Yangilangan Konstitutsiya - saylov tizimining huquqiy poydevori

06.06.2023 15:36

Saylov demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri boʻlib, u orqali mamlakatning taraqqiyoti va istiqboli namoyon boʻladi. Bu xalqning oʻz xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etishining asosiy shaklidir. Oʻz navbatida, saylovda qatnashish asosida faol fuqarolik pozitsiyasini ilgari surish xalqimizning yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va elektoral madaniyatini namoyon qiladi.

Oʻzbekistonda siyosiy, davlat va huquqiy sohalarning izchil, bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Xususan, soʻnggi besh yilda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylov oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.

Bunda saylov qonunchiligi xalqaro umumeʼtirof etilgan tamoyillar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalq fikri asosida takomiliga yetkazildi hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uygʻunlashtirildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning XXII bobida saylov tizimiga oid asosiy qoidalar mustahkamlandi. Xususan, Bosh qonunimizga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi qonstitutsion norma sifatida belgilandi.

Konstitutsiyaning takomillashtirilishi asosida saylov jarayonlari bilan bogʻliq bunday normalar mustahkamlanishi saylovning qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, jahonda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq taʼminlashga xizmat qiladi.

Milliy saylov qonunchiligini kodifikatsiyalashtirilishining ahamiyati

Milliy saylov qonunchiligimizning oʻziga xos jihati saylov jarayonlariga oid barcha normalarning kodifikatsiyalashtirilganidir.

Xususan, Saylov kodeksi saylov huquqiga oid ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy va huquqiy kafolatlar tizimini mustahkamlash bilan birga fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirishni taʼminlovchi shart-sharoit va mexanizmlarni yaratishga oid huquqiy normalarni oʻzida aks ettiradi.

Saylov qonunchiligi kodeks shakliga keltirilgunga qadar mazkur tizimda bir vaqtning oʻzida beshta qonun parallel ravishda amal qilardi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim normalari bir-biriga zid boʻlib, turli huquqiy kolliziya mavjud edi.

Mazkur holat esa saylov komissiyalari, ayniqsa, chekka joylardagi uchastka saylov komissiyalari aʼzolari muayyan vaziyatda qanday yoʻl tutishni bilmay, turli noaniqliklar yuzaga kelishiga sabab boʻlgan.

Kodeks qabul qilingach, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim boʻshliqlar va yechimini kutayotgan muammolar hamda turli noaniqlik va ovoragarchiliklar barham topganini nafaqat milliy saylov amaliyotchilari, balki xalqaro ekspertlar ham keng eʼtirof etdi.

Milliy saylov tizimimiz umumjahon talablari va tendensiyalariga muvofiqlashtirildi. Kodeks kuchga kiritilishi munosabati bilan oʻttizga yaqin qonun bekor qilindi hamda qonunosti hujjatlarga keyinchalik kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, shuningdek, baʼzi hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotdi.

Xalqaro saylov standartlariga mos, puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan bunday mukammal Saylov kodeksidan shu paytgacha milliy saylovchiligimizda boʻlmagan oʻnlab yangi norma va qoida joy oldi, amaldagi ayrim byurokratik tartib-qoidalar bekor qilindi.

Har bir saylovchi – diqqat-eʼtiborda

Mamlakatimizda davlat siyosatining oʻziga xos jihati Oʻzbekiston fuqarolarining qayerda yashab turganidan qatʼi nazar, davlat himoyasida boʻlishi, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlashga yoʻnaltirilganidir. Aynan 2019-yildagi saylovda xorijda istiqomat qilib turgan saylov yoshidagi barcha vatandoshlarimiz uchun ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratilgani ana shunday yuksak eʼtiborning amaldagi ifodasi boʻldi.

Avvallari bunday siyosiy tadbirlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman roʻyxatdan oʻtgan oʻzbekistonliklar qatnashgan.

Saylov kodeksida ilk bor chet davlatlarda yashab turgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

Vatandoshlarimiz uchun chet eldagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari huzurida tashkil etiladigan saylov uchastkalarining saylovchilar roʻyxatiga kiritish boʻyicha elektron murojaat qilish imkonini beruvchi saylov.mfa.uz kommunikatsion tizimi ishga tushdi.

Saylov jarayonida suiisteʼmolchilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikda “uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”ligi alohida qayd etilgan.

