Yangilanayotgan Konstitutsiya –chinakam xalq Konstitutsiyasi, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning huquqiy poydevori

06.12.2022 17:21

Insoniyat tarixiga nazar tashlar ekanmiz, farovon jamiyat barpo etishni orzu qilgan, inson qadri aziz boʻlgan adolatli davlat qurishni oʻz oldiga maqsad qilgan har qanday xalq davlat va huquq taraqqiyotining mashaqqatli va sharafli yoʻlini bosib oʻtganiga guvoh boʻlamiz.

Soʻnggi yillarda xalqimiz yangi ulugʻvor marralar sari sobit qadamlar tashlagancha barcha toʻsiq va qiyinchilik­larni yengib oʻtib, mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy sohalardagi izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Bugun Yangi Oʻzbekiston demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinlik­lari borasida umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan, bosh maqsadi xalq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatga aylandi.

Shunday ezgu maqsadlardan biri aholining keng qatlami va saylovchilar xohish-irodasi boʻlmish konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat boʻldi. Negaki davlat va jamiyatda tub oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir paytda tabiiy ravishda Konstitutsiyaga jiddiy oʻzgartirish­lar kiritish taqozo etiladi. Zero, har qanday demokratik islohotlar chin maʼnoda xalqchil konstitutsiyaviy asosga ega boʻlsagina, yanada bardavom boʻladi, koʻzlangan ezgu maqsadlarga erishadi.

 

Xalq — Konstitutsiya ijodkori

Prezidentimiz joriy yilning 20-iyunida Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim ekanini alohida taʼkid­lab oʻtgan edi.

Bu ayni haqiqatdir. Zero, har qanday Konstitutsiya hayotiy boʻlishi lozim, yaʼni u mamlakatning ijtimoiy va huquqiy voqeliklariga, xalqning orzu-umidlari va kelajak istiqboliga, xususan, zamon talabiga mos kelishi kerak.

Davlatimiz rahbari yangilanayotgan Konstitutsiyamiz “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamo­yillarga asoslanib ishlab chiqilsagina, tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻlishini alohida taʼkidladi.

Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliya­tini aynan shu koʻrsatmalarga hamda ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga tayangan holda amalga oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati, xorijiy olimlar va ekspertlar ham yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom maʼnoda Oʻzbekiston xalqi ekanini alohida ­eʼtirof etmoqda.

Aholining talab va istaklarini inobatga olgan holda hamda konstitutsiyaviy qonun loyihasini xalqimiz bilan har tomonlama muhokama qilish, loyihani pishiq-puxta maromiga yetkazish maqsadida umumxalq muhokamasini oʻtkazish muddati ikki marta uzaytirildi. Negaki har bir fuqaroning qalbidan joy olgan, uning huquq va erkinligini toʻliq kafolatlagan xalqchil Konstitutsiyani yaratish chuqur ilmiy-amaliy tahlilni, munozara, mulohaza va muayyan vaqtni talab qiladi.

Deputatlar tomonidan hududlarga chiqib, davlat va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshu keksa ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, bu boradagi milliy va xalqaro darajadagi anjumanlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish va uning muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan umumxalq muhokamasi jarayonida “1341” raqamli koll-markaz, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platfor­masi hamda jamoaviy takliflar asosida jami 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Bu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi esa anonim tarzda bildirilgan. Unda xorijdagi vatandoshlar yuborgan takliflar ham inobatga olingan va ilmiy hamjamiyat ishtirokida muhokama qilinib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etilgan. Eng dolzarb takliflar qonun loyihasida oʻz aksini topmoqda.

Oʻz navbatida, konstitutsiyaviy qonun loyihasini qonunchiligimizga toʻla mos ravishda tashkil qilingan umumxalq muhokamasi fuqarolar konstitutsiya­viy islohotlar, mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning tashabbus­kori va faol ishtirokchisi boʻlib borayotganini koʻrsatmoqda.

Qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamasi bosqichi tugallanganiga qaramay, fuqarolar hamda keng jamoat­chilik tomonidan Konstitutsiyaning turli moddalarini takomillashtirish va unga qoʻshimchalar kiritish boʻyicha shu kungacha 2,5 mingdan ortiq taklif yuborilgan boʻlib, ayni paytda takliflar kelishi davom etmoqda hamda ular deputatlar tomonidan puxta oʻrganilmoqda. Tahlillar koʻrsatmoqdaki, aholimiz mening Konstitutsiyam mening haq-huquqimni himoya qilsin, farovon kelajak sari intilishimga huquqiy jihatdan yoʻl ochsin, deyapti. Shu bois, konstitutsiyaviy qonuni loyi­hasini tayyorlashda amaldagi Konstitutsiyada bizga nima toʻgʻri kelmaydi, undan nimani saqlab qolish lozim, qanday yangi oʻzgartirish kiritish kerak, u xalqimizni huquq va erkinliklarini nechogʻliq taʼminlab beradi, yoshlarimizning talab-ehtiyojlari, qolaversa, kelajakdan umidlari qanday, degan qator dolzarb savollarga javob berishi zarur boʻladi.

Binobarin, har tomonlama mukammal, xalqchil, aholining turli qatlamlari vakillarining muammolari yechimiga kafolat boʻla oladigan Kons­titutsiyani yaratish uchun xalq bilan bamaslahat ish olib borish kerak. Toki, har bir fuqaro bu bizning Konstitutsiyamiz, uning muallifi — biz, deb baralla ayta olsin.

 

Konstitutsiyaviy ijodkorlik: jamoatchilik va fuqarolik jamiyati ishtiroki

 

Nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari”ning konstitutsiya­viy islohotlardagi faol ishtirokini eʼtirof etish lozim.

Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik, xususan, fuqarolik jamiya­ti institutlari ishtiroki — chinakam xalq Konstitutsiyasi garovi.

Negaki “Inson — jamiyat — davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish adolatli va ochiq fuqarolik ­jamiyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, uning ins­titutlari roli va mavqeini oshirish ­bilan uzviy bogʻliqdir.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda qayd etilgan tavsiyalar, YEXHTning, jumladan, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi, Asosiy huquqlar boʻyicha Yevropa Ittifoqi xartiyasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida jamiyatning barcha qatlamlari vakillarini davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish boʻyicha qabul qilingan xalqaro va mintaqaviy huquqiy hujjatlar alohida hisobga olindi.

Fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil etish va ular faoliyati asoslarini konstitutsiyaviy jihatdan tartibga solishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari roli va ahamiyatini tubdan oshirish boʻyicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrildi. 200 dan ortiq akt, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda.

Natijada oxirgi besh yil davomida nodavlat notijorat tashkilotlar soni 22 foiz oshdi, jumladan, respublika boʻyicha 200 ga yaqin yirik nodavlat notijorat tashkilot faoliyat boshladi. Bugungi kunda ushbu fuqarolik jamiyati institutlari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniya­tini oshirish, jamiyatda bagʻrikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakl­lantirish, barqaror rivojlanishning eng asosiy vazifalari ijrosida muhim rol oʻynamoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi koʻrsatadiki, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida keng jamoatchilik ishtiroki katta ahamiyatga ega. Masalan, 2022-yil 29-sentyabr kuni Toshkentda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va BMT Bolalar jamgʻarmasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi ishtirokida oʻtkazilgan “Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik ishtiroki: milliy va xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari qabul qilgan hujjatda Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar milliy oʻzlikni anglash va siyosiy, ijtimoiy-maʼnaviy taraqqiyot garovi ekani, ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari oʻrni va maqomi eʼtirof etildi. “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” tamoyilini kons­titutsiyaviy mustahkamlash masalasi ham anjuman ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Zero, mazkur omil xalqparvar davlatni bunyod etishning eng muhim shartidir.

 

Konstitutsiyaviy islohotlar: xalqaro va xorijiy tajriba

 

Konstitutsiyaviy islohot barqaror rivojlanishning zarur yuridik zamini, deyish mumkin. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinligini toʻliq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak.

Ilgʻor konstitutsiyaviy tajribani oʻrganib, puxta oʻylagan holda, bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish Konstitutsiyaviy komissiyaning muhim vazifalaridan biri boʻldi. Negaki jahon amaliyoti islohotlarni izchil amalga oshirishda aynan jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini rivoj­lantirish muhim ahamiyatga egaligini koʻrsatyapti.

BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq konvensiya, deklaratsiya, rezolyutsiya hamda konstitutsiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba oʻrganib chiqildi, 193 mamlakat Konstitutsiyasi, konstitutsiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi.

Darhaqiqat, jahon tajribasini sinchiklab tahlil qilar ekanmiz, bugun dun­yoda hech bir davlatning Konstitutsiya­si ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolinmaganiga guvoh boʻlamiz. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi,
57 tasida yangisi qabul qilindi. Bu borada eng koʻp oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritgan oʻn mamlakat sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.

