“Dunyo” AA/. 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab «Yangi nafas» yugurish musobaqalari o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bugun Toshkent shahar hokimligida ushbu musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi, Yengil atletika federatsiyasi va Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 1991 yil 18 noyabrdan buyon sportchilar mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonda baland ko‘tarib kelmoqda.
Ushbu sana arafasida tashkil etilayotgan yugurish musobaqalari bir vaqtning o‘zida respublikamizning to‘rtta shahrida bo‘lib o‘tadi. Butun yurtimiz bo‘ylab 30 mingga yaqin ishtirokchi «Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda - birga yuguramiz» yagona shiori ostida birlashadi.
Ommaviy yugurish musobaqalari O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus taʼlim, Sportni rivojlantirish vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz”, Triatlon federatsiyasi, Yengil atletika federatsiyasi va boshqa tashkilotlar ko‘magida tashkil etilmoqda.
- Barcha shaharlar uchun «Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqalarining yagona uzunligi 3 kilometrni tashkil qiladi. Ushbu uzunlik har qanday tayyorgarlik darajasiga ega ishtirokchi uchun optimal masofa hisoblanadi, - dedi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov. - Tajribali yuguruvchilar uchun dasturga 12 kilometr uzunlikdagi masofa kiritilgan. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, ushbu musobaqada professional sportchilar ishtirok etmaydi. Bahslar faqat oddiy fuqarolar, oilalar va talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslarda 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan havaskor atletlar munosib taqdirlanadi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan vatandoshlarimiz uchun ham alohida nominatsiyalar joriy qilingan.
Qayd etilishicha, nogironligi bo‘lgan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay ishtirokini taʼminlanlash maqsadida Adliya vazirligi ko‘magida har bir shaharda alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Poytaxt hokimligi mutasaddilarining maʼlum qilishicha, Toshkent shahrida yugurish musoabaqalari uchta nuqtada bo‘lib o‘tadi. Asosiy musobaqalar «Xumo Arena» sport majmuasi hududida 3 km. masofada o‘tkaziladi. Unda 9 yoshdan yuqori bo‘lgan barcha ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, «Yangi O‘zbekistan» va “Ashxobod” bog‘larida ham bahslar tashkil etiladi. Xususan, “Axshobod” bog‘ida tashkil etiladigan bahslarda faqat oilaviy jamoalar ishtirok etishi mumkin. Ushbu bahslar 1,5 km. masofada bo‘lib o‘tadi.
Ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkazilagan kun barcha hududlarda konsert dasturlari va qator ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Davlat bayrogi kuniga bag‘ishlab ommaviy fleshmoblar tashkil etiladi.
Maʼlumot uchun, «Yangi nafas» musobaqalari aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy harakat hisoblanadi. Mazkur ommaviy yugurish musobaqalari 2019 yildan beri muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston bo‘ylab xayriya aksiyalari va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.