Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston va Osiyo futbol konfederatsiyasi o'rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

05.04.2024 02:57

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) bosh kotibi Vindsor Jon bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida O'zbekiston va OFK o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

 Xususan, konfederatsiya tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga O'zbekiston vakillarini taklif etish, futbol akademiyalari o'rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish, yosh futbolchilar ishtirokida o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazish, O'zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish uchun murabbiy va mutaxassislarni tajriba almashish uchun mamlakatimizga jalb qilish masalalari xususida fikr almashildi.

Xorij tomoniga so'nggi yillarda mamlakatimizda futbol sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan O'zbekistonda havaskor va professional futbolni har tomonlama rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etish, o'qitish bazasini takomillashtirish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Vindsor Jon o'z navbatida, O'zbekiston va konfederatsiya o'rtasida sermahsul hamkorlik olib borilayotganini va mamlakatimizda futbol jadal sur'atlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi. OFK bosh kotibi ushbu muvaffaqiyatlar zamirida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan futbolga qaratilayotgan yuksak e'tibor turganini alohida qayd etdi.

Tadbir yakunida OFK bosh kotibi bilan muhokama etilgan masalalar bo'yicha kelgusidagi rejalar kelishib olindi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan. Unga qit'adagi 47 ta milliy futbol assotsiatsiyalari, shu jumladan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi a'zo hisoblanadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net