Yangi Oʻzbekiston ruhi dunyoni tinchlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga daʼvat etmoqda

15.11.2023 09:30

Keyingi yillarda dunyoni kutilmagan tahdidlar, ziddiyatli munosabatlar, ekologik oqibatlar, geosiyosiy qarama-qarshiliklar va oʻzaro ishonchsizlik inqirozi tashvishga solmoqda. Bunday murakkab davrda milliy davlatchilik, hududiy va mintaqaviy xavfsizlik masalalari ham tobora jiddiylashib boraveradi. Shu maʼnoda, bugun davlatlar va siyosiy yetakchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda anglashinuv, bagʻrikenglik, hamjihatlik va ishonch muhitining qaror topishi naqadar zarurligi kunday ayon.

Shunday bir qaltis vaziyatda Oʻzbekiston bugun oʻz bagʻriga taraqqiyparvar mamlakatlarni chorlayotgan xalqaro muloqot maydoniga aylandi, davlatimiz rahbari nafaqat mintaqa, balki dunyo xalqlarini oʻylantirayotgan oʻtkir muammolarni dadil koʻtarib, ularning oqilona yechimlari xususida ilgʻor tashabbuslarni ilgari surayotgan faol yetakchilardan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda koʻplab nufuzli, istiqbolli tuzilmalar, jumladan, SHHT, TDT, IHT, MDH davlat rahbarlari yigʻilishlari hamda BMT doirasidagi tashkilotlar sammitlari mamlakatimizda muvaffaqiyatli oʻtayotgani  xalqaro maydonda ham eʼtirof etilmoqda.

Oʻtgan haftada Toshkent yana bir nufuzli tuzilma – Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitiga mezbonlik qildi. Prezidentimiz raisligida “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida boʻlib oʻtgan sammitda tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari bildirgan fikrlar, ilgari surilgan takliflarda oʻziga xos yakdillikni kuzatish mumkin. Bu, albatta, kun tartibidagi masalalar ishtirokchi mamlakatlar uchun birdek dolzarb ekanini bildiradi.

Jumladan, davlatimiz rahbari aʼzo davlatlar oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan katta imkonityalar, salohiyat mavjudligini taʼkidladi. Mazkur tuzilmaga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi savdo koʻrsatkichi 85 milliard dollar boʻlib, bu ularning umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil etganiga urgʻu berildi. Imtiyozli savdo bitimini tuzish boʻyicha koʻp yillik urinishlar kutilgan samarani bermayotgani, toʻsiqsiz savdoni shakllantirish yoʻlida hali-hamon koʻplab cheklov va muammolar saqlanib qolayotgani aytib oʻtildi.

Prezidentimiz IHT doirasidagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlash maqsadida “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Ushbu muhim hujjatda oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish, transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi asosiy yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek Prezidentimiz sammit kun tartibidagi bir qator muhim masalalar yuzasidan oʻz amaliy takliflarini bildirib, ularning muhokamasi uchun Oʻzbekiston qulay va foydali maydon vazifasini bajarishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Xususan, oʻzaro investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda hududlararo sanoat koʻrgazmasini tashkil etib, uning dastlabki tadbirini 2024-yilda yurtimizda oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

Iqlim bilan bogʻliq xatarlar tobora ortib borayotgan bir davrda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida samarali hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2024-yilda boʻlajak Samarqand iqlim forumi doirasida Ekologiya masalalari boʻyicha yuqori darajali platformaning birinchi anjumanini oʻtkazish taklif qilindi.

IHT Kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini tashkilotning turizm poytaxti deb eʼlon qilingan Shahrisabz shahrida oʻtkazish taklifi ilgari surildi.

