ShHT: talqinlar turlicha, umumiy maqsad mushtarak

12.09.2022 18:19

Qadimdan turli millat vakillari uchun tarixiy muloqot maydoni, madaniyatlar ko‘prigi va yaxshi qo‘shnichilikni mustahakamlash maskani sifatida nom qozongan Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston raisligida SHHT doirasida qanday natijalarga erishildi?

Tashkilotning maqsad va vazifalari haqida turlicha talqinlar tarqatilmoqda. Aslida, SHHTning ustuvor maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

Maqolada shular haqida fikr yuritamiz.

Ruhshunoslar inson juda ko‘p hollarda faqat o‘zi xohlagan narsani ko‘rishini isbotlashgan. Voqea va hodisalarni ongli tushunishimizdan tashqarida bo‘lgan ong osti hodisasi atrofimizdagi reallikni aslicha emas, balki o‘zimiz uchun kerakli va qulay tarzda qabul qilishga majburlaydi.

Deyl Karnegining “Bezovtalikdan qanday qutulib yashash mumkin?” kitobida keltirilgan misrada aytilganidek:

“Garchi bitta derazadan qarar,

Birov balchiq, birov yulduzni ko‘rar”...

Shu kunlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining yurtimizda bo‘lib o‘tadigan sammiti ko‘pchilikning diqqat-e’tiborida bo‘lib turibdi. Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbir SHHT yetakchilarining 2019 yildan buyon birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi va O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligiga yakun yasaydi.

Shu munosabat bilan ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalarida SHHTning O‘zbekiston raisligida o‘tgan so‘nggi bir yil mobaynida erishilgan ijobiy natijalar va umuman ushbu tashkilotning keyingi rivojlanish istiqbollari haqida qator maqolalar e’lon qilinmoqda. Bunday tahlillarda mamlakatimizning SHHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘lgani, asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga qaratilgani e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi davrida 80 dan ortiq yirik tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi konseptual hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. SHHT doirasidagi hamkorlik sohalarini mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan bu hujjatlar qatorida transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi, «SHHT Ezgu niyat elchisi» institutini tashkil etish kabi loyihalarni alohida ta’kidlash zarur.

Aksariyat tahlilchilarning fikrlariga ko‘ra, O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslar faqat bunyodkorlik va hamkorlik ruhida bo‘lib, barcha tomonlarning manfaatlariga to‘la javob beradi hamda ularni hayotga tatbiq qilish mexanizmlari puxta ishlab chiqilgan. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida ham tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Lekin, ba’zi ommaviy axborot vositalari tomonidan ekspert, siyosatshunos yoki boshqa sohalarning mutaxassisi sifatida taqdim etilayotgan ayrim mualliflarning SHHTning navbatdagi sammiti munosabati bilan bildirayotgan fikrlari maqola avvalida keltirib o‘tilgan inson psixologiyasidagi “har kim o‘zi xohlagan narsani ko‘rish” hodisasi isbotiga o‘xshab ketadi.

Ayrim tahlilchilar Shanxay hamkorlik tashkilotini g‘arb davlatlari va NATOga qarshi turadigan kuch sifatida talqin qilishga harakat qilishmoqda va bu holat hozirgi go‘yoki “bir qutb”li bo‘lgan dunyoning “ko‘p qutb”liga aylanishiga olib keladi, deyishmoqda.

Masalan, yirik bir axborot agentligi tomonidan publitsist deb ko‘rsatilgan K.Dvinskiy SHHT istiqbollarini quyidagicha ko‘radi: “Bugun G‘arb bosimi ostida bo‘lgan davlatlar atlantik tuzilmalarga qarshi zarba berish uchun yagona iqtisodiy makon va harbiy blokka birlashishlari kerak. Buning eng ma’qul yo‘li – SHHT doirasida birlashishdir”. Bu targ‘ibotchining ta’kidlashicha, Amerikadan boshqariladigan oldingi dunyo parchalanishi aniq bo‘lib, uning o‘rnini Yevroosiyo makonidagi eng qudratli tuzilma bo‘lgan SHHT egallar ekan.

“SHHT nafaqat Shimoliy atlantika shartnomasi tashkiloti – NATOga, balki g‘arb davlatlari qarashiga asoslangan dunyo tartiblariga ham dadil qarshi bormoqda”, deydi Rossiya Xalqaro munosabatlar kengashi direktori A.Kortunov. 

Hatto ayrim rasmiylar ham SHHT “g‘arb tomonidan tiqishtirilayotgan bir qutbli dunyo tartiblariga qarshi turishga qodir bo‘lgan kam sonli tashkilotlardan biri” deyishgacha borishmoqda.

Shu ma’noda, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Samarqandda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi oldidan tashkilot doirasida turli bloklarga qo‘shilmaslik, har qanday uchinchi tomonga qarshi harakat qilmaslik tamoyillariga qat’iy rioya qilinishi lozimligini eslatib o‘tgani bejiz emas.

Aslida ham tashkilotning asosiy dasturi hisoblanuvchi “Shanxay hamkorlik tashkiloti Xartiyasi”da ishtirokchi davlatlarning BMT Nizomi maqsad va tamoyillariga, xalqaro huquqning xalqaro tinchlik, xavfsizlik va davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan umume’tirof etilgan me’yorlariga sodiqligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Ushbu hujjatda, shuningdek, tashkilotining maqsad va vazifalari, faoliyatining asosiy tamoyillari ochiq-oydin ifodalangan. Ishtirokchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmning turli ko‘rinishlari, jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish shular jumlasidandir.

Barqaror rivojlanishga qaratilgan savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hamkorlikni rag‘batlantirish, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish sohasidagi vazifalar ham batafsil belgilab qo‘yilgan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Xartiyasida davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va chegaralar daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilish singari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari o‘z aksini topgan.

Hujjatda SHHTning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani tamoyili ta’kidlangan.

Shunga qaramay ayrim ekspert va mualliflar Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida erishilgan natijalar hamda uning rivojlanish istiqbollarini turlicha talqin qilib, o‘zlariga ma’qul keladigan jihatlarni izlab topishga harakat qilishmoqda.

Lekin, Shanxay hamkorlik tashkiloti ulkan salohiyatga ega bo‘lgan hamda xalqaro maydonda nufuzi ortib borayotgan tuzilma sifatida o‘z faoliyatini turli tahlilchilarning istak va talqinlari emas, balki o‘zining huquqiy poydevori bo‘lgan ta’sis hujjatlarida belgilangan tamoyillar asosida olib boradi.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan munosabati har doim ochiq-oydin ifodalanib kelgan. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotga a’zo davlatlar davlat rahbarlari kengashining o‘tgan yil 18 sentyabrida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidagi ma’ruzasida mazkur tashkilotning uchinchi davlatlar va boshqa xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmaslik tamoyiliga amal qilish, mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash singari vazifalar ustuvorligini saqlash zarurligini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomi va uning faoliyatini barqaror rivojlanish maqsadlariga qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Anvar EMINOV,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net