YEXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi tashrifi muddatidan ilgari O?zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun mamlakatimizga keldi

17.05.2023 10:16

/“Dunyo” AA/. Joriy yil  9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi munosabati bilan bugun YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar  bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaziy saylov  komissiyasi (MSK) maʼlumotiga ko‘ra, tashrif doirasida Missiya vakillari YEXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fisdjerald hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Missiya vakillariga muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan milliy saylov qonunchiligi va tasdiqlangan Kalendar reja asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, muloqot davomida DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlar natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

YEXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi vakillari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi hamda bo‘lajak saylovlarning umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirdi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net