Albatta, bunday tashabbuslarni dunyoni yaxlit koʻradigan, uning har qanday nuqtasidagi ogʻriqni oʻzinikidek qabul qiladigan, inson qadrini eng yuksak qadriyat sifatida biladigan oliyjanob, buyuk shaxs oʻz qoʻliga oladi. Prezidentimizning turli xalqaro tuzilmalar minbarlaridan turib dadil ilgari surayotgan konstruktiv gʻoya va loyihalari jahon hamjamiyati tomonidan maʼqullanib, dunyoda, ayniqsa, mintaqamizda barqaror rivojlanishni, tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashga katta hissa qoʻshayotgani zamirida ham aynan shu haqiqat mujassam.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida siyosiy doira yetakchilari eʼtiborini xalqaro munosabatlar tizimida fundamental oʻzgarishlar yuz berayotgani, jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish kuchayayotgani va bularning barchasi keng koʻlamdagi keskinlik ortishiga sabab boʻlayotganiga qaratdi.

Bunday murakkab sharoitda davlatlar qanday yoʻl tutmoq kerak?

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bu savolga aniq javob berdi. Avvalo, amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni tor doiradagi manfaatlardan yuqori qoʻygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish gʻoyasini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Jumladan, Prezidentimiz BMT minbarida turib “Aminmanki, xalqaro hamjamiyatning qoʻllovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yoʻlidan borishda davom etadi. Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad boʻlib qoladi”, deya ishonch bilan taʼkidladi. Ha, bugun amaliy hamjihatlik, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etib borayotgan bir davrda Markaziy Osiyo davlatlari yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish yoʻlidan borayotgani eʼtiborlidir.

Albatta, tillari, dillari bir-biriga yaqin xalqlar azaldan xoh u xususiy, xoh u umumiy boʻlsin, har qanday masalaga donolarcha yechim topa olgan. Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi, bugungi kunda borgan sayin taqchillashib borayotgan millatlararo muloqotni saqlab qolish, uni mustahkamlashga boʻlgan katta saʼy-harakatlari bilan mamlakatimizning Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlganligi zamirida ham biz shu haqiqatni koʻramiz. Qolaversa, avval Kengash sifatida faoliyat koʻrsatib kelgan ushbu xalqaro tuzilma tarkibiga ulkan nufuzga ega, dunyo sivilizatsiyasining beshiklaridan biri boʻlgan Oʻzbekistonning qoʻshilishi uning toʻlaqonli tashkilotga aylanishida muhim oʻrin tutganini siyosatchilar, espertlar alohida taʼkidlamoqda.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining barcha aʼzo davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari mazkur tashkilotning xalqaro nufuzini, global miqyosda taʼsirini  oshirishga, azaldan doʻst va qardosh boʻlgan turkiy xalqlarimiz farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

 Yaqinda Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining navbatdagi kengashida Prezidentimiz “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan mukofotlandi. Albatta, davlatlar oʻrtasida oʻzaro raqobat tobora kuchayib, dunyo hamjamiyatida oʻz munosib oʻrnini saqlab qolish uchun kurash jarayoni keskin tus olayotgan bir davrda xalqaro doirada erishilgan bunday eʼtirofni mamlakatimiz yetakchisiga berilgan eng yuksak baho deb bilamiz.

Maʼlumki, mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar bilan ham savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Taʼkidlash joizki, keyingi bir necha yilda Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik ishidagi ishtiroki faollashdi. Ushbu davrda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan koʻplab muhim yoʻnalishlar yuzasidan ilgari surilgan tashabbuslarning aksariyati aʼzo mamlakatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, roʻyobga chiqarildi.

Prezidentimiz yaqinda Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun tashkilotning oliy mukofotiMDH Faxriy nishoni bilan taqdirlandi. Bu, albatta, Oʻzbekistonning mazkur tuzilmada, mintaqada tutgan oʻrni naqadar muhim ekanining yana bir eʼtirofidir. 

“EkoAvrasya” Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar jamgʻarmasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren Oʻzbekiston yetakchisi MDH doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surganini oʻz vaqtida va dolzarb, deb bilishini qayd etib, “Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan koʻp tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz”ligini bildirdi.

Bu kabi xalqaro eʼtiroflarni koʻp keltirish mumkin. Shunisi eʼtiborliki, xalqaro hamjamiyat keyingi yillarda Oʻzbekiston rahbarining konstruktiv tashqi siyosati tufayli nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyo davlatlari rahbarlari oʻrtasida qulay siyosiy muhit va ishonch shakllanganini bildirmoqda.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining ochiq va doʻstona tashqi siyosati milliy parlamentimizning xalqaro aloqalarini rivojlantirishimizga ham mustahkam zamin yaratmoqda. Prezidentimiz xorijiy davlatlarga tashrifi chogʻida hamda xalqaro minbarlardan turib parlamentlarning xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, dunyoda tinchlik-xotirjamlik va birdamlikni  taʼminlash borasida imkonityalari kengligi, ulardan samarali foydalanish zarurligini bot-bot takrorlab keladi.

