Xalq konstitutsiyasini qabul qilish uchun fuqarolar takliflari inobatga olinadi

25.10.2022 16:32

Konstitutsiya – asosiy qonun, huquqlarimiz kafolati hisoblanadi. Ammo qomus o‘zgarmas, qotib qolgan hujjat emas. Aksincha, jamiyat va davlatda turli ijtimoiy munosabatlar o‘zgarishi bilan, insonlarning zaruriy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ham konstitutsiya zamon bilan hamnafas tarzda takomillashib borishi kerak.

O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar zamirida ham shu maqsad mujassam. Konstitutsiyaga kiritilayotgan har bir yangi norma esa chuqur  tahlildan o‘tkazilib qabul qilinishi maqsadga muvofiq.    

E’tibor qaratish lozimki, ayrim davlatlardagi notinchlik, xavf-xatar, xalqaro huquq normalarining buzilishi kabi holatlar ham konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalarni yana bir bor chuqur tahlildan o‘tkazish zaruratini keltirib chiqarmoqda.  

Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbarining 2021 yil noyabr oyidagi inauguratsiya jarayonidagi nutqida fuqarolarimiz tomonidan mamlakatimizda islohotlarimiz mantig‘i talab etayotgan muhim taklif konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iboratligiga e’tibor qaratilgan.  

Avvalo, senator va deputatlar, keng jamoatchilik, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishimiz kerakligi ta’kidlab o‘tilgan.  

Nazarimizda, konstitutsiyaviy islohotlarda kiritilayotgan o‘zgarishlarning konseptualligiga alohida e’tibor qaratish muhim. Takliflarni keng jamoatchilik, olimlar, amaliyotchi mutaxassislar, tadqiqot institutlari vakillarini jalb qilgan holda yo‘nalishma-yo‘nalish qilib, ajratib o‘rganilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Har bir taklifning qaysi birini Konstitutsiyada, qay birini qonunlarda aks etishini atroflicha tahlil qilish lozim.    

Shu o‘rinda AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi asoschilaridan biri Tomas Jeffersonning qiziq bir mulohazasiga e’tiborga qaratsak: har 19 yilda konstitutsiyalar o‘zgarishi kerak. Negaki shu vaqt orasida qariyb aholining yarmi yangilanadi va amaldagi konstitutsiya ularning qiziqishlarini to‘liq qamrab ololmaydi.  

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, 10 ta davlatda doimiy tarzda konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib borilmoqda. Bular -  Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya hamda Hindiston davlatlaridir. Konstitutsiyasi o‘zgarmay qolgan davlatlar esa deyarli uchramaydi.  

Aytib o‘tish kerakki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mamlakatda muhim bir yangilik va o‘zgarishlarni konstitutsiya darajasida yangilash zarurati paydo bo‘lgandagina amalga oshiriladi.  

Mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi ham aholining konstitutsiya orqali og‘irini yengil qilish, ularni qiynayotgan muammolarni konstitutsiyaviy yo‘l bilan hal qilish choralarini ko‘rishdan iborat, desak ham mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.  

Davlatimiz rahbari joriy yil 20 iyunda konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda muhim bir konseptual masalaga e’tibor qaratdi. Ya’ni konstitutsiyaviy komissiya taklifi asosida parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etildi.  

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Ammo konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirish, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga puxta zamindir.      

Xabaringiz bor, joriy yilning 25 iyunidan 1 avgustiga qadar konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi bo‘lib o‘tdi. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bu nimadan dalolat beradi? Demak, fuqarolarimiz mamlakatimizda bo‘layotgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga befarq emas. Buni berilgan takliflar sonidan ham ko‘rishimiz mumkin.  

Yurtboshimiz joriy yil 6 oktyabrda Sirdaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda ham ushbu masalaga yana e’tibor qaratdi. Mukammal, xalqchil, konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerakligi, xalqimiz uchun bunday imkoniyat yana qachon bo‘lishi, shu maqsadda xalq bilan yana bir bor maslahatlashish kerakligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.  

Mazkur yig‘ilishda ta’kidlanishicha, adolatli jamiyat qurish, referendumga tayyorgarlik ko‘rish, xalq konstitutsiyasini qabul qilish uchun fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarga javob qaytarish lozim. Xalqda mening ham takliflarim inobatga olinibdi, degan ishonch hissi shakllanishi kerakligiga urg‘u berildi.  

Darhaqiqat, Konstitutsiya jamiyat uchun nihoyatda muhim hujjat ekanligi, uning har tomonlama mukammal qabul qilinishi, birinchi galda, xalqning manfaatiga xizmat qilsa, ikkinchidan, inson va davlat o‘rtasidagi o‘zaro mas’ullik munosabatlarini  atroflicha tartibga soladi. Konstitutsiya orqali davlat o‘z o‘rni va nufuzini dunyo hamjamiyatida namoyon qiladi.  

 

Sherzod Zulfiqorov,  

Jamoat xavfsizligi universiteti  

kafedra boshlig‘i, professor.  

O‘zA  

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net