/“Dunyo” AA/. Toshkent o‘tkazilgan «Central Asia Chess Cup 2023» xalqaro shaxmat musobaqasi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sovrin jamg‘armasi 18 ming dollarni tashkil etuvchi ushbu musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondan jami 57 nafar shaxmatchi dona surdi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘argan O‘zbekiston vakili Shamsiddin Vohidov turnir bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin ham vatandoshimiz Ortiq Nig‘matovga nasib etdi. Qozog‘istonlik aql gimnatikachisi Azamat Utegaliyev esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda o‘zbekistonlik shaxmatchi Nilufar Yoqubboyevaga teng keladigan raqib topilmadi. U 5,5 ochko bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Jamoaviy hisobda 1-o‘rin O‘zbekiston terma jamoasiga nasib etdi. Qozog‘iston va Tojikiston shaxmatchilari mos ravishda ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni band etdi.