Toshkent deklaratsiyasi — yosh avlod kelajagi yoʻlidagi global maqsadlar mushtarakligi

24.11.2022 16:06

2022-yilning 14-16-noyabr kunlari Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan II Butunjahon konferensiyasi nihoyatda koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

2022-yilning 14-16-noyabr kunlari Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan II Butunjahon konferensiyasi nihoyatda koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzlashi uning nufuzini yanada oshirdi.  

Shuningdek, konferensiyada YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashdi. Konstruktiv muloqot, bildirilgan dadil tashabbuslar, ilgari surilgan ijodiy takliflar tadbirning qizgʻin ruhini namoyon qildi.

Ishonchimiz komilki, anjumanda oldimizga qoʻyilgan barcha maqsad va vazifalarga erishildi. Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat bolalarning davomiy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuziv va sifatli oʻqitishni taʼminlashning kalitiga aylanadi.

COVID-19 pandemiyasi davrida taʼlim sohasi eng koʻp zarar koʻrgan tizimlardan biri boʻldi. Global inqiroz ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirdi va butun dunyo boʻylab millionlab bolalarni taʼlim, sogʻliqni saqlash va ovqatlanish orqali koʻrsatiladigan hayotiy xizmatlardan mahrum qildi.

Globallashayotgan bugungi dunyoda taraqqiyotga, tinchlik va farovonlikka, ekologiyaga xavflar tobora ortib bormoqda. Gʻoyat murakkab va tahlikali ayni zamonda yaxshi taʼlim-tarbiya koʻrgan, jismonan va maʼnan barkamol insongina mavjud muammolarni hal etishga xizmat qilishi, istiqboldagi rivojlanishning eng maqbul yoʻllarini topa olishi mumkin. Yosh avlod iqlim oʻzgarishidan raqamli inqilobgacha boʻlgan qiyin muammolarga duch kelganda, bilim, qadriyat va koʻnikmalarga ega boʻlolmasa, barqaror taraqqiyot imkonsizdir.

Konferensiya YUNESKO va dunyo ekspertlari, mutaxassislari ishtirokida tinchlik va inson huquqlarini taʼminlash asnosida kichik yoshdagi bolalarga taʼlim-tarbiya berish boʻyicha global muhokama uchun muhim platforma boʻla oldi. Muhokamalar natijasi oʻlaroq qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi zamonaviy muammolarni bartaraf etishga davlat siyosatini yoʻnaltirish, shuningdek, 2030-yilgacha maktabgacha taʼlim sohasini ravnaq toptirishning eng muhim yoʻnalishlarini belgilash imkonini yaratdi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim eʼtirof etganidek, Oʻzbekistonda YUNESKOning 2022-yilni taʼlimga safarbarlik yiliga aylantirish haqidagi qatʼiy qaroridan kelib chiqib, dunyoga kuchli xabar yuborish imkoniyati yuzaga keldi. 

Albatta, ushbu jarayonda bizga yetarlicha moliyalashtirish, koʻproq moddiy hamda moliyaviy koʻmak, inson resurslari kerak boʻladi. Oʻtgan yilning noyabr oyida Parij deklaratsiyasi qabul qilindi, u YUNESKOga aʼzo davlatlarga davlat xarajatlarining kamida 15 foizini yoki YAIMning 4 foizini taʼlimga ajratishni taqozo etadi.

Bu tadbir nihoyatda zarur: maʼlumki, taʼlim — bu xarajat emas, balki eng yaxshi sarmoyadir. Oʻqituvchilar va maktablarga sarmoya kiritishdan koʻra adolatli va samarali sarmoya yoʻq.

Zamonaviy Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barcha sohalarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat taraqqiyotning yangi bosqichi — yangi Oʻzbekiston qurilishiga oʻtdi. Uning ustuvor yoʻnalishlaridan biri inson kapitalini rivojlantirishdir.

Erta rivojlanish va taʼlim, hech mubolagʻasiz, Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilganidan buyon, bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizgacha oshdi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 2 milliondan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar bogʻchalarga borish imkoniyatiga ega. Ushbu oʻsish koʻrsatkichini mamlakat rahbariyatining kuchli siyosiy irodasi va hukumatning saʼy-harakatlarisiz amalga oshirish mumkin emas edi.

YUNESKO maʼlumotlariga koʻra, bugun dunyoda 5 yoshdagi har toʻrtinchi bola maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanmaydi. Jahondagi mamlakatlarning yarmidan kamrogʻida maktabgacha yoshdagi bolalar tekin oʻqishi taʼminlangan.

 Nufuzli forumda qatnashgan YUNESKO Bosh direktori oʻrinbosari Stefaniya Jannini xonimning fikricha, taʼlim va taraqqiyot yutuqlaridan teng foydalanish, pedagogikaga innovatsiyalarni joriy etish hamda murabbiylarga yordam berish — inson huquqlari sohasida YUNESKOning fundamental qadriyatlariga asoslanadigan masalalardir. YUNESKOning Toshkent deklaratsiyasi aynan shu mazmunni ifodlagani bilan ahamiyatlidir. Yaʼni bolalarning erta rivojlanishi mushtarak maqsadimizning muhim qismi sifatida hujjatda oʻz ifodasini topdi.

