QIMMATBAHO METALLARNI OLTIN IZLOVCHILAR USULIDA QAZIB OLISH FAOLIYATINI AMALGA OSHIRISH UCHUN SHART-SHAROITLAR YARATISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

27.11.2018 12:51

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining qarori

Mamlakatimizda yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yoʻli bilan aholi farovonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mamlakatning ayrim hududlarida ijtimoiy tanglikning kuchayishi, shu jumladan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olishning davom etayotganligi bilan bogʻliq boʻlgan kriminogen vaziyatning yomonlashishi kuzatilmoqda.

 

Buning asosiy sababi miqdor va sifat jihatidan sanoat usulida qazib olish obyekti hisoblanmaydigan yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan qonuniy shugʻullanish imkoniyatining mavjud emasligi hisoblanadi.

 

Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish Navoiy, Samarqandva Buxoro viloyatlarida tizimli tus olib, qimmatbaho metallarning yashirincha aylanishiga va chet ellarga noqonuniy olib chiqib ketilishiga olib kelmoqda. Noqonuniy ravishda oltin qazib olish chogʻida shikastlanishlar va oʻlim holatlari sodir boʻlmoqda.

 

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni tadbirkorlik turi sifatida rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, yer qaʼri uchastkasini samarali oʻzlashtirish, shuningdek, oltin va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida:

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2019 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

 

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2019 yil 1 martdan boshlab:

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qaʼridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qaʼri uchastkalarida amalga oshiriladi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan, oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor boʻlishlari mumkin;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari boʻyicha 3 yil muddatga beriladi;

 

elektron auksionni oʻtkazish va mazkur qarorga muvofiq litsenziyani berishning umumiy muddati “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 10 kundan oshmaydi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi 7,5 million soʻmni tashkil qiladi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

 

litsenziyani yoki yer qaʼri uchastkasidan (toʻliq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qaʼri uchastkalarining davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;

 

oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi;

 

qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan, uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chogʻida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning ogʻir tan jarohati olishi yoki oʻlimiga olib kelishi litsenziyani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shugʻullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos boʻladi;

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan soʻng, yer qaʼridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qaʼri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklanadi.

 

3. Belgilansinki, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari va ushlab qolingan zakalat summasi, auksionni tashkil qilish xizmatlari uchun toʻlov summalari chegirilgan holda:

 

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati olib boriladigan hududlardagi tegishli tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlariga qoʻshimcha daromad manbai sifatida;

 

Oʻzbekiston Respublikasi hududida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirishning yillik davlat dasturlarini amalga oshirishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining maxsus gʻaznachilik hisobraqamlariga teng ulushlarda oʻtkaziladi.

 

4. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini ushbu qarorda belgilangan shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiradigan shaxslar qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qismi boʻyicha barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari) ozod etilsin.

 

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin.

 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi “Sanoatgeokontexnazorat” DI, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 fevraliga qadar quyidagilarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

 

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom):

 

yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziya berish tartibi, shu jumladan, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida elektron auksionni oʻtkazish reglamenti;

 

yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlari, shu jumladan, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishning ruxsat etilgan usullari va vositalari, shuningdek, foydalaniladigan asbob-uskunalar va texnikaga qoʻyiladigan talablar;

 

oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallar narxini belgilash, ularni xarid qilish, hisobini yuritish, saqlash va realizatsiya qilish tartibi;

 

ishlarni olib borish qoidalari va normalariga rioya qilish boʻyicha talablar, shuningdek, yer qaʼridan foydalanuvchilarning qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarligi;

 

foydalanib boʻlingan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxira fondiga qaytarish mexanizmi;

 

b) ishonchli, aniq konturlari va chegaralarini koʻrsatgan holda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun berilayotgan yer qaʼri uchastkalarining roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat).

 

7. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga 2019 yilning 1 martiga qadar mamlakat hududlarida oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni sotib oluvchi ixtisoslashtirilgan qabul kassalarini ochish va sotib olishning shaffof mexanizmini oʻrnatish tavsiya qilinsin.

 

8. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni amalga oshiruvchi shaxslarga, shu jumladan, uslubiy, amaliy va yuridik maslahatlar berish yoʻli bilan har tomonlama yordam koʻrsatsin.

 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, tegishli viloyat hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda qimmatbaho metallarni noqonuniy yoʻl bilan qazib olish holatlarining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:

 

Internet tarmogʻidagi oʻzlarining rasmiy saytlarida joylashtirish orqali Nizom va Roʻyxatdan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlasin va ularni tizimli ravishda yangilab borsin;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish meʼyorlari va qoidalariga, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan belgilangan tartibda qatʼiy nazorat oʻrnatsin;

 

Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.Mirziyoyev

 

Toshkent shahri,

 

2018 yil 26 noyabr

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net