Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida fuqarolik jamiyati institutlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kuchaytirilmoqda

20.04.2023 16:11

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

 boʻlim boshligʻi Anvarjon Mirkomilov

 

Soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Darhaqiqat, huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlatning negizini fuqarolik jamiyati institutlari tashkil etadi.

Jumladan, mamlakatimizda ilk bor yaqin va oʻrta muddatga qaratilgan istiqbollarini belgilab olish maqsadida 2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olindi. Xujjatda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini 2025-yilda 1,8 baravarga oshirish va ajratiladigan mablagʻ miqdorini 70 milliard soʻmga yetkazish vazifasi belgilangan.

Davlatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilingani diqqat sazovordir. Ammo amaldagi Konstitutsiyada mazkur institut konstitutsiyaviy maqomga ega emas.

Raqamlarga eʼtibor qaratsak, 1991-yilning 1-yanvar holatiga koʻra respublikada 95 ta NNT faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2000-yilning 1-yanvarga kelib ularning soni 2585 taga, 2016-yil 1-yanvar holatiga koʻra esa – 8417 taga, hozirga kunda esa 9104 tani tashkil etmoqda.

Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, “aql markazlari” ekspertlari ham faol ishtirok etib, qator taklif va munosabatlar bildirganligini alohida qayd etish zarur.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyati institutlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlanishi kuchaytirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasida alohida “Fuqarolik jamiyati institutlari“ bobi qoʻshilmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 69-moddasida Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshirishiga oid norma kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida fuqarolik jamiyati institutlariga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar nimalarda namoyon boʻladi?

Birinchidan, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” nomli bob va ibora kiritilmoqda.

Ikkinchidan, NNTlari, mahallalar, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etilmoqda.

Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlpsh vazifasi yuklatilmoqda.

Toʻrtinchidan, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlariga Oʻzbekiston Respublikasi byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berilmoqda.

Mazkur kafolatlar xalqaro huquqiy xujjatlar va rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan. Xususan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining 2016-yil 11-apreldagi “Ilgʻor tajriba va olingan saboqlar asosida fuqarolik jamiyati faoliyati uchun xavfsiz va qulay muhitni yaratish va saqlash boʻyicha amaliy tavsiyalar” nomli hisobotida fuqarolik jamiyati hamda uning institutlarini qonunchilik darajasida mustahkamlash tavsiya etiladi. Fuqarolik jamiyati atamasi Ozarbayjon, Sloveniya va boshqa bir qator davlatlarning konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan.

Mazkur normaning kiritilishi fuqarolik jamiyati asosini tashkil etuvchi muhim institutsional tuzilmalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini konstitutsiyaviy darajada taʼminlanishi, samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi, ularning jamiyat hayotidagi oʻrnining oshishi uchun xizmat qiladi.

Umuman olganda, kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar jamiyatimiz hayotida fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni hamda ahamiyatini oshirish, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash uchun xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net