“Yashil iqtisodiyot” kelajak energetikasi lokomotivi

13.03.2023 18:21

Oʻzbekistonda ham aholi soni koʻpayishi hamda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, odamlarning turmush darajasi yaxshilanib borgani sari elektr energiyasiga boʻlgan talab oshib bormoqda. Soʻnggi besh yilda yurtimizda elektr energiyasi isteʼmoli 20 foizga, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga ortgani fikrimiz tasdigʻidir. Eʼtiborlisi, bu raqam bir joyda toʻxtab qolayotgani yoʻq, oʻsish yiliga 6 foizni tashkil etyapti. 

Darhaqiqat, barcha sohalarda kuzatilayotgan rivojlanish surʼatlari, eng avvalo, elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni oshirmoqda. Oʻzbekiston bu borada oʻz oldiga aniq maqsadlarni qoʻygan va shu maqsad yoʻlida dadil odimlamoqda.

Xususan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish vazifasi qoʻyilgan.

Bu borada respublikamizda energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan hisoblanuvchi quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish, energiyasamarador qurilmalardan foydalanish hamda energiya sarfini kamaytirish, shu orqali kelajak avlod uchun uglevodorod zaxirasini saqlab qolish, ekologik vaziyatni yumshatish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Quyosh panellari haqida nimalar bilamiz?

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, mamlakatimizda soʻnggi vaqtlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni jadallashtirishga jiddiy kirishildi.

Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlari bilan buning huquqiy mexanizmlari mustahkamlanib, muqobil energiya manbalarini targʻib qilish va qoʻllashni ragʻbatlantirish asoslari yaratilyapti.

Oʻzbekistonda yilning 300 kundan ortigʻi quyoshli boʻlib, quyosh energiyasining texnik salohiyati 265,9 million tonna shartli yoqilgʻini tashkil qilishi bu imkoniyatdan oqilona foydalanish zaruratini yuzaga keltiradi. Quyosh energiyasi bugun tilimizda tobora ommalashib borayotgan quyosh panellari orqali elektr energiyasiga aylantirib beriladi. Shu bois, keling, dastlab fikrimizni shundan boshlasak. Quyosh panellari oʻzi nima va u qanday ishlaydi?

Kremniy asosidagi plastinkalarni ketma-ket yoki parallel ulash orqali quyosh paneli hosil qilinadi. U quyosh batareyasi, fotoelektrik batareya deb ham ataladi. Kremniy tarkibli bitta quyosh elementi oʻrtacha 0,6 volt kuchlanishli oʻzgarmas tok beradi. Agar biz 12 volt kuchlanishli elektr toki olishni istasak, 20 ta quyosh elementini oʻzaro ulashimiz kerak.

Quyosh panellariga nurni toʻgʻridan-toʻgʻri elektr energiyasiga oʻzgartiruvchi elektron uskuna deb qarash mumkin.

Hozir jahonda faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarishning 90 foizdan ortigʻini zamonaviy quyosh fotoelektrik panellari asosidagi kristall kremniyli texnologiyalar tashkil etadi. Sababi, yer poʻsti massasi jihatidan qariyb 30 foizga yaqini kremniy elementidan iborat va uni olish texnologiyasi ancha arzon.

Jahon energetika va ishlab chiqarish bozori boʻyicha 2021-yildagi hisobotlarga koʻra, dunyo kremniy bozori hajmi 10,2 milliard dollarga koʻtarildi. Bu borada global ishlab chiqarishning 90 dan ortigʻi Xitoy, Braziliya, Norvegiya, Fransiya hamda AQSH hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonda 2014-yilda “Angren” maxsus iqtisodiy zonasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “Uz-Shindong Silikon” texnik kremniy ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 6 ming tonna texnik kremniyga teng. Bundan tashqari, 2020-yildan buyon Navoiy erkin iqtisodiy zonasida quyosh elementlarini ishlab chiqarish uchun plastinka va silindr shaklidagi monokristall kremniy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha Germaniya, Yaponiya, Xitoy AQSH, Ispaniya va Hindiston yetakchilik qiladi. Germaniya atom elektr stansiyalaridan voz kechgan davlat hisoblanishi bilan bir qatorda, har yili “Yashil yoʻlak”, “Yashil makon” kabi loyihalarga asoslanib, turar joy hamda maʼmuriy bino va inshootlar tomiga quyosh panellari oʻrnatish orqali “ekologik toza” energiya olish yoʻliga oʻtyapti. Ushbu mamlakatda eʼlon qilingan rivojlanish dasturiga asosan, 2024-yilga borib elektr energiyasi ulushining 20 foizini muqobil energiya manbalari asosidagi energetik qurilmalardan olish rejalashtirilgan.

