PEKINDA OLIY MAJLIS QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATLARI SAYLOVI UYUSHQOQLIK BILAN O?TDI

22.12.2019 14:04

PEKIN, 22 dekabr. /“Dunyo” AA/. Pekin shahrida tashkil etilgan Toshkent shahridagi 147-Astrobod saylov okrugiga qarashli 37-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi uyushqoqlik bilan o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

 

Mahalliy vaqt bilan soat 08.00 dan boshlaboq ovoz berish uchun XXR poytaxtida tashkil etilgan mazkur saylov uchastkasiga Xitoy hududlarida vaqtincha va doimiy yashayotgan, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kela boshladi.

 

Saylovda Xitoy hududida bo‘lib turgan mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarining saylovga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq amalga oshirgani holda ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etib, o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ixtiyoriy, erkin va yashirin tarzda ovoz berdi.


 

Shuni alohida qayd etish joizki, mazkur saylov uchastkasida ovoz berish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Saylovdan oldin bu siyosiy tadbirni ochiq-oshkora, amaldagi saylov qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda tashkil etish maqsadida mamlakatimiz fuqarolariga saylovlarda faol ishtirok etishi hamda ularning o‘z xohish-irodasini erkin ifodalashini ta’minlash yuzasidan muntazam ravishda saylov komissiyasi a’zolari va vatandoshlarimizning uchrashuvlari tashkil etildi.

 

– Men bugun mamlakatimiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar saylovida o‘zimning fuqarolik burchimni ado etish, ya’ni munosib deb hisoblagan nomzodimga ovoz berish uchun O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasiga kelib ovoz berdim, - dedi Pekin Grafik kommunikatsiyalar universiteti talabasi Hayitbek Bolqiboyev. –  Men O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan deputatlikka ilgari surilgan nomzodni yoqladim. Chunki mazkur partiya nomzodining saylovoldi dasturida boshqa muhim sohalarga bo‘lgani singari yoshlar, ularning yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishi uchun zamon talablari darajasida sharoitlar yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

– Saylovda ovoz berish uchun saylov uchastkasiga kelib o‘zim ishonch bildirgan, munosib ko‘rgan nomzodni yoqlab  ovoz berdim. - dedi Pekin til va madaniyat universitetining 4-kurs talabasi Gulshan Sa’dullayeva. – Mamlakatimizning diplomatiya vakolatxonasida tashkil etilgan ushbu saylov uchastkasida O‘zbekiston fuqarolarining erkin ovoz berishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldim. Bu yerda saylov jarayoni demokratik me’yorlar, ochiqlik va shaffoflik sharoitida tashkil etilgan. Men ilk marotaba parlament saylovlarida qatnashdim. Bugun bergan ovozim ona yurtimizning ravnaqiga hamda biz, yoshlarning porloq kelajagiga daxl etishiga ishonchim komil.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net