O?ZBEK PROFESSIONAL BOKSCHILARI NAVBATDAGI REYTING JANGLARIGA TAYYOR

15.05.2019 11:56

Bugungi kunda xalqaro miqyosda boks haqida gap ketar ekan, ushbu sport turini bilgan va unga qiziqqan kishi borki, O‘zbekistonni, uning dunyoga dong‘i ketgan sportchilarini yaxshi biladi.

2016-yili Braziliyaning Rio-de-Jeneyro shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Shahobiddin Zoirov va Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi “AIBA Pro Boxing” kamari sohibi Xurshid Tojiboyev ana shunday taniqli bokschilarimizdandir.

Ushbu sportchilarimiz 2018-yili Buyuk Britaniyaning “MTK Global” menejerlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, havaskorlar safidan professional boksga o‘tdi va bugungi kunda ringdagi zafarli yurishlarini davom ettirmoqda.

18-may kuni Daniyada tashkil etiladigan navbatdagi reyting janglarida qatnashadigan yosh iqtidorli bokschilarimiz shu kunlari Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida so‘nggi tayyorgarlik bosqichini o‘tayapti.

Mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular mashg‘ulotlar o‘tayotgan sport majmuasida bo‘ldi.

- Xurshid va Shahobiddinning jismoniy va ruhiy holati yuqori darajada, - deydi “MTK Global” kompaniyasi menejeri Mirko Volf. – Bu esa oldimizda turgan musobaqada ular yuqori natijaga erishadi, deyishimiz uchun yaxshi asos bermoqda.

Bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot chog‘ida yosh bokschilarimiz navbatdagi janglarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz va ijobiy natijalar bilan qaytishga ahd qilganini bildirdi.

Diplomatik missiya xodimlari “MTK Global” kompaniyasi vakillari bilan suhbatlashib, O‘zbekistonda boksni yanada rivojlantirish, yosh avlodni mazkur sport turiga qiziqishini oshirish hamda havaskor sportchilarimizni xalqaro darajadagi yetuk professionallar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish qaratilgan yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur kompaniya sportning boks va MMA yo‘nalishlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlovchi va ularning professional yo‘nalishdagi faoliyatini rivojlantiruvchi yirik promouterlik tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya jahonning 150 dan ortiq taniqli sportchilari bilan shartnomalar imzolagan. Ikki yo‘nalish bo‘yicha jahon chempionlari Tayson Fyuri va Karl Frempton, MMA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Tarxan Ibrohimov shular jumlasidandir.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net