Shu hafta Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi kutilmoqda

22.08.2022 16:26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifingni o‘tkazdi.

An’anaga muvоfiq, tadbir avvalida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berildi.

Xususan, Prezidentimiz 15 avgust kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali so‘zlashdi. 16 avgust kuni davlatimiz rahbari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muloqot qildi.

Endi o‘tgan haftaning eng muhim voqeasi, keng jamoatchilik, xalqimiz tomonidan o‘ta ko‘tarinki ruhda kutib olingan voqea – O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi bo‘ldi.

Shuningdek, o‘tgan hafta yurtimiz sporti yana bir muvaffaqiyatga erishdi. Turkiyaning Ko‘nyo shahrida o‘tkazilgan beshinchi Islom birdamligi o‘yinlarida milliy terma jamoamiz a’zolari 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

Davlatimiz rahbari ushbu musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga tabrik yo‘lladi, shuningdek, ular bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Sherzod Asadov bu haftada kutilayotgan tadbirlar haqida ham ma’lumot berar ekan, boshlangan haftada Prezident ish jadvallari juda tig‘iz ekanini ta’kidladi.

Bugun – 22 avgustda davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zolari Trent Kelli va Derin Laxudni qabul qilish rejalashtirilgan.

Hafta davomida hududlarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish maqsadida Prezidentimizning Samarqand viloyatiga borishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari hafta davomida mamlakatimizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlangan bir qator yig‘ilishlarni o‘tkazadi.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net