XALQ UMIDLARI YANGI PARLAMENT ZIMMASIGA ULKAN MAS’ULIYAT YUKLAYDI

22.12.2019 14:03

TOSHKENT, 22 dekabr. /"Dunyo" AA/YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Georgiy Sereteli Toshkent shahridagi 882-saylov uchastkasiga tashrifi chog‘ida ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida ana shunday bayonot berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni kuzatish uchun birinchi marta tashrif buyurgan Georgiy Sereteli YXHT DIIHB missiyasi va YXHT Parlament Assambleyasining 250 dan ortiq qisqa muddatli kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.

 

G.Seretelining so‘zlariga ko‘ra, bugungi sana O‘zbekiston uchun o‘ziga xos sinov bo‘lib, saylov jarayonining qonuniyligini ta’minlash, fuqarolarga haqiqiy, erkin va ongli tanlov qilish imkoniyatini taqdim etish o‘ta muhimdir.

 

- Men bugungi saylovdan xalqning umidi katta ekanin his qildim. Bu yangi parlament zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Biz partiya yetakchilari bilan uchrashdik, ularning barchasi puxta saylovoldi dasturiga ega. Endi galdagi vazifa ular o‘z tashabbuslarini qanday amalga oshirishlari bilan bog‘liq. Partiyalar parlamentga berilgan va’dalarga vafo qilish, ularni bajarish uchun qadam qo‘yishi kerak, - deb ta’kidladi G.Sereteli.

 

YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti YXHT yakuniy hujjatiga O‘zbekistondagi siyosiy muhit bahosi, shuningdek, saylov qonunchiligi asoslari tahlili, ovoz berish jarayoni qanday kechgani haqidagi fikrlar va boshqa jihatlar kirishini ta’kidladi. “Biz bugun bo‘lib o‘tayotgan barcha voqealar o‘zbek xalqining hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini istaymiz. Zero saylovlar aynan shu maqsadda o‘tkaziladi”, - dedi G.Sereteli.

 

Eslatib o‘tamiz, YXHT Parlament assambleyasi O‘zbekiston Respublikasidagi saylovlarda birinchi marta ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibiga Assambleyaning 50 ga yaqin vakili, shu jumladan Tashkilotga a’zo mamlakatlar parlamentlari a’zolari, YXHT PA xalqaro kotibiyati a’zolari kiritilgan.

 

Bundan biroz muddat avvalroq, YXHT Parlament Assambleyasining 13 dekabr kungi rasmiy bayonotida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, shu jumladan saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangani munosabati bilan mamlakatga Tashkilotning katta tarkibdagi delegatsiyasi yuborilayotgani xabar qilingan edi. Hujjatda, shuningdek, O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorlik izhor qilingandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net