Prezidentimiz shu hafta davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga boradi

15.08.2022 15:44

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifing o‘tkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berildi.

O‘tgan hafta muhim voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, davlatimiz rahbari uch kunning ichida ikkita hududga tashrif buyurdi. Shuningdek, yig‘ilish, taqdimot va videoselektor ham bo‘ldi.

Prezident 8 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Dunyoda ziddiyatlar kuchayayotgan, transport yo‘laklarida turli muammolar bo‘layotgan hozirgi sharoitda qo‘shni mamlakatlarimiz yanada jipslashib, aloqalarni kengaytirishi kerak. Shu bois yig‘ilishda avvalo iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga oid yangi loyiha va takliflar ko‘rib chiqildi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan taqdimot ham shu soha bilan bog‘liq. Unda xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish orqali eksportni oshirish choralari muhokama qilindi.

10 avgust kuni Prezidentimiz Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Dastlab Yunusobodda yangitdan qurilgan Toshkent arxitektura-qurilish institutiga bordi. Keyingi manzil Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahallasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bu yerda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi, faollar bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz 6 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholiga kompleks xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlari tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Yaqinda poytaxtimizning Yashnobod tumanida shunday markaz tashkil etildi.

U yerda ipoteka bozoridagi hamma takliflar umumlashgan. Aholiga Toshkentda qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi.

 O‘tgan haftadagi yana bir tashrif 12 avgust kuni Bekobod shahriga bo‘ldi. Prezidentimiz dastlab O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi ikkita loyiha: birinchisi – shu yil ishga tushgan armatura korxonasi va ikkinchisi – endi qurilayotgan quyuv prokat majmuasi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi yakunida «Metallurg» klubi qoshidagi futbol akademiyasida ham bo‘ldi.

Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bu vatanimiz tarixida birinchi shunday g‘alabadir. Bu butun xalqimiz qatori Prezidentimizni ham juda xursand qildi. Davlatimiz rahbari o‘sha zahotiyoq shaxmatchilarimizga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tabrikladi. Maxsus farmon bilan shaxmatchi va murabbiylarni davlat mukofotlari bilan taqdirladi.

Shuningdek, Prezidentimiz hafta so‘ngida kasb bayramlari munosabati bilan qurilish sohasi vakillariga ham tabrik yo‘lladi. 
Brifingda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

17-18 avgust kunlariPrezidentimiz Ikki Muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga boradi.

Tashrif dasturiga muvofiq Jidda shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ularda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Alohida e’tibor “yashil iqtisodiyot”, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovatsiyalar, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga qaratiladi.

Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Shu bilan birga Prezidentimiz Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat qiladi. Shuni aytib o‘tish kerak – ushbu tashrif oxirgi 30 yilda O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga birinchi tashrifi bo‘ladi.

Hafta davomida Prezident huzurida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumki, o‘tgan yili Prezidentimizning mutlaqo yangi formatdagi uchrashuvi – tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Birinchi shunday uchrashuv o‘tgan kun – 20 avgust esa yurtimizda Tadbirkorlar kuni deb belgilandi.

Joriy yilda ham davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashib, sohadagi muammo va vazifalarni tahlil qiladilar, biznes vakillarining taklif va tashabbuslari bilan tanishib, yangi yechimlarni ko‘rsatadilar, tadbirkorlik rivojiga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qiladilar.

Bu yilgi tadbirni 22 avgust kuni o‘tkazish mo‘ljallangan. Ma’lumot uchun, bo‘lajak uchrashuvga tadbirkorlardan respublika shtabiga qariyb 8,5 mingta murojaat kelib tushgan, ularning 72 foizi hal etilgan.  

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net