Xususan,  2021-yil 6-avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida  parlamentarizmning roli ortib borayotganini hisobga olib, Prezidentimiz Mintaqaviy parlament forumini oʻtkazishni taklif qilgan edi.

Ushbu tashabbusdan koʻp oʻtmay, yaʼni 2023-yilning fevral oyida  Qozogʻistonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi hamda mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi. 2024-yilda esa forumga Oʻzbekiston mezbonlik qiladi. 

Soʻnggi yillarda dunyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, insonparvarlik gʻoyalarini mustahkamlash hamda mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatni kengaytirish kabi yoʻnalishlarda parlamentlararo aloqalarimiz muntazam davom etmoqda.

Jumladan, Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan birgalikda bir qator xalqaro forum va anjumanlar oʻtkazildi. Buxoro shahrida oʻtkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” hamda Samarqand shahrida keng jamoatchilik va din arboblari ishtirokida tashkil etilgan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda parlamentning roli”  kabi yirik xalqaro forumlarni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuzilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga Oʻzbekiston ilk raislik qilgan yilda  10 dan ortiq tadbir oʻtkazilib, 8 ta yakuniy hujjat qabul qilindi. Mintaqa ayollarining davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, fan, sanʼat, gender tengligi kabi masalalar  yuzasidan doimiy ravishda oʻzaro tajriba almashib turamiz.

Xalqaro aloqalarimiz haqida soʻz borganda, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan 25 ta parlamentlararo guruh va 2 ta komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyilganligini ham mamnuniyat bilan taʼkidlash oʻrinlidir.

Shuningdek 2022-yilda Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining  14-sammiti ilk bor MDH hududida, aynan yurtimizda muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bularning barchasi mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquqlarini taʼminlash hamda jamiyatni demokratlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijalari jahon hamjamiyati tomonidan munosib eʼtirof etilayotganiga yorqin misol boʻla oladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida parlamentlararo aloqalarni yanada jonlantirish borasida bildirgan tashabbuslari ham eʼtiborga molikdir. Bugungi kunda mazkur tashabbuslar ijrosini taʼminlash maqsadida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.

2017-yildan boshlab Oʻzbekiston va TurkPA oʻrtasida aloqalar faol shaklda amalga oshirilmoqda. Shundan buyon Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi assambleyaning bir qator tadbirlarida faol ishtirok etib keladi.

Bir soʻz bilan aytganda, milliy parlamentimiz oʻz faoliyatida tashqi aloqalarni har tomonlama rivojlantirish, parlamentda gender tenglik masalalariga eʼtibor qaratish, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning bosh prinsipi – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish yoʻlida, shuningdek, “Inson qadri va manfaatlari uchun”, degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini taʼminlashga faol kirishgan.

Ha, millatimiz yetakchisining manfaatlarimiz himoyachisi sifatida xalqaro doirada ilgari surayotgan tashabbus va loyihalari progressiv insoniyat tomonidan qizgʻin qabul qilinayotgani, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida oʻz munosib oʻrnini tobora mustahkamlab borayotgani xalqimizning qaddini baland koʻtarib, faxr-gʻurur tuygʻularini yuksaltirmoqda.

Bu oʻz navbatida, barchamizni xalqimiz, el-yurt manfaatini taʼminlashdek ulugʻ maqsadlar yoʻlida birlashishimiz, masʼuliyatimizni yanada oshirishni talab etadi.

Shubhasiz, bularning barchasi nafaqat mamlakatimizning ichki taraqqiyotiga, balki uning dunyo miqyosidagi obroʻsi ortishiga, barcha uchun ochiq hamda oʻzaro teng manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkin boʻlgan jozibador oʻlkaga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Tanzila Norboyeva,

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati Raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net