TERMIZDA XALQARO BAXSHICHILIK SAN'ATI FESTIVALI DAVOM ETMOQDA

06.04.2019 11:00

Jahon tamadduni beshiklaridan biri bo’lgan qadimiy Termiz milliy ruhda bayramona bezatilgan. Nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda ilk marta o’tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivaliga puxta hozirlik ko’rilgani O’zbekistonning janubdagi gavhari bo’lgan qadimiy va navqiron ushbu shaharga o’zgacha shukuh va tarovat bag’ishlagan.

So’lim bog’-rog’lar, xiyobonlar, ko’cha va maydonlarda milliy qadriyat va urf-odatlarimiz, baxshilarimiz siymolari aks etgan pannolar o’rnatilgan. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan mehmonlar yuzidagi quvonch va samimiy munosabat Surxondaryo vohasida milliy o’zligimizni keng namoyon etadigan, dunyo xalqlarini milliylikni ulug’lash bo’yicha yagona maqsad, yagona maslak sari birlashtiradigan ulug’ bayram boshlanayotganidan darak beradi.

Аsrlar davomida hayotning turli sinovlaridan o’tgan bu qadimiy yurtning yuksalish yo’llariga guvoh bo’lib kelayotgan Аmudaryo bo’yiga oqshom cho’kadi. Muhtasham San'at saroyi hududidagi 32 gektarlik maydonda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning o’tmishdagi turmush tarzi hamda bugungi obod va farovon hayoti o’z ifodasini topgan etnografik shaharcha barpo etilgan.

Shaharchadagi mo’'jaz sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folьklor-etnografik jamoalarining chiqishlari namoyish etilmoqda. Xorijlik sayyohlar hunarmandlar ko’rgazma-yarmarkalarida qadimiy so’zana va liboslar, gilamlar, milliy cholg’ular, sopol buyumlar namunalari bilan tanishish, yurtimizning turizm salohiyatiga bag’ishlangan mehmon uylarida oilaviy marosimlarni ko’rish imkoniga ega bo’ladi.

Qadimiy tariximiz ramzi hisoblangan qo’rg’onlar maketi, xorazmcha cho’girmalar, o’zbekona mehmondo’stlikning ramzi bo’lgan so’rilar, tuyalar karvoni milliy madaniyatimizning boy ildizlaridan darak beradi.

Surxondaryo viloyatiga ajratilgan maydon, ayniqsa, xorijlik va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlarda katta qiziqish uyg’otmoqda. Termiz shahri va tumanlar tomonidan o’rnatilgan o’tov uylar ming yillardan buyon baxshi-shoirlarga beshik bo’lib kelayotgan vohaning o’ziga xos qiyofasini aks ettiradi. Har bir hududning urf-odat va an'analari, rang-barang musiqa asboblari, libos va taqinchoqlar festivali ishtirokchilarning hayratini oshiradi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o’tkazish to’g’risida”gi qarori va ushbu san'at anjumanini Termiz shahrida o’tkazish borasidagi tashabbusidan keyin viloyat markazida qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 80 milliard so’mdan ortiq mablag’ evaziga Termiz aeroportining yangi binosi qurildi. Termiz temir yo’l vokzali tubdan ta'mirlanib, mehmonlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Ikki yilda bir marta tashkil etiladigan festivalning asosiy tadbirlari o’tadigan San'at saroyi hududida zamonaviy yig’ma sahna barpo etilib, keng maydonga xalqimizning ulug’ ma'naviy obidasi – “Аlpomish” dostoni sharafiga muazzam haykal o’rnatildi.

Soat 18.40. Termiz, muhtasham San'at saroyi maydoni.

Mahobatli amfiteatr tegrasida ishtirokchi davlatlarning bayroqlari hilpiraydi. Sahna ortida o’ziga xos dekoratsiyada qad ko’targan Ko’hitang tog’lari bizni xayolan Аlpomish zamoniga yetaklaydi. 

Аnjuman ishtirokchilari va tomoshabinlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni qarsaklar bilan kutib oladi.

So’z O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga berildi.

Davlatimiz rahbari folьklor san'ati, ta'bir joiz bo’lsa, insoniyatning buyuk va bebaho boyligi hisoblanishini, mana shunday noyob san'at ayni paytda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko’p joylarda unutilib ketayotgani, uni himoya qilish bugungi avlodlar uchun ham farz, ham qarz ekanini ta'kidladi.

Sahnada sibizg’a ovozi yangradi. Xalqaro baxshichilik san'ati festivalining ochilishiga bag’ishlangan teatrlashtirilgan kontsert dasturi davom etmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net