Yangi Oʻzbekiston – Davlat xizmatlari islohotlari xalq manfaatlari uchun

16.03.2023 23:07

 

          Bundan 5 yil muqaddam Oʻzbekistonda aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini taʼminlash, ularni koʻrsatish bilan bogʻliq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish maqsadida davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi.

Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha xizmatlar koʻrsatish; servisning yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligini taʼminlash, mazkur sohada byurokratiya va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaslik; davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur hujjat va axborotlarni tezkorlik bilan olishni taʼminlovchi idoralararo elektron hamkorlikni amalga oshirish; davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun hujjatlari va maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya etilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

Davlat xizmatlari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, uning yuridik jihatdan taʼminlab borish uchun DXMlar Adliya vazirligigi tizimida tashkil etildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili belgilandi. Ushbu sohani tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. Xususan, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalar, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlar, har bir xizmat boʻyicha maʼmuriy reglamentlar qabul qilindi.

Amalga oshirilgan huquqiy, tashkiliy kompleks choralar natijasida DXMlar aholi muammolarini hal qilishning, davlat tashkilotlari va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni soddalashtirishning markaziga aylandi.

DXMlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar arifmetik progressiya surʼatida oshib bormoqda

2018-yil 1-yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, hozirda 280 ga yaqin xizmatlar koʻrsatilmoqda. 2022-yilning oʻzida 100 ga yaqin xizmatlar qoʻshildi.

Har kuni oʻrtacha 40-45 ming fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda.

DXMlar tomonidan hozirga qadar 45 mln.dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. 2022 yil davomida 12 mln.ga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi, bu koʻrsatgich 2017-yilga nisbatan 83 baravarga koʻp. Davlat xizmatlari koʻrsatishda talab etiladigan hujjatlar soni 221 tadan 95 taga (57 foiz) qisqartirildi.

28 turda koʻrsatilgan davlat xizmatining natijasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining xohishiga koʻra pochta aloqasi orqali ularning manziliga yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Bu esa fuqarolarning davlat xizmatlari markazlariga yoki vakolatli organlarga ikkinchi marotaba ovora boʻlib kelib ketishiga chek qoʻydi.

 

Fuqarolarga qulay zamonaviy DXM binolari qurildi

Respublikaning barcha 208 ta tuman-shaharlarida DXMlar tashkil etildi. DXMlarning 180 tasida zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu binolarning 79 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi. Tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km. uzoq, togʻli hududlarda 138 ta filial faoliyat yuritib kelmoqda. Ular mahalliy aholini uzogʻini yaqin qilmoqda.

Bugungi kunda DXMlarda tashrif buyuruvchilar uchun zarur qulayliklar yaratilgan boʻlib, kutish zallari elektron navbat tizimlari, axborot kioskalari, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari, salomatlik burchaklari, mutolaa uchun kitob javonlari, bolalar oʻyin maydonchalari, “Wi-Fi” hududlar hamda bufetlar bilan jihozlangan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida surdo tarjimon xizmati ham yoʻlga qoʻyildi. 2022-yil davomida 254 ta shunday fuqaroga xizmat koʻrsatilgan.

Raqamlashtirish va Blockchain texnologiyasining qoʻllanilishi

Adliya vazirligi mamlakat raqamlashtirish amaliyotida misli koʻrilmagan ishni amalga oshirdi. Oʻtgan 3 yil ichida FHDYOning 60 milliondan ortiq arxiv hujjatlari raqamlashtirishldi, bu esa Oʻzbekistonda FHDYO xizmatlari koʻrsatish jarayonini raqamlashtirish imkonini berdi.

Raqamlashtirish natijasida “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimida oila tarkibini aniqlash imkoniyati yaratildi.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini eksterritorial tamoyil asosida qayd qilish tartibi yoʻlga qoʻyildi.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini (FHDYO) qayd etish bilan bogʻliq davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayoni “doimiy takomillashtirish tamoyili” asosida rivojlantirib borilmoqda.

Qayd etilgan fuqarolik holati yozuvlarini ishonchliligi, xavfsizligi va doimiyligini kafolatlash uchun blokcheyn texnologiyasiga asoslangan fuqarolik holatini qayd etishning elektron tizimi joriy etildi.

FHDYO tizimidagi arxiv hujjatlarni saqlash, qayta ishlash va raqamlashtirish maqsadida Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini (MQM) yaratish va zamonaviy server qurilmalari hamda uskunalari bilan jihozlashda koʻmak berildi.

“FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimida mazkur texnologiyaning joriy etilishi fuqarolarning hayotiy voqealari bilan bogʻliq boʻlgan tarixiy faktlarning ishonchli va xavfsizligini taʼminlash bilan bir vaqtda, sohada mavjud byurokratik jarayonlarni optimallashtirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish imkonini beradi.

