Qishloq xo?jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so?mgacha garovsiz beriladi

12.10.2022 18:44

“Dunyo” AA/.  O‘zbekiston Prezidenti «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini  imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjada  qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar bilan uzluksiz taʼminlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilishga  oid vazifalar belgilandi.

Qarorga muvofiq, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, shu jumladan 11 oylik imtiyozli davr bilan qo‘shimcha 300 milliard so‘m byudjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratiladi.

 Quyidagilarga kreditlar ajratiladi:

-qishloq xo‘jaligi korxonalariga – meva, uzum, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berish uchun;

-mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun.

 Bunda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi. Kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14 foizni (shundan 3 foizi bank marjasi) miqdorida belgilanib, kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi.

Ajratiladigan kredit mablag‘larining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi. Ajratiladigan kreditlar bo‘yicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari garov taʼminoti sifatida qabul qilinadi.

 Kredit mablag‘larining qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha yoki hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha garov taʼminoti sifatida qabul qilinib, kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Qarorda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga  hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi qayd etilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net