“9-iyul kuni boʻlib oʻtgan muddatidan ilgari prezidentlik sayloviga texnik jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrilgan”, - dedi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT/DIIHB) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi rahbari Ursula Gachek bugun poytaxtimizda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumani chogʻida.
Tadbirda saylovni kuzatish missiyasi rahbari Ursula Gachek, uning oʻrinbosari Masha Yanushevich, shuningdek, media-tahlilchi Elma Shexalich ishtirok etdi.
“Saylov maʼmuriyati, saylov uchun belgilangan vaqt qisqa ekanligiga qaramay, texnik tayyorgarlikni samarali olib bordi va qonunda belgilangan muddatlarga rioya qildi”, - dedi YEXHT DIIHB missiyasi rahbari.
Ursula Gache qayd etilganidek, saylovlar YEXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro majburiyatlar hamda demokratik saylovlar boʻyicha standartlar hamda milliy qonunchilikka muvofiqligi baholandi.
Butun saylov jarayonini baholovchi va YEXHT DIIHB amaliyotiga muvofiq tavsiyalar beruvchi yakuniy hisobot saylovdan bir necha oy oʻtib eʼlon qilinadi.
Matbuot anjumani yakunida Ursula Gachek missiya nomidan Oʻzbekiston hukumatiga saylovni kuzatish boʻyicha taklif uchun, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, YEXHTDIIHBning elchi Ursula Gachek boshchiligidagi Prezident saylovini kuzatish boʻyicha missiyasi 7-iyun kuni oʻz ishini boshladi. Missiya Toshkentda joylashgan 11 nafar xalqaro ekspert va 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat asosiy guruhdan iborat boʻlib, ular 14-iyundan boshlab butun mamlakat boʻylab joylashtirildi. Saylov kuni, shuningdek, 26 mamlakatdan 198 kuzattuvchi jalb qilindi.
Missiya oʻz ishini 18-iyul kuni yakunlaydi.