Yangilanayotgan Konstitutsiya – yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻladi

13.03.2023 18:23

Yangilanayotgan Konstitutsiya – yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻladi

2023-yil 9-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish haqidagi masala muhokama qilindi. Majlisda xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Loyihada jamoatchilik takliflari, zamonaviy xalqaro standartlar va eng ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olingan

Muhokamalarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirib, maromiga yetkazilganligi, xususan, takliflarning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olganligi taʼkidlandi.

Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etilganligi, xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan barcha qoidalarini oʻzida mujassam etgan hujjat sifatida yuqori baholanganligini qayd etdilar.

Shuningdek, majlisda Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpayib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, yaʼni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga koʻpaygani hamda shulardan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirdagi Konstitutsiya sifatida qabul qilish uchun barcha asoslar yetarli ekanligi taʼkidlandi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, bir soʻz bilan aytganda, loyiha tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganligi alohida taʼkidlandi.

Muhokamada soʻzga chiquvchilar tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy oʻzgartirishlarning har biri boʻyicha alohida-alohida toʻxtalib oʻtildi, fikr almashildi. Xususan, har bir siyosiy partiya fraksiyasi yetakchisi oʻz partiyaviy dastur va maqsadlaridan kelib chiqib, Asosiy qonunimiz loyihasida tegishli takliflari aks etganini alohida taʼkidlashdi.

Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda

Mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida Oʻzbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni oʻzgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qoʻyilmoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari koʻzlangan islohotlar yoʻlidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik kabi muhim qadriyatlar mujassam boʻlib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanmoqda.

Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi

Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda.

Masalan, 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan moddiy yordam olishini kafolatlaydi. Bu jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladi, ularga har yili 11 trillion soʻm ajratiladi.

Deputatlar oʻtgan yili 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratilgani, bu yil 90 ming, yaqin 2-3 yilda esa, 200 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilganligi, shu bois, har bir fuqaroning uy-joyli boʻlish huquqi va uy-joy qurilishi davlat tomonidan ragʻbatlantirilishining Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotganligi ushbu marralarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashini qayd etdilar.

Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi va oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrish majburiyati yuklanmoqda.

Deputatlar tomonidan davlat oʻz zimmasiga nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashish, majburiyatini olayotganligi ham ijtimoiy davlat tamoyilining yaqqol ifodasi ekanligi taʼkidlandi.

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari kuchaytirilmoqda

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari oʻrtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini taʼminlaydi, davlat idoralarining oʻz vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda masʼuliyatini oshiradi hamda insonga meʼyoridan ortiq huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilishining oldini oladi.

Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chogʻida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yoʻl qoʻymaslikni kafolatlaydi.

Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda. Yaʼni, hozirgi vaqtda ushbu vakolat prokurorga tegishli boʻlib, uning sudlarga oʻtkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashda tub burilish boʻladi.

Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanishi inson oʻzining yaqinlari yoʻl qoʻygan xatolar uchun javob bermasligini taʼminlaydi.

Uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi. Bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladigan har qanday bolalar mehnatining taqiqlanishi Asosiy qonunimizda toʻgʻridan-toʻgʻri yozib qoʻyilayotganligi ushbu salbiy illatning tarixda qolishi uchun kafolat boʻladi.

Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda

Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sogʻliqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, oliy taʼlim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega boʻlish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan toʻldirilmoqda.

Qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi.

“Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shart. Shu bois, Konstitutsiya loyihasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻladi

Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy maʼlumot olinishi, nodavlat taʼlim tashkilotlari qoʻllab-quvvatlanishi toʻgʻrisidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda oʻz oʻrnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Oxirgi olti yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy taʼlim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun – 5 baravar koʻpaydi.

Alohida ehtiyojlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham oʻqishini yoʻlga qoʻyilishi Yangi Oʻzbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Konstitutsiyada davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlangʻich professional taʼlim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Deputatlar tomonidan soʻnggi olti yilda bolalarning bogʻcha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi taʼkidlandi.

Deputatlar oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish toʻgʻrisidagi norma millat va xalq rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirishda asosiy oʻrin tutuvchi oʻqituvchilarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obroʻsini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar.

Yoshlar huquqlari Konstitutsiya himoyasi ostida boʻladi

Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir.

Deputatlar aholimizning 18 milliondan ortigʻi yoshlar ekanligi, ushbu koʻrsatkich 2040-yilga borib, 25 millionga yetishini hisobga olib, Konstitutsiyaga yoshlar masalasiga alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga egaligini alohida taʼkidladilar.

Muhokamalar davomida yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirish, ularning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olishi yoshlar hayotda oʻzlarini toʻlaqonli namoyon etish imkoniyatini taʼminlashi taʼkidlandi.

Raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanmoqda

Yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, adolatli soliq tizimini yoʻlga qoʻyish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom maʼnoda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda.

Tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgani hisobiga, soʻnggi olti yilda ularning soni 6 baravar oshib, bugungi kunda 2 millionga yetdi. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar 26 mingtaga, 100 million dollarga yetkazganlar esa, 220 taga yetdi.

Loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bogʻliq huquqlarning taʼminlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida boʻlishi mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda. Bu iqtisodiyot barqaror oʻsishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi qayd etildi.

Davlat bebaho tabiiy boyliklarimizni koʻpaytirish, asrab-avaylash va atrof-muhit musaffoligini saqlash choralarini koʻradi

Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilanmoqda.

Deputatlar tomonidan soʻnggi uch yilda qurilishlardan norozi boʻlib, aholidan 15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar toʻxtatib qoʻyilganligi, avtomobillar soni 1,3 millionga koʻpayib, 3,6 millionga yetganligi, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotganligi ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shu bilan birga Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasidagi masʼuliyati belgilanmoqda.

Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy oʻtkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi.

Deputatlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu normalar tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim oʻzgarishi, ekologiya va tabiat bilan bogʻliq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol boʻlishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda

Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari kafolatlanmoqda.

Deputatlar xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari eʼtiboriga olib chiqayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab boʻlishi haqidagi qoida Bosh qomusimizda muhrlanayotganligi yurtimizda soʻz va axborot erkinligini yanada yuksalishini eʼtirof etdilar.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi hamda parlamentarizm yanada kuchaytiriladi

Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va masʼuliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.

Davlat hokimiyati tizimi yagona va yaxlit boʻlib, hokimiyatning bir boʻgʻinini modernizatsiya qilish uning boshqa tarmoqlarda ham islohotlarni taqozo qiladi. Shunga koʻra, tarmoqlar oʻrtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini taʼminlash maqsadida parlament palatalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqilmoqda.

Unga koʻra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining masʼuliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga koʻpaymoqda.

Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga oʻtkazilmoqda. Bu oʻzgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilgʻor xorijiy tajribaga toʻla mos keladi.

Muhokamalarga boy boʻlgan yigʻilishda qayd etilganidek, markazda va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatida qatʼiy tartib-intizom, masʼuliyat, natijadorlikni kuchaytirish maqsadida shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olib, Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari maʼqullagandan soʻng lavozimga tayinlash tartibi joriy etilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp ovoz olgan partiya yoki partiyalar irodasiga bogʻlangan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqishda, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki taʼminlanadi. Yaʼni, amaldagi tartib yanada demokratik mazmun kasb etadi.

Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish boʻyicha Qonunchilik palatasining Prezidentga taklif kiritish huquqining belgilanayotganligi Hukumat aʼzolarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Senat oldiga qoʻyilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida uning mahalliy Kengashlarga koʻmaklashish boʻyicha vakolati ham Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy normalar Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi va maʼmuriy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlariga hamohang boʻlib, parlament palatalari vakolatlarini aniq chegaralab beradi, ular faoliyatidagi oʻzaro takrorlanishlarni bartaraf etadi, parallel funksiyalarni maqbullashtiradi, Oliy Majlisni yagona yaxlit organ sifatida samarali faoliyat olib borishini taʼminlaydi.

Shu bilan birga joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilayotganligi haqida aytib oʻtildi. Bu Oliy Majlis Senati faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar mohiyatiga monand tarzda modernizatsiyalash imkonini beradi.

Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida koʻrib chiqilishi, muddat oʻtib ketsa, ushbu qonun maʼqullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish amaliyoti joriy qilinayotganligi ham taʼkidlandi.

Parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilmoqda

Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli boʻlgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi oʻrni, roli va taʼsirini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga oʻtkazilmoqda.

Xususan, Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilmoqda.

Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bekor qilinadi

Mahalliy darajada hokimiyatlar boʻlinishi prinsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi boʻlishi qayd etildi. Yigʻilishda soʻzga chiquvchilar tomonidan mahalliy darajada hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi amalga oshirilib, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich, yaʼni viloyat Kengashlari uchun 2024-yildan, tuman Kengashlari uchun esa, 2026-yildan eʼtiboran tugatilayotganligi mamlakatda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar, davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi boʻlishi taʼkidlandi. Mahalliy davlat boshqaruvi sohasida kiritilayotgan mazkur oʻzgarishlar butun davlat hokimiyati tizimini demokratlashtirishga, hokimiyatlar boʻlinishi prinsipini izchillik bilan amalga oshirishga hamda chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishga xizmat qiladi.

Barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi boʻlgan mahalla darajasiga tushiriladi

Konstitutsiyada mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlari berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilanmoqda. Bularning barchasi, davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash va sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha normalar kiritilmoqda

Muhokamalarda aytib oʻtilganidek, sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudyalar daxlsizligi va muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligi, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kiritilayotgan oʻzgarishlar odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat boʻladi. Deputatlar sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni toʻliq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerakligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishini, sudlarning xolisligini taʼminlashini qayd etdilar.

Fuqarolarga sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqining berilishi fuqarolarning oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yangi mexanizm hisoblanadi. Muhokamalarga boy boʻlgan majlis oʻz ishini ertaga ham davom ettiradi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net