2010-2022-yillar oraligʻida jahon bozorida quyosh panellarini ishlab chiqarish va sotish borasida Xitoy yetakchi boʻlsa, endilikda bir qator Yevropa davlatlari, shuningdek, Yaponiya, AQSH, Malayziya ham ilgʻorlar safida. Quyosh panellarini ishlab chiqarish sifat koʻrsatkichi, tannarxi, yaroqlilik muddati va boshqa shu kabi texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlariga koʻra “Longi Solar”, “LG Energy”, “Jinko Solar”, “SunPower”  kompaniyalari ancha mashhur.

Oʻzbekistonning yillik ehtiyojidan uch karra koʻp manba

Qayta tiklanuvchi energiya turlari ichida quyosh energiyasidan foydalanish Oʻzbekiston uchun juda qulay. Uning yalpi salohiyati barcha qayta tiklanuvchi energiya turlari salohiyatining 98,6 foizini tashkil etadi. Aslida, bu energiyadan unumli foydalanish ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelib, qon-qonimizga singib ketgan. Chunki hanuzgacha quyosh energiyasidan meva-sabzavotlarni, qishda chorva mollari uchun yem-xashaklarni quritish, suvni oftobda qizitish va boshqa maqsadlarda foydalanib kelinadi.

Tadqiqotlarga koʻra, Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining texnik salohiyati 180 million tonna neft ekvivalentini tashkil etadi.

Bu yillik energiya resurslariga boʻlgan talabdan uch marta ortiq demakdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yilda ilk bor Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVt.lik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan boʻlsa, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt.ga teng boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga  topshirilgan.

Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2030-yilgacha respublikamizda quyosh energetikasini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga binoan, umumiy quvvati 7 ming MVt. boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha jami 7 ta yirik loyiha amalga oshirilyapti.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan amaliy foydalanish sohasi yetarlicha ragʻbatlantirib borilmoqda. Xususan, 2019-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni bilan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt. va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan maydon boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan payt dan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi.

Shuningdek, amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etilishi belgilab qoʻyilgan.

Shu bilan birga, 2030-yilga qadar umumiy quvvati 8 ming MVt. boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari yoʻnalishini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari hamda chet el banklarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb etish belgilangan.

Katta quvvatlardagi quyosh hamda shamol elektr stansiyalarini qurishda xorijiy kompaniyalar invest-loyihalarini amalga oshirish yuzasidan bir qator yengillik va imtiyozlar belgilangan. Xususan, xorijiy kompaniyalar bilan davlat-sheriklik hamkorlik mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgani sohani rivojlantirishda iqtisodiy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Qayta tiklanadigan energiya sohasida DSHH mexanizmlarini joriy etish mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar sifatida ilgʻor innovatsion texnik va texnologik yechimlarga ega boʻlgan yetakchi xorijiy kompaniyalarning investitsiyalarni ichki ishlab chiqarish bozoriga toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilinishini taʼminlaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda isitish tizimini inobatga olmagan holda, maishiy energiya ehtiyojini qoplash uchun moʻljallangan 1 kilovattlik quyosh elektr stansiyasi isteʼmolchiga qariyb 10 million soʻmga tushadi. Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari ichki bozorida 3 ta ishlab chiqarish loyihasi faoliyat yuritmoqda. Energiya saqlash qurilmalari “Oʻzikkilamchiranglimetall”, biogaz qurilmalari “Oʻzbekneftgaz” hamda kichik quvvatli quyosh elektr stansiyalari “Oʻzeltexsanoat” tizimidagi korxonalarda ishlab chiqariladi. Bugun bunday qurilmalarga ehtiyoj ortib borayotgan ekan, buni yetarli, deb boʻlmaydi. Bu qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalari tarmogʻini tezkorlik bilan kengaytirish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qiladi.