Xizmatlar sayyor tartibda va “eksterritorial” tamoyil asosida koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan

Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarimizga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Birgina 2022-yil davomida 800 mingdan ortiq sayyor xizmatlar koʻrsatildi.

Sayyor xizmatlarni tashkil etish uchun maxsus moslashtirilgan avtomashinalar xarid qilingan boʻlib, ular koʻchma DXM vazifasini oʻtaydi. Ular barcha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. RASM

2019-yildan davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan barcha xizmatlar “eksterritorial” tamoyil asosida koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Bu aholiga nima beradi? Bunda davlat xizmatlarini koʻrsatish doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyidan (propiskaga) yoki yashash joyidan qatʼiy nazar aholi va tadbirkorlarimiz istalgan joydagi yoki oʻzlariga qulay joydagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin boʻladi.

 

Aholini onlayn xizmatlarga oʻrgatish muhim vazifa

Biz bugungi kunda elektron hukumat tushunchasidan koʻra koʻproq raqamli hukumat haqida gapira boshladik. Zarur huquqiy baza, infratuzilma shakllantirilmoqda. “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” Davlat dasturi qabul qilingan.

Bunda aholini davlat xizmatlaridan onlayn foydalanishga oʻrgatish va ularning koʻnikmalarini oshirish muhim. Shu bois aholi va tadbirkorlik subyektlarining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish va bunda ularning madaniyatini oshirish maqsadida DXMlarda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari tashkil etildi

DXMlarda yaratilgan bu kabi qulayliklar davlat xizmatlarini onlayn tarzda olish darajasining ortishiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Xususan fuqarolar tomonidan onlayn tarzda foydalanilgan davlat xizmatlari 2020-yilda 3,1 mln. tani, 2021-yilda 8,4 mln.tani  hamda 2022-yil  davomida 11,8 mln. tani tashkil etgan.

Bunda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari muhim ahamiyat kasb etib, zarur moddiy texnika vositalari bilan jihozlangan va Internet tarmogʻiga bogʻlangan holda tashrif buyuruvchilarning foydalanishlari uchun xizmat qilmoqda. Bunda DXM xodimlari tashrif buyuruvchilarga zarur maslahatlar va onlayn xizmatdan foydalanishning afzalliklari haqida tushuntirishlar berib borishadi.

2022-yil 1-avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni identifikatsiya qilishning “Mobil-ID” tizimi joriy etildi. Identifikatsiya qilishning bu muqobil vositasi “veb-saytdan mobil ilovaga» (from web to app) tamoyilini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

“Mobil-ID” tizimi ishga tushirilganligiga koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsada 750 000 ga yaqin fuqarolar ushbu tizimdan roʻyxatdan oʻtib foydalanishni boshladi.

Aholidan talab qilish taqiqlangan hujjatlar roʻyxati tasdiqlandi

Davlat idoralari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida byurokratiya va qogʻozbozlikni qisqartirish maqsadida 73 turdagi hujjat va maʼlumotnomalarni aholidan talab qilinishi bekor qilindi, 200 dan ortiq tartib-taomillar soddalashtirildi.

Buning natijasida yiliga oʻrtacha 20 mln.dan ortiq aholi ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod boʻldi, idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldi olindi va aholining birgina tashkilotlarga borib kelishi bilan bogʻliq 300 mlrd. soʻmdan ortiq miqdordagi mablagʻlari tejalishiga olib keldi.

Fuqarolardan davlat tashkilotlari talab qilishi mumkin boʻlmagan hujjatlar roʻyxatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari kabilar ham bor. Bularning bekor boʻlayotganining ahamiyatini qisqa izoh bilan tushuntirish mushkul.

70-80 yillik, baʼzilariniki undan ham koʻp yillik “staj”ga ega bu hujjatlarni talab qilish toʻxtadi – ovoragarchiliklardan iborat katta bir tarixga yakun yasalmoqda. Davlat va fuqaro munosabatlarida aslida bu radikal, inqilobiy qadam.

Kompozit xizmatlar

Aholini ortiqcha ovora boʻlishini oldini olish hamda idorama-idora sarson boʻlib yurishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida xizmatlarni “kompleks tarzda” koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Bu fuqaroning bitta soʻrovi asosida oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlarini kompozit shaklda, yaʼni bir paytda taqdim etishdir.

Misol uchun, FHDYO boʻlimi tomonidan tugʻilganlikni qayd etish jarayonida:

- poliklinikaga hisobga qoʻyish;

- bir martalik nafaqa pulini olish uchun ariza yuborish;

- bolani ota-onasi doimiy roʻyxatda turgan manzil boʻyicha roʻyxatga qoʻyish;

- bolani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga navbatga qoʻyish xizmatlari bir vaqtda amalga oshiriladi.