Butunjahon konferensiyasida oʻrtaga tashlanadigan gʻoyalar, bildirilgan fikrlar va qabul qilingan deklaratsiya forum qatnashchilarining bolalarni kichik yoshdanoq rivojlantirishga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi birdamligi hamda birligining yorqin namunasi boʻldi.

Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish tizimini global oʻzgartirish strategiyasining bir qismi sifatida Toshkent deklaratsiyasida bir qator yetakchi tamoyillar belgilandi:

birinchidan, maktabgacha taʼlimda oʻquv dasturlari hamda pedagogikaning sifati va dolzarbligini oshirish;

ikkinchidan, barcha bolalar uchun teng va inklyuziv taʼlim xizmatlarini taʼminlash, jumladan, favqulodda vaziyatlarda kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga kirish huquqlarini himoya qilish va kafolatlash;

uchinchidan, pedagog kadrlarni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash;

toʻrtinchidan, sohaga innovatsiyalarni keng joriy etish;

beshinchidan, tizimni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash.

Ushbu muhim hujjatning qabul qilinishi tarixiy voqelik boʻlib, yanada adolatli, inklyuziv, dolzarb va barqaror taʼlim tizimlarini yaratishda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. Erta rivojlanish strategiyasida yangi sahifa yaratadi va kelgusi oʻn yil ichida maktabgacha taʼlim sohasida xalqaro kun tartibini belgilab beradi.

Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli konferensiya orqali yurtimizda maktabgacha taʼlim tizimidagi ilgʻor tajribalarni namoyon etish bilan birga, jahon hamjamiyati eʼtiborini sohadagi muammolar va ularni hal qilishga qaratish imkonini berdi. Shuningdek, ushbu anjuman mamlakatimizda maktabgacha taʼlim sohasiga sarmoya kiritish va ilgʻor xalqaro tajribalarni oʻzlashtirish borasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga ham zamin yaratdi.

 Mamlakatimizda maktabgacha taʼlimga uzluksiz taʼlim tizimining ajralmas boʻlagi sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2017–2021-yillarda qilingan ishlar misolida bunga yaqqol ishonch hosil qilish mumkin. Jumladan, 2017-yilda mamlakatimiz boʻyicha 5 ming 211 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlgan. Hozir ular soni besh barobar ortib, 28 ming 12 tani tashkil etmoqda. Tizimga ajratiladigan mablagʻ salmogʻida ham oʻzgarish katta. Bundan besh yil avval yilda maktabgacha taʼlim tizimiga 2 trillion soʻm ajratilgan boʻlsa, bu yil sohaga 9,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

 Tizimdagi yana bir oʻziga xoslik haqida ham toʻxtalish joiz. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun maktabgacha taʼlimning tekin muqobil turlari joriy etildi. Jumladan, “Aqlvoy” loyihasi doirasida yurtimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlmagan hamda qamrov koʻrsatkichi past 142 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 387 ta mobil guruh shakllantirildi. Bu tizim 65 ta avtobus negizida yoʻlga qoʻyilib, 7 mingga yaqin bolani qamrab oldi.

 Yaqinda jahon ommaviy axborot vositalari xalqaro tadqiqot natijalarini eʼlon qilgan edi. Unga koʻra, Oʻzbekiston 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrovning oʻsishi boʻyicha jahon reytingida birinchi oʻrinni egallagani ham qilingan ishlar samarasidan darak beradi.

 Yurtimizda alohida ehtiyojga ega boʻlgan bolalarning taʼlim-tarbiyasi ham eʼtibordan chetda emas. Jumladan, inklyuziv taʼlim tamoyillari va imkoniyati cheklangan bolalarga yordam koʻrsatishning yangi chora-tadbirlari qoʻllanmoqda. Nukus, Qarshi, Zarafshon shaharlari va Qibray tumanida reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 74 ta koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, ularda imkoniyati cheklangan, rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsoni boʻlgan 6 ming 434 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Oʻtgan yili barcha koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari reabilititsiya uskunalari bilan taʼminlandi. Sohadagi ijobiy natijalar jahon miqyosida ham eʼtirof etilayotgani YUNESKO shafeligida oʻtkazilgan nufuzli anjuman misolida yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.

 Konferensiya doirasida sohaga doir tovarlar, xizmatlar va innovatsion mahsulotlarning xalqaro koʻrgazmasi, matbuot anjumanlari va madaniy tadbirlar ham oʻtkazildi. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va oʻqitish sohasiga jalb etiladigan investitsiya oqimini koʻpaytirishning ustuvor yoʻnalishlari va strategiyalarini ham belgilab oldik.

Agar biz dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻlsak, avvalo, taʼlimni oʻzgartirishimiz kerak. Ishonamizki, umumiy hisobda butun taʼlim tizimi dunyo miqyosidagi global oʻzgarishlarga taʼsir qilishi mumkin. Taʼlim jarayonlarini farzandlarimizning kelajagi uchun yaxshiroq va sifatliroq tashkil etish bizning burchimizdir. Har birimiz dunyoning kelajakdagi sivilizatsiyasi uchun javobgarmiz.

 

Agrippina SHIN,

Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net