TA’SIRCHAN PARLAMENT NAZORATI – SAMARALI IJRO HOKIMIYATI OMILI

20.01.2020 16:14

TOSHKENT, 20 yanvar. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib.

 

O‘tgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti tatbiq qilindi.

 

– Ta’sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini joriy qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmda mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin ularning to‘g‘ri va unumli ishlatilishini nazorat qilish borasida shu hududlardan saylangan deputatlarning ishtiroki deyarli sezilmayapti. Holbuki, joylarda ajratilgan mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.

 

Shu bois xalq vakillari o‘z vakolatiga asoslanib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi zarurligi ta’kidlandi.

 

– Byudjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobоt berishi, barcha idoralar davlat mablag‘ining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi bo‘yicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib bo‘ladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan bo‘ladi, – dedi Prezident.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net