QIRG’IZISTONDAGI VATANDOSHLAR BILAN UCHRASHUV

21.12.2019 13:50

BISHKEK, 20 dekabr. /”Dunyo” AA/. O’zbekistonning Qirg’izistondagi Elchixonasi binosida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27-yilligi munosabati bilan uchrashuv o’tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

 

Tadbirda o’zbek millatiga mansub Qirg’izistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy rivojlanishida katta hissa qo’shgan, mehnat va davlat xizmati faxriylari qatnashdi.

 

Elchixonaga Baxtiyor Fattoxov, Zafar Hakimov, Mirzoxid Muxamedziyev, Sobirjon Atajanov, Patidin Ataxanov, Kahramon Uraimov singari Qirg’izistonda yuqori mansablarda, xususan, parlament a'zosi, vazir, vazir o’rinbosari, turli davlat tashkilotlar rahbarlari, shahar va rayon hokimlari darajasida faoliyat olib borgan shaxslar tashrif buyurdi.

 

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda so’nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida turli sohalarda olib borilayotgan keng ko’lamli islohot va o’zgarishlar, O’zbekiston rahbariyati tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi rivojlanishiga oid tashabbuslar va bu borada yaqinda Toshkentda bo’lib o’tgan Maslahatlashuv uchrashuvi natijalari, Konstitutsiya kuni hamda parlament saylovlari bo’yicha olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha ma'lumot berildi.

 

Vatandoshlarimiz, o’z navbatida, so’nggi paytlarda ikki davlat o’rtasida turli sohalarda tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik, ayniqsa, chegaralarning ochilishi va fuqarolarning qo’shni davlatga bemalol o’tib kelayotganliklari katta ahamiyat kasb etayotgani haqida to’xtalib o’tdilar.

 

Yig’ilish davomida aytilgan gaplardan xulosa sifatida, Qirg’izistondagi vatandoshlar tomonidan “butun dunyo o’zbeklarining yurti - O’zbekistan Respublikasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlikning ta'minlanishi, qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarning jadal rivojlantirilishi, chet eldagi o’zbeklar hayotiga jiddiy e'tibor qaratish, ular bilan yaqin hamkorlik o’rnatilayotgani” eng asosiy omil sifatida e'tirof etilmoqda.

 

Tadbir doirasida Qirg’iziston-O’zbekiston Do’stlik jamiyati raisi B.Fattoxov Konstitutsiya kuni munosabati bilan O’zbekiston xalqiga murojaatnomani topshirdi. Unda, jumladan, shunday deyilgan: “O’zbekiston Respublikasi Bosh qomusi fuqarolarning jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar, tengligining kafolati va zamonaviy demokratik taraqqiyot zamini sifatida O’zbekiston xalqiga xizmat qilmoqda. Qirg’iziston-O’zbekiston Do’stlik jamiyati nomidan O’zbekiston xalqiga buyuk kelajak va farovonlik tilaymiz”.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net