Turli mamlakatlardagi konstitutsiya­viy oʻzgartishlar, asosan, tashqi hamda ichki tahdid va xatarlarni inobatga olgan holda, ularga javob berishga qaratilgani bilan oʻzaro oʻxshashligini taʼkidlash joiz. Zamonaviy konstitutsiya­lar bundan yuz yil oldin unchalik koʻzga tashlanmagan yangidan-yangi — atrof-muhit, gender tenglik, inson, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi dolzarb masalalarni qamrab olgan.

Xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil etish va oʻrganishlar asosida “Jahon konstitutsiyalari”, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar konstitutsiyalari”, “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” (5 jildlik) kabi
10 dan ziyod asar yaratildi. Ular asosida konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Res­publikasi Milliy markazi tomonidan “Jahon konstitutsiyalari” nomli ilmiy-tahliliy toʻplam oʻzbek tilida nashr qilingani esa ayni muddao boʻldi.

Kitobxonlar eʼtiboriga havola etilgan toʻplam jahonning eng ilgʻor 11 davlati — AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Italiya, Polsha, Chexiya, Iordaniya, Slovakiya, Fransiya, Yaponiyaning konstitutsiyaviy tuzumi toʻgʻrisidagi qisqacha ocherklar va konstitutsiyalarning rasmiy matnidan tashkil topgan. Har bir ocherkda mamlakat nomi, hududi, aholisi, diniy eʼtiqodi, davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari haqida qisqacha tahliliy maʼlumotlar keltirilgan.

“Jahon konstitutsiyalari” kitobini yaratishdan bosh maqsad Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida jamoatchilikni dunyo mamlakatlari konstitutsiyalari bilan tanishtirishdan iborat, — deb yozilgan toʻplamning kirish soʻzida. Zero, Konstitutsiya muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida insoniyat tamaddunining yutugʻi, umuminsoniy qadriyat va demo­k­ratik taraqqiyotning yuridik asosidir.

Hozir zamonaviy konstitutsiyalarda axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish kabi elementlarni joriy etish ­masalalari ham alohida eʼtirof etilmoqda. Toʻplam mualliflari kitobxon diqqat-eʼtiborini aynan shu masalalarga qaratishga muvaffaq boʻlgan.

Oʻzbek tilida nashr etilgan “Jahon konstitutsiyalari” ilmiy-tahliliy toʻp­lami mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni jahon tajribasi asosida amalga oshirishda oʻziga xos ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi.

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi: jamoatchilik ekspertizasi

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mus­taqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba fuqarolik institutlarining bevosita ishtiroki va tashabbusi asosida ­jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, xususan, nogironligi bor shaxslarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat qurish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish kabi qator yoʻnalishlar hamda aksilkorrupsiya va lingvistik ekspertizalardan oʻtkazildi. Jamoatchilik ekspertizalarida 300 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilot ishtirok etdi.

Fuqarolik jamiyati institutlari takliflari, jumladan, “Inson shaʼni va qadrini ulugʻlash”, yangi “Inson — jamiyat — davlat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish, xalqchil, adolatli va ijtimoiy davlat qurish, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlash, bolalar, xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslar erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ekologik muammolarni hal etish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga qamrab oldi.

Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning turli jabhalariga bagʻish­langan 6 ta respublika va 10 dan ortiq xalqaro forumda jamoatchilik ekspertizasi materiallari sinovdan oʻtkazildi va konstitutsiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bu boradagi barcha tadbirlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 200 dan ortiq taklif ishlab chiqilib, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni shakllantirish uchun Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi.

Jamoatchilik ekspertizasi jamiyat va davlat taraqqiyotining “Inson — jamiyat — davlat”, “Inson shaʼni va qadr-qimmati yoʻlida” degan yangi paradigmasi, tamoyillari prizmasi orqali amalga oshirildi.

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspertlar nigohida

 

Konstitutsiyaviy komissiya taklifiga asosan, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitutsiya­viy islohot hamda konstitutsiyaviy qonun loyihasining turli yangiliklariga bagʻishlangan 100 dan ortiq milliy va
40 dan ziyod xalqaro forum, jamoatchilik maslahatlashuvi nafaqat mamlakatimizda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabis­toni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabilarda) ham oʻtkazildi.

Ularda konstitutsiyaviy islohotlar va Konstitutsiyamiz yangilanishi ­jarayonida “Inson — jamiyat — davlat” tamoyilini amalga oshirish, nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy davlat qurish, xususiy mulkni, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi. Bu tadbirlarda xalqaro ekspertlar, parlament aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar ishtirok etib, konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlar borasida ijobiy fikr-mulohazalari hamda amaliy tavsiyalarini berdi.