Biroq shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, chet ellardagi diplomatik vakolatxonalar kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib-qoidalari talablaridan kelib chiqib, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarar edi.

Shu sababli, kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, mazkur qoida endilikda chet davlatlardagi diplomatik muassasalar huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil qilingan saylov uchastkalariga tatbiq qilinmaydi.

Bundan tashqari, Saylov kodeksi imkoniyati cheklangan shaxslarning ovoz berish yoʻli bilan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish huquqlarini amalga oshirishi uchun barcha mexanizmlarni oʻzida mujassam etdi. Yaʼni saylov kuni ovoz berish binolaridagi texnologik jihozlar — jadvallar, kabinalar va ovoz berish qutilari nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda oʻrnatilishi lozimligi mustahkamlandi.

Shu bilan birga, agar sogʻligʻi yoki nogironligi tufayli saylovchi oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish uchun saylov uchastkasining ovoz berish xonasiga kela olmasa, unga ovoz berish xonasidan (saylov uchastkasidan) tashqarida, yashash joyida ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bu, oʻz navbatida, zamonaviy saylov qonunchiliging muhim jihati koʻrinishida jamiyatimizning aʼzosi sifatida nogironligi mavjud fuqarolarimiz ham boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishi, jumladan, saylash va saylanish huquqlariga oid imkoniyatlarga ega boʻlishini taʼminlaydi.

Saylov qonunchiligimizda har bir saylovchining huquq va erkinliklari inobatga olingani jarayonlarda siyosiy huquqga ega har bir shaxsning oʻz saylov huquqlarini hech toʻsqinliksiz amalga oshirishi, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokining eng muhim kafolatlaridan biridir.

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati

Saylovning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, demokratik saylov talablariga muvofiq oʻtishini taʼminlash zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda jarayonlarni raqamlashtirish masalalariga bogʻliqdir.

Jumladan, Saylov kodeksida respublika miqyosida saylovchilarning roʻyxati elektron tarzda tuzilishi belgilab qoʻyilgan. Mazkur roʻyxatni tuzish, unga oʻzgartishlar kiritish va yangilab turish saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi yordamida amalga oshiriladi.

Oʻz navbatida, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursi hisoblanadi.

Aynan saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yanada takomillashtirish orqali fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, koʻchalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlarining elektron shaklda aniq-ravshan belgilanishiga imkon yaratiladi.

Bu shunchaki saylovchilar haqidagi maʼlumotlar bazasi emas, balki saylovning tenglik prinsipini taʼminlashga xizmat qiladigan vosita hamdir. Chunki mazkur axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron roʻyxati orqali fuqarolarning faqat bir marotaba ovoz berganini nazoratga olish imkoniyati mavjud boʻladi.

Ayniqsa, yuqori migratsiya sharoitida saylovchining tegishli saylov okrugiga biriktirish va “bir saylovchi – bir ovoz” qoidasini amalda qoʻllashni taʼminlovchi tizimni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tartibotga koʻra, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati barcha saylov uchastkalari kesimida tegishli uchastka komissiyalariga onlayn tarzda yetkaziladi. Shunday boʻlsa-da, har bir uchastka saylov komissiyasi uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan roʻyxatga aniqlik kiritadi.

Qonunga muvofiq, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin boʻladi.

Bunday tizim oʻrnatilmasidan avval bir saylovchining ham doimiy roʻyxatda, ham vaqtincha roʻyxatda turgan joyidan turib ovoz berish holatlari natijasida fuqarolarning teng saylov huquqi, yaʼni saylovda bitta ovozga egaligi tamoyilining buzilish holatlari kuzatilishi mumkin edi.

Shu asosda saylovchilarning yagona elektron roʻyxati fuqarolarning teng saylov huquqi prinsipini roʻyobga chiqarib fuqarolarimizga davlat boshqaruvida saylov orqali ishtirok etishdek siyosiy huquqlaridan foydalanishda aniqlik va qulaylikni taʼminlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning zamonaviy saylov qonunchiligi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga, erkin va adolatli saylov mezonlariga muvofiqdir.

Shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimi huquqiy asoslari milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro tamoyillar, ilgʻor xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini oʻrganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda oʻtkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida tadrijiy takomillashtirilib borilmoqda.

 

Farangiz Avazbekova,

yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net