Mahalliylashtirish geosiyosatdan himoya qiladi

Umuman olganda, qayta tiklanadigan energiya manbalari asosidagi elektr stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayoni raqobatni rivojlantirish va “yashil” kelajakni yaratish xarajatlarini kamaytirish kabi koʻplab vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Birinchi qadam — zaruriy texnologiyalar transferi allaqachon qoʻyildi. Galdagi vazifa mazkur texnologik liniyalarni ishga qoʻyish, miqyosini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalarini va elektr stansiyalarning asosiy tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishga qaratilishi kerak. Bu mazkur turdagi stansiya larni loyihalash, qurish va ishlatish, xizmat koʻrsatish sohasida mutaxassislarga boʻlgan talabni hamda mavjud texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatdoshligini oshirish boʻyicha ilmiy hajmdor ishlanmalarga talabni yuzaga keltiradi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energetikaning toʻlaqonli sanoat klasteri geosiyosiy tahdidlarga chidamlilikni oshiradi.

Hozir jahonda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar jadal surʼatga kirgan. Zamonaviy texnika-texnologiyalar va ular asosidagi qurilmalardan foydalanish natijasida soha sezilarli darajada ilgarilamoqda. Bunga Germaniya, Xitoy, Koreya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi yil sayin oshib borayotganini misol sifatida keltirish mumkin.

Dunyo tajribasida muqobil energiyadan foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, jahon energiya bozorida quyosh energiyasi texnologiyalarining tannarxi pasayib, quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari tobora ommalashmoqda. Ular nafaqat maʼmuriy-maishiy bino-inshootlar, balki turar joylarga ham oʻrnatilyapti. Shuningdek, elektromobillar soni ham tobora ortib bormoqda.

Kelajak avlod uchun yoqilgʻi resurslar va xomashyoni tejab, ulardan unumli foydalanish kun tartibidagi dolzarb masalaga aylangan. Aynan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish har bir mamlakatning iqtisodiga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazadi. Xususan, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanish orqali qazilma yoqilgʻilarni tejashga erishiladi.

Xalqaro energetika agentligi (IYEA) 2022-yil uchun taqdim etgan hisobotida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining dunyo boʻyicha oʻrnatilgan quvvati 3000 gigavattdan ortgani keltirilgan. Bu qariyb 3349 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish imkoni deganidir.

Tabiiy boyliklar haqida gap ketganda, Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlash joiz. Chunki birgina ushbu qaror tufayli 2023-yilning oʻzida umumiy quvvati 4 ming 300 MVt. boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish natijasida qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish koʻzda tutilgan. Umuman, mamlakatimizda 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash maqsad qilingani diqqatga sazovor. Bu Oʻzbekistonda muqobil energiya turlaridan foydalanishni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Yurtimizda “yashil energiya” va “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali iqtisodiyotning energiya hajmdorligini va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish choralari koʻrilyapti.

Ilmiy-tadqiqot institutlari hamda sohadagi yetakchi mutaxassislar olib borgan izlanishlar natijasida tashkilotlar issiqlik taʼminoti tizimlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va quyosh kollektorlari)ni qoʻllash orqali qazilma yoqilgʻi resurslarining 80 foizdan koʻprogʻini qoplash imkoniyati mavjudligi isbotlangan. Qolaversa, jamoat transportlarida elektr tokida ishlaydigan avtobuslar sonini koʻpaytirishga eʼtibor qaratilayotgani, umuman, barcha soha va tarmoqqa muqobil energiyalar izchil kirib borayotgani katta oʻzgarishlar boʻlayotganini, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kelajak energetikasi lokomotivi boʻlishini anglatadi.

 

Sanjar Shoqoʻchqorov,

Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti,

texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net