Samarqand xalqaro forumlarga mezbonlik qiladi

25.08.2022 11:20

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish va kelgusidagi vazifalarni belgilash maqsadida 23-24 avgust kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev tashrifning ikkinchi kunini Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.

Bu ziyoratgoh buyuk muhaddis bobomizning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Maqbara, ulkan masjid, minoralar, ayvonlar barpo etilmoqda.

Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

– Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur, –dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi.

– Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir ma’naviy xazina bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qurilish vazirligiga bu borada loyiha tayyorlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasiga borib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi.

Oliy darajadagi tashriflar, xalqaro sammitlarning viloyatlarda o‘tishi mamlakat rivojini ko‘rsatuvchi jihatlardan biri. Hududlar kompleks rivojlantirilayotgani natijasida so‘nggi yillarda bunday yirik tadbirlar turli shaharlarimizda o‘tkazilmoqda. 

Yaqin oylarda Samarqandda bir nechta xalqaro darajadagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu anjumanlarga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu jarayonni ko‘zdan kechirdi.

Samarqand shahrida XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid obidalar ko‘p. Alisher Navoiy hamda Shohrux ko‘chalaridagi shunday tarixiy binolarda millatlararo do‘stlik va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikka bag‘ishlangan muzeylar tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu rejalarni ma’qullab, muzeylarni mazmunan boyitish, hamkor mamlakatlar bilan yaqin munosabatlarni namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

23 avgust kuni Samarqand tumanida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi ochilgan edi. Bu majmua yirik xalqaro anjumanlarga mezbonlik qiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi Kongress xoll va mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mehmonxonalarning ikkitasi 5 yulduzli va oltitasi 4 yulduzlidir. Kongress xollning umumiy maydoni qariyb 6 ming kvadrat metr. U 3 ming 500 kishini qabul qilish quvvatiga ega. Anjumanlar vaqtida ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun situatsion markaz ham tashkil etilgan.

Prezidentimiz bu yerda xorijiy delegatsiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net