TAʼLIM SOHASIDAGI ISLOHOTLARNI DAVOM ETTIRISH – USTUVOR VAZIFA

20.04.2023 15:49

Oʻzbekistonda soʻnggi yillar davomida Harakatlar strategiyasi va uning mantiqiy davomi sanalmish Taraqqiyot strategiyasi doirasida, rivojlangan davlatlar kabi uzluksiz taʼlim tizimini muntazam takomillashtirib borish, sifatli taʼlim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha sezilarli islohotlar amalga oshirildi.

Ushbu islohotlar uchun davlat byudjetidan xarajatlar soʻnggi 6 yilda 4,3 baravarga oshirildi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 2016-yildagi 5211 tadan 2021-yilga kelib 19316 taga, maktablar soni 9719 tadan 10289 taga yetkazildi, 11 yillik majburiy maktab taʼlimi qayta tiklandi, maktab oʻqituvchilarining ish yuklamasi maqbullashtirildi va majburiy mehnatga barham berildi. Taʼlim sohasi vakillarining oylik maoshi qariyb 4 baravarga oshirildi, OTM soni 70 tadan 191 taga yetkazildi,  oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning ikki pogʻonali tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (Doctor of Science) tizimi joriy etildi.

Taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy maʼlumotli oʻqituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.

Sohada islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2026-yilga qadar Taraqqiyot strategiyasi doirasida maktabgacha taʼlimda qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrnini yaratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan ijobiy amaliyotni  2023/2024 oʻquv yilidan qolgan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etish koʻzda tutildi. Shuningdek, oliy taʼlimda qamrov darajasini 50 foizga, nodavlat OTMlar sonini kamida 50 taga yetkazish belgilab olindi.

Yuqorida keltirilgan islohotlarni yanada mustahkamlash va bardavom boʻlishini taʼminlash, konstitutsiyaviy qonunchilikda yoshlarning uzluksiz taʼlim olishga boʻlgan imkoniyatlarini mustahkamlashni taqozo etmoqda.

Shuni inobatga olgan holda, yangilanayotgan Konstitutsiyada ilk marotaba bogʻcha yoshidagi bolalarning taʼlim va tarbiyasi sohasidagi davlat kafolatining joriy etilishi, bolaning oʻrta taʼlim olishi majburiyligi va davlat tomonidan bepul taʼminlanishi,  fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishi kabi qoʻshimchalar bilan toʻldirilmoqda.

Taʼlim sohasida davlatning alohida majburiyatlari sifatida imkoniyati cheklangan bolalarning sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlari nazarda tutilgan boʻlib, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanishi haqida ijtimoiy norma kiritilmoqda.

Yuqoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun taʼlim berish sifatiga eʼtibor berish va ushbu sohada ishlashning jozibadorligini doimiy ravishda oshirishib borish zarur. Zero, millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish oʻqituvchilar faoliyatiga bogʻliq. Oʻqituvchi ilm-fan sirlari, maʼnaviy va madaniy merosni yoshlarga yetkazishda muhim boʻgʻin hisoblanadi. Demak, oʻqituvchilarga oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash darkor.

Shu bois, Konstitutsiyaga oʻqituvchining jamiyatdagi maqomiga bagʻishlangan alohida modda kiritilmoqda. Oʻzbekistonda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi mustahkamlanmoqda. Davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi nazarda tutilmoqda.

Oʻz navbatida, mazkur yangilik mamlakatda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq pedagogning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini kuchaytirish va kasbiy oʻsishini taʼminlash imkoniyatini yaratadi.

Xulosa shuki, inson kapitali sifatini oshirmasdan turib, keyingi iqtisodiy oʻsishni taʼminlash qiyin kechadi. Shu bois, zarur kuch va resurslarni taʼlim sifatini oshirishga, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirish nafaqat bugun, balki ertaning ham ustuvor vazifasiga aylanmoqda.

Shu boisdan ham, har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yoʻldagi ulugʻvor maqsad va vazifalarini, avvalo oʻz Konstitutsiyasida mustahkamlaydi. Bunga esa, aslo shubha yoʻq.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

ijrochi direktori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net