Turkiy davlatlar hamkorlik sari dadil qadam tashlamoqda

07.11.2022 10:32

2022-yil 11-noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti boʻlib oʻtadi.

“Tashkilotga Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo hisoblanadi, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega, - deb yozadi ekspert. - Oʻtgan yil 12-noyabr kuni Turkiyada boʻlib oʻtgan VIII sammitda savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, taʼlim va madaniyat sohalaridagi koʻp qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqilgan edi.

Taʼkidlash joizki, aynan oʻsha nufuzli tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Turkiy Kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deb oʻzgartirish hamda Turkmanistonga tashkilotda kuzatuvchi maqomini berish toʻgʻrisidagi tarixiy qarorlarni qoʻllab-quvvatlashni taklif etgandi.

Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va ekologiya bilan bogʻliq muammolar nafaqat tashkilotga aʼzo davlatlar, balki dunyo hamjamiyati oldiga yangidan-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston mamlakatlar hamkorligi va tashkilotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Oʻtgan yilgi sammitda davlatimiz rahbari oʻz nutqida iqlim oʻzgarishi, uning tashkilotga aʼzo mamlakatlariga taʼsirini yumshatish masalasi va Orol dengizining qurishi keltirib chiqarayotgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtgan edi. Bunda Shavkat Mriziyoyev ekologik halokatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish va oldini olish uchun BMT bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolboʻyining ekologik fojiadan eng koʻp jabr koʻrgan tumanlaridan birida joylashtirish gʻoyasini ilgari surdi.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan 5 yil ichida Prezident tomonidan qabul qilingan aniq maqsad va vazifalarni oʻzida jamlagan farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlar va koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida katta yutuqlarga erishildi.

Jumladan, Orol dengizining qurigan tubida 1 million 600 ming gektardan ortiq maydonda choʻl oʻsimliklari ekilib, yashil qoplamalar barpo etilmoqda. Shuningdek, Orolboʻyi mintaqasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb eʼlon qilindi.

Orolboʻyining xalqaro ahamiyatga molik hudud sifatida eʼtirof etilishi mintaqadagi mavjud ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishda katta oʻrin tutadi. Ayni paytda Orol fojiasi, dengizning tobora yoʻqolib borayotgani bu yerda istiqomat qilayotgan millionlab insonlar hayotiga taʼsir oʻtkazmoqda. Bu masala xalqaro miqyosdagi muammo sifatida tan olindi. Albatta, Orolboʻyi aholisi hamma qatori farovon, tinch va bekamu koʻst yashashga haqli. Bu esa, barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, mintaqa davlatlari kuch va imkoniyatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.

Hozirga qadar Oʻzbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida oʻn bitta xalqaro konvensiya, bitim va ular doirasidagi yettita koʻp tomonlama xalqaro shartnomaga qoʻshildi. Jumladan, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 10 foiz qisqartirish boʻyicha majburiyat olgan. Shundan kelib chiqib, davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, Oʻzbekistonning Parij bitimiga qoʻshilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish boʻyicha davlat strategiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatda bu yoʻnalishda ekologik sof, tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda sanoat korxonalari faoliyatining salbiy taʼsiri, tuproqlarning turli sanoat va maishiy chiqindilar bilan ifloslanishi, atmosfera havosining zaharlanishi bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, soʻnggi yillarda iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik doimiy monitoring, qayta koʻrib chiqish va bartaraf etishni talab qiluvchi koʻplab muammolarga duch keldi.

Xususan, aholining oʻsishi muqarrar ravishda antropogen bosimning oshishiga olib keladi. Hozirgi bosqichda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish tabiiy resurslarni tejash va atrof-muhitga texnogen yukni kamaytirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning muhim ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

Shu bilan birga, yangi texnologiyalarni rivojlantirish, energiya ishlab chiqarish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish iqtisodiy oʻsishning samarali dvigateli boʻlib, unda ekologik innovatsiyalar iqtisodiy rivojlanish uchun zarurdir.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda 2019-2030-yillarda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish konsepsiyasi qator vazifalarni oʻz ichiga oladi. Xususan, energiya samaradorligi koʻrsatkichini ikki karra oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy, arzon va ishonchli energiya bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va rivojlantirish nazarda tutilgan boʻlib, umumiy energiya ishlab chiqarish salmogʻida ushbu ekologik toza energiya ulushini 12 foizga yetkazish belgilangan.

Shu bilan birga, “yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini taʼlim va fanga integratsiya qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, ekologik xavfsizlikni taʼminlash va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishning asosiy shartlari qatorida xalqaro hamkorlik va saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim oʻrin tutadi. Global ekologik muammolarni hal etishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratuvchi koʻp tomonlama ekologiya shartnomalari iqtisodiy faoliyatni ekologizatsiyalashda muhim rol oʻynashi mumkin.

Binobarin, bu borada ilgari surilgan tashabbus xalqaro hamkorlikning kengayishi va, oʻz navbatida, ekologik xavfsizlikni taʼminlash va innovatsion “yashil” iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, Oʻzbekiston yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitida oʻz faolligini yanada koʻproq namoyish etadi. Zero, Oʻzbekiston tashkilotning yangi nom bilan oʻtadigan ilk sammitini oʻzida oʻtkazishni taklif qilgani ham bejiz emas, albatta”.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

boʻlim boshligʻi Avazbek Xolbekov

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net