
Mulozim qo‘shimcha qilishicha, Hindiston banklari endi “qora oltin” taqiq ostida bo‘lmagan yetkazib beruvchilardan kelishini ta’minlash uchun tegishli sertifikat talab qiladi. Ayni dam qayta ishlab chiqaruvchilar, shuningdek Yaqin Sharqdan yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Mazkur qaror Vashington 10 yanvarda Rossiyaning, go‘yoki, xufiya flotiga qarshi sanksiya kiritgandan keyin qabul qilingan.
AQSH avvalroq RF energetika sektoriga aloqador 200 dan ziyod kompaniya va jismoniy shaxsga, shuningdek 180 dan ortiq kemaga nisbatan taqiq joriy qilgan edi. Ushbu chora Moskvaning xalqaro bozorga chiqishini cheklash hamda neft va gaz eksportidan tushadigan daromadini kamaytirishga qaratilgan. Shuningdek, energiya resurslarini qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, tashuvchi kemalarga nisbatan ham cheklov joriy etish nazarda tutilgan.
Avvalroq Pekin ham xuddi shunday qaror qabul qilib, Xitoy sharqiy suvida 2 million barreldan ko‘p neft tashuvchi uchta ruxsat etilgan kemani ishsiz qoldirgan edi.
RF Davlat Dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Svetlana Jurova Chin mamlakati Rossiya tankerlarni qabul qilishdan bosh tortganini tasdiqlab, Xitoy AQSH tomonidan xususiy kompaniyalarga alohida iqtisodiy chora qo‘llashi mumkinligidan xavotir olayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, Pekinning harakatida siyosiy asos ham bor.
Zero, Jo Bayden ma’muriyati faoliyatini yakunlash arafasida Rossiyaga qarshi bir qator qarorlarini e’lon qildi. Ayni amaliyot neft eksportiga ham daxldor. Shunday sanksiyalarning navbatdagi to‘plamini Vashington 11 yanvar kuni qabul qildi. Kutilganidek, bu neft ta’minotiga ta’sir ko‘rsatdi. Binobarin, Xitoy va Hindistonning Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni qabul qilmasligi ham Vashington shu qarori bilan bog‘liq.
Kuni kecha qator g‘arb davlatlari Yevropa Ittifoqiga Rossiya nefti narxini pasaytirishni taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. “RIA Novosti” yozishicha, Skandinaviya va Boltiq bo‘yi mamlakatlari Yevrokomissiyaga ayni mazmundagi taklif ilgari surilgan maktub yo‘llagan. Bu haqda Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergaard ma’lum qilgan. Uning shu mavzudagi nutqi mamlakat hukumati idorasi tomonidan taqdim etilgani aytilmoqda.
– YeIga a’zo, Shimoliy va Boltiq bo‘yi mamlakatlaridagi hamkasblarim bilan birga Yevropa komissiyasi G7 muvofiqlashtirish doirasida neft narxini pasaytirish taklifini kiritishga chaqirilgan xat yozdik, – degan mulozim “Xalq va mudofaa” anjumanida.
Dekabr oyi o‘rtalarida “Blumberg” manbalarga tayanib, G7 mamlakatlari RF nefti narxiga cheklovni kuchaytirish yo‘llarini o‘rganayotgani, bu jarayonda to‘liq taqiqdan tortib, narx chegarasini bir barrel uchun 40 dollargacha tushirish kabi maqsadlar borligi haqida yozgan edi.
Ma’lumki, G‘arbning Moskvaga qarshi neft sanksiyasi 2022 yil 5 dekabrda kuchga kirgan. O‘shanda YeI dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftini qabul qilishni to‘xtatgan. G7 davlatlari, Avstraliya va Yevropa Ittifoqi esa dengiz transporti uchun bir barreliga 60 dollardan narx chegarasini joriy qildi. Qimmatbaho yonilg‘ini tashish va sug‘urta qilish taqiqlandi. Xuddi shunday chora 2023 yil 5 fevralda qora oltindan olinadigan mahsulotlar uchun ham kuchga kirdi.
O‘sha yil 1 fevraldan boshlab Rossiya ham, agar shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita narxni cheklash mexanizmidan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lsa, xorijiy xaridorlarga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni to‘xtatdi.
Ta’kidlash joiz, dunyo bo‘yicha eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlardan hisoblangan Xitoy va Hindiston RF “qora oltini”ning asosiy xaridorlari hisoblanadi. Bu ikki qudratli davlat Vashington sanksiyasiga qo‘shilishi shundog‘am g‘arb bozoridan mosuvo bo‘lgan Rossiya uchun Osiyodagi asosiy xaridorlarini yo‘qotish ehtimolini kuchaytiradi. AQSH va G‘arb davlatlari nazdida bu qadam Rossiyaga yana bir jiddiy iqtisodiy zarba berishi mumkin.