SENATNING BIRINCHI MAJLISI BOSHLANDI

20.01.2020 16:16

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Saylov kodeksiga muvofiq tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

 

 

 

 

 

Majlisda Oliy Majlis Senatini shakllantirish ochiqlik va transparentlik kabi demokratik tamoyillar asosida milliy saylov qonunchiligi talablariga asosan amalga oshirilgani ta’kidlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlislarida 84 nafar senator saylandi. Yuqori palataning boshqa 13 nafar a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi.

Senatning yangi tarkibi iqtisodiyot, huquq, fan, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish sohalari hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolardan shakllantirilganligi qayd etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat a’zolarini yuksak nomga sazovor bo‘lganlari bilan samimiy tabrikladi.

– Oliy vakillik organi a’zosi bo‘lish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan mas’uliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz. Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson, – dedi Prezident.

O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan keyingi uch yil Senat uchun ham o‘ziga xos tub yangilanish va o‘zgarishlar davri bo‘lgani ta’kidlandi. Mazkur organ tomonidan ko‘rib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 tasi so‘nggi uch yilda ma’qullangani ushbu yo‘nalishda katta ish qilinganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini, viloyat hokimlarining hisobоtlarini eshitish yo‘lga qo‘yilgani ijobiy baholandi.

Majlis davom etmoqda. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net