Umumiy intilishlar bilangina mamlakatlarimiz tinchligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlash mumkin

18.10.2022 10:11

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahridagi hamkorlikni kuchaytirish borasidagi dolzarb takliflari va samarali uchrashuvlari sharhi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12–14-oktyabr kunlari Qozogʻiston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning oltinchi sammiti (OHICHK), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisi va “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammitida ishtirok etdi.

12-oktyabr kuni Ostonada Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi. Bugungi kunda OHICHKda 28 davlat ishtirok etmoqda. Yana 9 davlat (Belarus, Indoneziya, Malayziya, AQSH, Ukraina, Filippin, Yaponiya, Laos va Turkmaniston) va 5 ta xalqaro tashkilot (BMT, YEXHT, Arab davlatlari ligasi, Turkiy tilli mamlakatlar parlament assambleyasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti) kuzatuvchi maqomiga ega. OHICHK BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomini olgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Tashkilot oʻz oldiga Osiyoda barqarorlik, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda koʻp tomonlama fikrlarni inobatga olgan holda hamkorlikni kengaytirish, noqonuniy narkotiklar ishlab chiqish va ularning savdosiga, terrorizm ning barcha koʻrinishlari va ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishiga qarshi kurash maqsadini qoʻygan. Osiyo farovonligi va barqarorligi yoʻlida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq barcha masalalarda hamkorlik qilish, aʼzo davlatlar oʻrtasida ishonchni mus tahkamlash chora­tadbirlarini amalga oshirish ustuvor hisoblanadi.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun tashkilot, asosan, harbiy-siyosiy, yangi chaqiriq va tahdidlar, iqtisodiy, ekologik va insoniy oʻlchov yoʻnalishlarida hamkorlik qiladi.

Afgʻoniston muammolarini bartaraf etish, masala yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozimligi, buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan osiyo mamlakatlarining birlashgan millatlar tashkiloti bosh assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.

OHICHK Ostona sammiti joriy yilning sentyabr oyida muvaffaqiyatli oʻtgan SHHT Samarqand sammiti fonida dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha fikr almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qildi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Davlatimiz rahbari chiqishida oʻtgan davr mobaynida OHICHK xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari boʻyicha keng va ochiq muloqot maydoni sifatida oʻzining gʻoyatda zarur ekanligini koʻrsatganini eʼtirof etdi va Oʻzbekiston tomoni forum faoliyatini transformatsiya qilish masalasi boʻyicha qoʻshma jarayonda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Ayni paytda xalqaro munosabatlarda beqarorlik va noaniqlik tobora oʻsib, davlatlar oʻrtasida muloqot va ishonch kamayib bormoqda. Buning oqibatida jahon iqtisodiyotida uzoq yillar davomida shakllangan ishlab chiqarish zanjirlari uzilib, davlatlar va biznes subyektlari oʻrtasida taʼminot va savdo sohasida ziddiyatlar kelib chiqmoqda.

Bugun jahonda paydo boʻlgan noxush geosiyosiy voqelik butun dunyo mintaqalari qatori Osiyo qitʼasi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy va iqtisodiy barqarorligiga ham katta salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, iqtisodiy integratsiya va rivojlanish koʻlamlarini sekinlashtirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqorida bayon etgan noxush holatlarning Osiyo qitʼasi davlatlarining umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligiga taʼsirini kamaytirish uchun qator ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Birinchi ustuvor yoʻnalish Afgʻonis tondagi vaziyat bilan bogʻliq. “Afsuski, — taʼkidladi davlatimiz rahbari, — boshqa oʻtkir xalqaro muammolarning yetakchi oʻringa chiqishi natijasida Afgʻoniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. Oʻtmishda ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bogʻliq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur”.

Afgʻoniston muammolarini bartaraf etish, masala yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora­ tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma­bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozimligi, buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.

Radikal gʻoyalarning keng tarqalishi va unga qarshi kurashish ikkinchi yoʻnalishning asosiy mazmunini tashkil etadi. Bugun aksariyat davlatlarda insoniyat dushmanlari boʻlmish buzgʻunchi kuchlar ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etishga harakat qilyapti. Bu maqsadga erishish yoʻlida ular barcha vositalardan, jumladan, targʻibot va mafkuraviy taʼsirning oʻta zamonaviy uslublaridan keng foydalanmoqda.

Bunday vaziyatda yoshlarni radikalizmdan himoya qilish, ularning kuch-gʻayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yoʻnaltirish uchun xalqaro darajada tizimli hamkorlik oʻrnatilishi taqozo etiladi. Farzandlarimiz oʻz kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishdagi ishtirokini his etishi, salohiyat va umidlarini amalda roʻyobga chiqarish imkoniyatlariga ega boʻlishini taʼminlash lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Majlisning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar oʻrtasida bir­birini yaxshiroq tushunishga daʼvat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim topishga koʻmaklashuvchi yangi formatni — Avlodlar muloqotini yoʻlga qoʻyishni va bunday ilk uchrashuvni Yosh yetakchilar forumi doirasida 2023-yil aprel oyida Samarqandda oʻtkazishni taklif etdi.

Uchinchi yoʻnalish yuz bergan salbiy geosiyosiy vaziyatda davlatlar iqtisodiyotlari global inqirozning tobora kuchayib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashib qolayotgani va uning oldini olish masalalariga bagʻishlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu maqsadga erishish uchun proteksionizm kuchayishiga, global bozorlar barqarorligiga xavf soladigan choralarni, jumladan, yangi cheklovlar joriy etilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda Osiyo qitʼasida oʻzaro bogʻliqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish­logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bogʻlovchi transport yoʻlaklarini yaratish hisobiga kuchaytirish takliflarini kiritdi.