Xususan, 2022-yil 20-iyul kuni “Nogironlar huquqlarining dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida aks ettirilishi” mavzusida xalqaro jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Undan maqsad aholining zaif qatlamlari huquqlarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro tajribani oʻrganish, nogironlar huquqlarini kafolatlovchi tamoyillarning dunyo konstitutsiyalarida aks ettirilishi, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Bu jarayonda qator xorijiy davlatlar konstitutsiyalari tahlil qilindi va konstitutsiyaviy qonun loyihasiga nogironlarning huquqini taʼminlashga qaratilgan 20 ga yaqin taklif bildirildi.

 

BMT va Konstitutsiya

 

Hozir Oʻzbekistonning BMT va uning barcha tuzilmalaridagi faolligi, qolaversa, nufuzi har qachongidan yuqori. Bugun mamlakatimiz BMT bilan yaqin hamkorlikda 200 dan ortiq loyihani amalga oshirmoqda.

Birgina 2022-yilning oʻzida Oʻzbekis­ton tashabbusi bilan tayyorlangan oltita hujjat BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bu Buxoro deklaratsiyasi; Gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha Xalqaro koʻp funksiyali transport va logistika markazini tashkil etish toʻgʻrisida; Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining oʻn yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi kabilardir.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. Bundan tashqari, BMTning Orolboʻyi boʻyicha trast jamgʻarmasi tashkil etildi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNESKO, YUNISEF, UNIDO, FAO va global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.

Oʻzbekiston konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida BMT bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Masalan, BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Oʻzbekis­tondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan xalqaro davra suhbatida 40 dan ortiq davlatning Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mintaqalaridagi missiyalari doimiy vakillari va ekspertlari, shuningdek, BMTning turli tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston tarixidagi noyob tajriba — konstitutsiyaviy qonun umumxalq muhokamasidan oʻtkazilayotgani, konstitutsiyaviy islohot millati, dini, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning manfaatlariga mos kelishi, islohotning inklyuzivligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar alohida ­eʼtirof etildi.

Xususan, Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Ya.Aliyev va Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Sh.Mitsuta Konstitutsiyaviy komissiyaning konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani chuqur oʻrganish faoliyatini yuqori baholadi. U referendum orqali xalqning ­qoʻllab-quvvatlashi bilan konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga qatʼiy ishonch bildirdi.

Germaniyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi maslahatchisi M.Koll Konstitutsiyani yangilashda Oʻzbekiston tomonidan qoʻllanilayotgan yondashuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini taʼminlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.

Mazkur xalqaro davra suhbati ishtirokchilari Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar BMTning 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibi maqsadlari bilan uygʻun ekanini alohida qayd etdi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning taʼkidlashicha, BMTning Jenevada (Shveysariya)gi qarorgohida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etgan 30 dan ortiq xalqaro tashkilot tomonidan mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar ijobiy baholangan va qoʻllab-quvvatlanmoqda.

M.Chungong konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ayollar va qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish ekaniga alohida eʼtibor qaratdi. Konstitutsiyamizga taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi norma hamda tamoyillariga toʻliq mosligiga urgʻu berdi.

Barcha tadbirlar boʻyicha yakuniy hujjatlar qabul qilinib, Konstitutsiyamiz va qonunchilikni takomillashtirish masalalari tahlil etildi, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhlari va takliflari olindi.

Qator halqaro tashkilotlar va ­ekspertlar konstitutsiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi BMTning konstitutsiyaviy islohotlarni oʻtkazish borasidagi tegishli tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, ­“Xalq —­ qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga toʻla-toʻkis rioya qilingan holda amalga oshirilgan, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ushbu konstitutsiyaviy qonunning umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlamoqda.

 

Konstitutsiya va OAV

 

Aholiga konstitutsiyaviy qonun loyi­hasini keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda har bir moddaning keng muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini oʻrganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya oʻrtasida mustahkam aloqani taʼminlashda minglab jurnalist va bloger ishtirok etmoqda.

Muhokamalarda “eng qiyin”, “noqulay”, avval “oʻta nozik” koʻrilgan turli masalalar ham, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy sohaga yoki ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarga taalluqliligidan qatʼi nazar, oʻrtaga tashlandi. Jamiyatdagi fikrlar va gʻoyalar xilma-xilligi, ular orasidagi raqobat yaqqol namoyon etildi.

