/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yil 12-22 yanvar kunlari AQSHning Leyk-Plesid shahrida o‘tkaziladigan XXXI Butunjahon qishki Universiada o‘yinlarida qatnashadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, musobaqada delegatsiyamiz figurali uchish, tog‘ chang‘isi va snoubord turlarida 13 nafar sportchi bilan ishtirok etadi.
Ertaga musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Hamyurtlarimiz 13 yanvardan eʼtiboran musobaqadagi ishtiroklarini boshlashadi.
Butunjahon qishki Universiada o‘yinlarida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan sportchilar ishtirok etadi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi tog‘ chang‘isi, snoubord va figurali uchish sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.