bunda xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganidan keyingi bir oylik muddatning tugash vaqtidan boshlab 365/366 kalendar kun nazarda tutiladi) Konsullik yig‘imlari tariflariga muvofiq qo‘shimcha konsullik yig‘imlari undiriladi.

3. Konsullik muassasasining mansabdor shaxsi Konsullik-huquqiy departamentdan tushgan xorijga chiqish biometrik pasportini ariza beruvchiga imzo chektirib topshiradi va konsullik ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida shtamp bosadi. Bunda almashtirilayotgan nobiometrik yoki biometrik pasport o‘rniga tayyor xorijga chiqish biometrik pasportini berishda nobiometrik yoki biometrik pasport konsullik muassasasining mansabdor shaxsi tomonidan olib qolinadi (vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi biometrik pasporti bundan mustasno, unga xorijga chiqish biometrik pasporti berilgani to‘g‘risida shtamp bosiladi), uni bergan yig‘ish punktiga belgilangan tartibda bekor qilish uchun yuboriladi va tegishli ma’lumotlar konsullik muassasalari tomonidan ular turgan davlatning Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.

4. Pasport berish masalasini ko'rib chiqish muddati - bir oy. Ammo ko'rib chiqish muddati O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilishi mumkin.

5. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarning voyaga etmaganning mustaqil ravishda xorijga chiqishga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga mustaqil chiqishlari mumkin.

6. Doimiy konsullik ro‘yxatida turuvchi arizachiga nobiometrik va biometrik pasport o‘rniga xorijga chiqish biometrik pasporti berilayotganda undan oldin berilgan pasport olib qo‘yiladi, unga xorijga chiqish biometrik pasporti berilganligi to‘g‘risida shtamp qo‘yiladi.

 

QONUN HUJJATLARI BILAN QUYIDAGILAR UCHUN JAVOBGARLIK BELGILANADI:

- amal qilish muddati o‘tgan xorijga chiqish biometrik pasportini o‘z vaqtida topshirilmaganligi uchun;

- xorijga chiqish biometrik pasportini qasddan yaroqsiz holga keltirish, shuningdek, yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmaslik;

- yo‘qotilganlik haqida ariza bilan murojaat qilingan xorijga chiqish biometrik pasportidan, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish;

- xorijga chiqish biometrik pasportini qonunga zid ravishda olib qo‘yish yoki uni garov sifatida qabul qilish;

- xorijga chiqish biometrik pasportini g‘arazli maqsadlarda olib qo‘yish, yo‘q qilish, yaroqsiz holga keltirish va yashirish.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net