TANA DE ZULUETA: BIZ O’ZBEKISTONDA SAYLOV JARAYONIDA KUZATUVCHILAR CHEKLANMAGANINI OLQISHLAYMIZ

22.12.2019 14:11

TOSHKENT, 22 dekabr. “Dunyo” AA. YXHT demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) saylovni kuzatish bo’yicha missiyasi rahbari Tana de Zulueta saylov jarayonida kuzatuvchilar soniga cheklov yo’qligi O’zbekistonga erkinlik va oshkoralikni namoyish etish imkoniyatini berayotganini ta'kidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

YXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasi rahbari ushbu fikrni Yakkasaroy tumanidagi 882-saylov uchastkasi tashrifi chog’ida bildirgan.

 

Tana de Zulueta ta'kidlashicha, joriy yil 25 noyabr kuni O’zbekistonga kelgan YXHT DIIHB missiyasi mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat olib bormoqda va Markaziy saylov komissiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

 

- Biz erkin ishlashimiz uchun to’liq imkoniyat va sharoit yaratildi. O’zbekistonda saylovni birinchi marta YXHT DIIHB va Parlament Assambleyasining 300 dan oshiq vakili kuzatmoqda. Ular 37 mamlakatdan kelgan, - dedi YXHT DIIHB missiyasi rahbari.

 

Tana de Zulueta 2015 yil birinchi marta YXHT kuzatuvchilar missiyasini boshqargan Prezident saylovidan beri O’zbekistonda ko’p narsa o’zgarganini ta'kidladi.

 

“Mamlakatda Saylov kodeksi qabul qilindi. Bugun YXHT vakillari kodeks normalari amalda qanday bajarilayotganini kuzatmoqda. Tabiiyki, turli mamlakatlarda saylovlar bir-biridan farq qiladi, ammo hamma joyda saylovlarning asosiy tamoyili bitta, ya'ni nomzodlarni fuqarolarning o’zlari tanlaydi”, - dedi u.

 

YXHT DIIHB missiyasi rahbari Tashkilot kuzatuvchilari saylov jarayoniga aralashmasligi, ular faqat ovoz berish jarayonini kuzatishi va agar biron bir qonunbuzarlik kuzatilsa, bu haqda yakuniy hisobоtga kiritilishini qayd etdi. Shu bilan birga, u kuzatuvning dastlabki natijalari 23 dekabr kuni YXHT Parlamenti prezidenti G.Sereteli ishtirokida o’tadigan matbuot anjumanida taqdim etilishini ma'lum qildi.

 

- Missiyamiz a'zolari O’zbekistonda 29 dekabrgacha bo’lishini ta'kidlamoqchiman. Biz saylovdan keyingi jarayon qanday kechishini va umumiy vaziyatga ta'sir qilishi mumkin bo’lgan voqyealarni kuzatamiz. Yakuniy hisobоtimiz kelasi yili e'lon qilinadi, - deb qo’shimcha qildi Tana de Zulueta.

 

Bundan tashqari, Tana de Zulueta ommaviy axborot vositalariga Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo’lib o’tgan uchrashuvdan, O’zbekiston rahbari va xalqining parlament sayloviga berayotgan muhim ahamiyatni ko’rishdan g’oyat mamnun ekanini ma'lum qildi.

 

Ta'kidlash joizki, 13 dekabr kuni YXHT DIIHB missiyasining 25 noyabrdan 10 dekabr kungacha bo’lgan oraliq hisobоti e'lon qilingan edi. Unda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishdagi sezilarli yutuqlar e'tirof etilgan, mamlakat rahbariyatining jamiyat va davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan sa'y-harakatlari ta'kidlangan. Umuman olganda, muhim siyosiy tadbir - saylovga tayyorgarlik jarayoniga ijobiy baho berilgan.

 

Eslatib o’tamiz, 2019 yil parlament saylovida birinchi marta YXHTning barcha asosiy tuzilmalari - DIIHBning keng qamrovli missiyasi, Parlament Assambleyasi vakillari va DIIHB direktori I.Gisladotir qatnashmoqda.

 

Ekspertlar YXHT tomonidan O’zbekistondagi parlament saylovini kuzatish uchun ikkita to’laqonli missiyani (DIIHB va PA) yuborish to’g’risida qilingan qaror Tashkilotning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni tan olgani, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning saylov jarayoniga bo’lgan qiziqishidan dalolat ekanini ta'kidlamoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net