/“Dunyo” AA/. Chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yil 6-12 yanvar kunlari Osiyo chim ustida xokkey federatsiyasi tomonidan O‘mon poytaxtida yoshlar o‘rtasida (U-21) o‘tkazilgan litsenzion musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Jami 10 ta terma jamoa ishtirok etgan ushbu turnirda O‘zbekiston vakillari 4-o‘rinni egallab, shu yilning may oyida O‘monning Salala shahri mezbonlik qiladigan chim ustida xokkey bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3-o‘rin uchun kechgan bahsda musobaqa favoritlaridan hisoblangan Tailand jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Keskin va murosasiz o‘tgan o‘yinning asosiy vaqti durang - 2-2 hisobi bilan yakunlandi. Uchrashuv g‘olibini aniqlashda hal qiluvchi bulitlarda omad tailandliklarga kulib boqdi.