Bu bilan, 15 dan ortiq hujjatlar qisqartirildi.

Oʻrtacha bir oyda 70 mingdan ortiq tugʻilish qayd etilayotgan boʻlib, ushbu xizmatni kompozit usulida koʻrsatilishi natijasida aholini
yana 4 ta idoraga 280 ming marotaba ovora boʻlib borishiga chek qoʻyildi.

Buning natijasida aholining har bir xizmatdan foydalanish uchun boshqa idoralarga borish-kelishi bilan bogʻliq 11 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar aholining oʻzida qolishiga erishildi.

Proaktiv xizmatlar

Davlat tashkilotlarining oʻz tashabbusi bilan fuqarolarga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishini nazarda tutuvchi proaktiv davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.

Misol uchun, joriy yilning noyabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga toʻlanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qoʻshimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlash tizimini joriy etildi.

Biz oʻz vaqtida bu sohadagi mutxassislardan biri estoniyalik mutaxassis Marten Kayvatsning eng yaxshi xizmat bu hatto uni olganingizni bilmay qoladigan xizmatdir degan fikriga qoʻshilamiz.

 

DXMlar ayni paytda bepul huquqiy maslahatlar markazi hamdir

“Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari binolariga joylashtirilgan boʻlib, aholiga begʻaraz huquqiy yordam koʻrsatish yoʻli bilan ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashish maqsadida huquqiy masalalar boʻyicha shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish orqali birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatib kelmoqda. 2022-yilda hududiy byurolarga murojaat qilgan 120 530 nafar fuqarolarga bepul yuridik yordam koʻrsatilgan.

Situatsion markaz

Maʼlumki situatsion markazlar strategik boshqaruvda vaziyatli yondashuvni amalga oshirishning eng samarali vositalaridan biridir. Har kuni DXM va FHDYO larga 300 dan 1500 gacha murojaatchi tashrif buyurishadi. Ularga koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va tezkorligini monitoring qilib borish, muammolarni oʻz vaqtida aniqlash maqsadida Adliya vazirligida Situatsion markaz tashkil etilgan.

Situatsion markazning integratsiyalashgan markazlashtirilgan ombori turli manbalardan olingan maʼlumotlarni birlashtiradi va menejmentni qiziqtiradigan vaziyatni bilishga koʻmak beradigan raqamlar, maʼlumotlar vizual va interaktiv panellarda namoyish etiladi. Taqdim etilayotgan xizmatlarning masofaviy monitoringi, prognozi va tahlilini avtomatlashtirishga hissa qoʻshadi. Ayni paytda ushbu markaz orqali xodimlar faoliyati samaradorligiga, axloq qoidalariga rioya etilayotganligiga baho berib boriladi.

Bu dinamik rivojlanayotgan vaziyatlarni izchil, har tomonlama tahlil qilish asosida, vaziyat dinamikasini belgilaydigan asosiy muammolar va masalalarni aniqlash va uning rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.

Fuqarolarimizning Davlat xizmatlari markazlaridan qoniqish darajasi ortib bormoqda

Adliya vazirligi tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda doimiy ravishda fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi oʻrganib borilmoqda.

Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida “PricewaterhouseCoopers” xalqaro kompaniyalar tarmogʻi tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyuruvchilar oʻrtasida anonim soʻrov oʻtkazilgan. Soʻrovnoma natijasiga koʻra, fuqarolarning 90 foizi koʻrsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilib, markaz xodimlari faoliyatini aʼlo baholashgan.

Oʻziga xos paradigmalar almashinuvi roʻy berdi.

Aholimiz “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili bu shunchaki balandparvoz gap emas, real voqelik ekanligini guvohi boʻlib turibdi.

Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan xalq bilan muloqot siyosatining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilsin” muhim shiorining amalda ifodasini koʻrsatadigan davlat xizmatlari markazlari, aholining davlatga boʻlgan qarashlariga, ishonchiga ijobiy taʼsir etmoqda.

Bu ishonch oʻz navbatida davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga maʼsul boʻlgan tuzilmalarda yangliklarga intilishga, muammolarni hal qilishning nostandart yechimlarini izlashga, fuqarolarning mamnun qiladigan innovatsiyalar ustida ishlash uchun motivatsiya boʻlmoqda.

Albatta, hali kamchiliklar bor, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Lekin maqsad davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilgan har bir fuqaroga eng yuqori standartlarda xizmat koʻrsatishni tashkil qilishdir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Adliya vaziri oʻrinbosari

Xudoyor Meliyev

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net