TOSHKENTDA IYUN' OYIDA MARKAZIY-EVROSIYO TADQIQOTLARI JAMIYATINING MINTAQAVIY KONFERENSIYASI BO?LIB O?TADI

16.01.2020 09:48

VAShINGTON, 16 yanvar. /"Dunyo" AA/. Yevrosiyo mintaqasini tadqiq qilishga ixtisoslashgan olimlarning xalqaro uyushmasi – Markaziy-Evrosiyo tadqiqotlari jamiyati (CESS - Central Eurasian Studies Society) O‘zbekistonda Yettinchi mintaqaviy konferensiyasini o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2000 yil tashkil etilgan Markaziy-Evrosiyo tadqiqotlari jamiyati Elliott xalqaro munosabatlar maktabining tarkibiga kiradi. Mazkur muassasa, o‘z navbatida, xalqaro munosabatlar sohasidagi professional maktablar assosiasiyasining (APSIA) a'zosi bo‘lib, dunyodagi eng ilg‘or tadqiqot markazlari reytingida 34-o‘rinda turadi.

Ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobovning Elliot maktabi huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti direktori Marlen Laurel' bilan uchrashuv chog‘ida erishildi.

CESS xalqaro anjumani ikki yilda bir marotaba mintaqaning eng yaxshi universitetlari maydonchasida o‘tkaziladi hamda iqtisodiyot, siyosatshunoslik, huquqshunoslik, sosiologiya, tarix va antropologiya sohalaridagi yetakchi olimlarni bir davraga to‘playdi. 

Bu yilgi konferensiya Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etiladi. 2020 yil iyun' oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirda 300 dan ortiq Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspertlar, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi tahlil markazlari xodimlari, siyosat va tadbirkorlik sohalaridagi tadqiqotchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Mamlakatimiz olimlari va ekspertlari konferensiya, “davra suhbatlari” va seminarlar doirasida Markaziy Osiyoda savdo qilish va sarmoya kiritish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, integratsiyani rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning muvaffaqiyatli modellarini joriy qilish istiqbollari bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Konferensiyada O‘zbekiston va yetakchi texnologik rivojlangan davlatlar o‘rtasidagi savdo va investisiya aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishi, dunyoning yirik oliy o‘quv yurtlari bilan akademik va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Shuningdek, anjuman doirasida qator sessiyalar o‘tkazish,  turli madaniy dasturlar, jumladan, Markaziy Osiyo hunarmandlarining noyob mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etish rejalashtirilgan.

CESSning Toshkentdagi mintaqaviy konferensiyasida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgan mutaxassislar www.centraleurasia.org /conferences/regional/ veb-resursida ro‘yxatdan o‘tish va ilmiy ishlarni taqdim etish shartlari bilan tanishishi mumkin.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net