Soʻzsiz, bu ham oʻziga yarasha bir indikator boʻlib, Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi haqiqiy xalq Kons­titutsiyasi ekanini taʼminlashga hamda har bir moddani aholi fikrini inobatga olib, sayqallashga xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati ikki yoʻnalishda faoliyat yuritmoqda. Birinchi yoʻnalishda konstitutsiyaviy islohotlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilmoqda. Davlat va nodavlat telekanallar, radiokanallar, bosma nashrlarda Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarni koʻrib chiqish jarayonlari, turli soha vakillari ishtirokida intervyu, davra suhbatlarini tashkil etish boʻyicha mediareja ishlab chiqildi va u asosida medialoyihalar tashkil qilinmoqda.

Xususan, 20-maydan 18-noyabrga qadar davlat telekanallarida 7401,  nodavlat telekanallarda 7167, jami 14 ming 568 lavha, intervyu, informatsion va maxsus koʻrsatuv efirga uzatildi.

Davlat radiokanallarida 2151, nodavlat radiokanallarda 1947, jami 4098 informatsion va maxsus eshittirish tashkil qilindi.

Markaziy bosma nashrlarda 786, hududiy bosma nashrlarda 584, jami 1370  maqola chop etildi.

Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari va ekspertlarning OAVda muntazam chiqishlari tashkil etilmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan internet nashrlarida 7726 ta, “Telegram”, “Facebook”, “Instagram”, “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda 52 ming 550 ta, jami 60 ming 276 ta axborot materiali eʼlon qilindi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va www.meningkonstitutsiyam.uz internet portaliga komissiya faoliyati hamda konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan axborotlar berib borilmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida shu kungacha jami 1095 dan ortiq axborot materiali (oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida) joylashtirildi.

Ikkinchi yoʻnalishda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan tashkiliy chora-tadbirlar va monitoring tahlil ishlari amalga oshirilmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlarni targʻib qilishga qaratilgan 550 dan ortiq reportaj, videorolik tayyorlanib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi taʼminlanmoqda. Shuningdek, komissiya, komissiya huzuridagi guruhlar ish jarayonlari, Matbuot xizmati faoliyati hamda fuqarolardan takliflar kelib tushishi jarayonlari aks etgan 95 ta “Backstage” reportaj suratga olinib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilinmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, bu borada soha mutaxassislari, komissiya aʼzolari, qolaversa, faol jamoatchilik vakillari bildirgan fikr-mulohazalari bilan mushtariylarni tanishtirib borish maqsadida “Konstitutsiyaviy islohotlar gazetalar nigohida” tahliliy sharhlarining 14 soni tayyorlandi va keng yoritilishi tashkil qilindi (oʻzbek va qoraqalpoq tillarida).

Jumladan, www.meningkonstitutsiyam.uz internet portalida roʻyxatdan oʻtish va takliflarni yuborish boʻyicha maxsus videoqoʻllanma tasvirga olinib, yoritilishi, davlat va nodavlat telekanallarda targʻib qilinishi natijasida portaldan foydalanuvchilar soni keskin ortib, bugungi kun holatiga koʻra, 73 ming 600 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarga portal foydalanuvchilari tomonidan 15 ming 872 ta izoh hamda 384 ta qoʻshimcha taklif qoldirilgan.

3, 8 va 15-iyun kunlari barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarga oʻz takliflari bilan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol boʻlishga qaratilgan sms-xabarnomalar yuborilishi tashkil qilindi. Mazkur smslar 30 million abonentga yuborildi. Umuman, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida oʻz takliflari bilan faol qatnashgan barcha fuqarolarga minnatdorlik sms-xabarnomalari yuborilmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan internetda eʼlon qilingan axborot materiallari foydalanuvchilar tomonidan 270 million martadan ortiq koʻrilgan va 122 mingdan ortiq izoh qoldirilgan.

“Dunyo” axborot agentligi esa rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan xalqaro darajadagi anjumanlar va xorijiy davlatlar jamoatchiligi fikrlarini, OAVda berilgan maqolalar sharhini muntazam ravishda yoritib bordi.

Umuman, yuqoridagilarni inobatga olib hamda bugungi kunda xalqimiz berayotgan takliflarni, mamlakatimizdagi islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham har tomonlama oʻrganish zaruriyatidan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi konstitutsiyaviy qonunni yanada takomillashtirish borasida qaror qabul qildi.

Akmal SAIDOV,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net