Toʻrtinchi yoʻnalishda barqaror taraqqiyotga tahdidlarning oldini olish uchun jahon iqtisodiyoti kelgusi taqdirini belgilab beradigan sanoat inqilobi yangi bosqichiga oʻtishning asosi boʻlgan bilimlar iqtisodiyotini ustun darajada rivojlantirish zarurligi olgʻa surildi. Buning uchun “Innovatsiyalar transferi sohasidagi salohiyatini yanada toʻliq ishga solish, raqamlashtirishni faol ragʻbatlantirish, “bulutli” texnologiyalar, sunʼiy intellekt, “buyum Interneti”ni rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”. Bu yoʻnalishlarda Osiyo mamlakatlari global darajada yetakchi boʻlishga birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir”, — deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Beshinchi yoʻnalish haqida gapirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo qitʼasining qator davlatlari isteʼmol mahsulotlarining katta qismini import qilishi va oziq­ovqat bilan taʼminlash muammolarining oʻtkirlashib ketgani haqida soʻz yuritdi. Jumladan, Butunjahon oziq­ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, jahonda ochlikdan azob chekayotgan aholining yarmidan koʻpi Osiyo qitʼasida yashamoqda. Lekin bir vaqtning oʻzida aynan Osiyo davlatlari jahonning yetakchi oziqovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi. Demak, hamma gap mavjud resurslarning notoʻgʻri taqsimlanishi bilan bogʻliq.

Vaziyatni oʻnglash uchun oziq­ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish boʻyicha yaxlit tizimni yaratish takliflari ilgari surildi.

Ushbu masalalarni Butunjahon oziqovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti rahbarligida 2023-yili Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklifi kiritildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida ekologiya va iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilish uchun Osiyo davlatlari saʼy­harakatlarini birlashtirishni hamda mamlakatlarni jadal koʻklamzorlashtirish va ekotizimlar bogʻliqligini qoʻllab­quvvatlash masalalari boʻyicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyishni oltinchi yoʻnalish sifatida taklif etdi.

14-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi saʼy­harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etishini taʼkidladi. Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga muvaffaq boʻlinayotgani qayd etildi. Xususan, Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar aylanmasi 2021-yilda 35 foizga oshdi, joriy yil boshidan buyon esa yana 30 foizdan koʻproq oʻsdi.

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Masalan, soʻnggi oylarda MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi. Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni tezkor bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish lozimligi aytildi. Davlatimiz rahbari narx­navoning sunʼiy oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq­ovqat mahsulotlari toʻsiqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart­sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

“Termiz — Mozori­Sharif — Kobul — Peshovar” hamda “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻllarini qurishning MDH davlatlari uchun oʻta muhim ahamiyatga ega ekani koʻrsatib oʻtildi.

Hamdoʻstlik mamlakatlari doirasida oʻzaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini oʻtkazishni taklif qildi. Oʻzbekiston taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat va sanʼat borasidagi qoʻshma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol koʻmaklashish va ishtirok etishga tayyorligi taʼkidlandi.

Sammit ishtirokchilari keng miqyosli davlatlararo hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator hujjatlarni imzoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammitida ham ishtirok etdi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Rossiya liderlari qatnashdi. Mazkur sammitda noxush geosiyosiy vaziyat sharoitida savdo-iqtisodiy munosabatlar holati, oziq-ovqat, xomashyo va logistika xarajatlari oshishi, Afgʻoniston muammolarining hudud xavfsizligiga taʼsiri kabi masalalar boʻyicha fikr almashildi. Davlatimiz rahbari mintaqaviy sheriklikni kuchaytirish maqsadida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslar bilan chiqdi.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12–14-oktyabr kunlari Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashining oltinchi sammiti (OHICHK) va Mus taqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida soʻzlagan nutqlari va ularda olgʻa surgan takliflari xalqaro jamoatchilik va siyo satchilar tomonidan qizgʻin qoʻllab­quvvatlandi.

Jumladan, “El Mundo Financiero” internet-nashri bosh muharriri Xose Luis Barselo (Ispaniya), Pokiston Tashqi ishlar vazirligi departamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti boʻyicha bosh direktori Shoh Faysal Kakar, ekspert Sheradil Baktigulov (Qirgʻiziston), Janubiy Kavkaz siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Velizade (Ozarbayjon), Anqara Inqiroz va siyosiy tahlil markazi direktori Mehmet Seyfettin Erol (Turkiya), Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Mahmud ul-Hasan Xon (Pokiston), Zamir Karajanov (Qozogʻiston) kabi koʻplab taniqli siyosatchilar Oʻzbekiston Prezidentining jahonda mavjud muammolar, ularning Osiyo mamlakatlari rivojiga taʼsiri va hal etish boʻyicha puxta oʻylangan yechimlar taklif qilganini eʼtirof etdi.

Davlatimiz rahbarining Turkiya, Pokiston, Vyetnam, Tojikiston davlatlari delegatsiyalari rahbarlari va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi bilan uchrashuvlarida ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Umuman, Ostona uchrashuvlarida davlatimiz rahbari alohida taʼkidlab oʻtganidek, zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilish orqali samarali yengib oʻtish mumkin. Aynan shuning uchun ham umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab­yashnash uchun intilayotgan barcha sogʻlom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratildi. Faqat sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda umumiy intilishlar bilan biz ezgu maqsadlarga — mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini taʼminlashga erisha olamiz.

 

Odil Olimjonov,

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi, iqtisod fanlari doktori, professor

 

“Yangi Oʻzbekiston”

18.10.2022y.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net