TURKIYADAGI ASPIRANT VATANDOSHLARIMIZNING UCHRASHUVI

25.03.2019 09:50

Mazkur mamlakatdagi elchixonamiz tomonidan xorijda kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish va “El-yurt umidi” jamg‘armasiga amaliy ko‘mak berish maqsadida tizimli ravishda tegishli ishlar faol davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilning 15-16 mart kunlari Turkiyaning Konya shahrida “Ikki qardosh davlat: Turkiya-O‘zbekiston va ularning kelgusi munosabatida mening o‘rnim” nomli tadbir tashkil etildi.

Tadbir Mavlono Jaloliddin Rumiy o‘z maktabiga asos solgan ushbu shaharda joylashgan Saljuqiylar universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyaning oliy ta’lim muassasalarida turli sohalarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan 50 nafardan ziyod o‘zbekistonlik doktorantlar ishtirok etdilar. Anjumanda o‘zbekistonlik talaba-doktorontlardan 14 nafari o‘z ilmiy ishi haqida ma’ruza qildi.

Anjumanni tashkil etishda Elchixona va Konya shahri hokimiyati, Saljuqiylar universiteti, Turkiyadagi O‘zbek talabalari jamiyati va O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili Ergash Jumayevlar tashabbuskorlik ko‘rsatishdi. Tadbirning ochilish qismidan so‘ng ishtirokchilar 3 yo‘nalishda (Turk tili va adabiyoti; Tarix, falsafa, siyosat; Interdissiplinar tadqiqotlar) o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar. Ma’ruzalarning muhokamasidan so‘ng, ishtirokchilar “Kelajakka oid loyihalar” mavzusidagi yig‘ilishda qatnashadilar.

Yoshlar O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarini rivojlantirish borasidagi loyihalari, rejalari va fikrlari bilan o‘zaro o‘rtoqlashdilar.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, hozirgi kunda Turkiya Respublikasi Universitetlarida 800 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar turli yo‘nalishlarda tahsil olishmoqda va mazkur ko‘rsatkich, yil sayin ortib bormoqda. Doktoranturada, tadqiqot olib borayotganlar soni esa 40 dan oshadi. Bundan tashqari, Turkiyada doktorlik unvonini qo‘lga kiritib, shu yerdagi ta’lim muassasalarida dars berayotgan hamyurtlarimiz ham mavjud.

O‘tkazilgan anjuman mazkur yoshlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, ularda vatanparvarlik hissiyotini kuchaytirish, O‘zbekistonda yuz berayotgan chuqur va keng qamrovli islohatlardan bohabar qilish va vatandoshlarga nisbatan olib borilayotgan yangi davlat siyosatining mazmun – mohiyatini tushuntirishga xizmat qildi.

Tadbir Turkiya matbuotida keng yoritildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net