PEKINDA MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI RAHBARLARINING IKKINCHI MASLAHAT UCHRASHUVI YAKUNLARI MUHOKAMA QILINDI

24.12.2019 17:31

PEKIN, 24 dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti hamkorligida mintaqa davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunlariga bag’ishlangan “davra suhbati” uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

 

Unda nafaqat mazkur tadqiqot markazi, XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro muammolar instituti, XXR Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish institutining Taraqqiyot tadqiqotlari markazi hamda Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi ekspertlari ishtirok etdi.

 

“Davra suhbati” chog’ida xitoylik ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent uchrashuvi yakunlari, O’zbekiston Prezidentining nutqidagi asosiy jihatlar, u tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning mazmun-mohiyati bilan atroflicha tanishdi.

 

So’nggi uch yil davomida yurtimizning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni hayotga tadbiq etishda erishgan yutuqlari, mintaqada siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda davlatlararo munosabatlarda sifat jihatdan mutlaqo yangicha yuksalish, mintaqa ichidagi dolzarb muammolarni hal etish hamda xavfsizlik va barqaror rivojlanishga, tahdidlarga nisbatan o’zaro hamjihatlikda harakat qilish bilan bog’liq ma'lumotlar tadbir ishtirokchilarining e'tiboriga havola etildi.

 

Xitoylik ekspertlar Maslahat uchrashuvi yakunlari xususida to’xtalar ekan, bugungi kunda mintaqada ro’y berayotgan mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev muhim o’rinni tutayotganini alohida ta'kidladi. Ularning fikricha, Toshkent uchrashuvida mintaqadagi barcha besh davlatning rahbarlari qatnashgani O’zbekistonning Markaziy Osiyoda olib borayotgan yangicha siyosati samarador ekanidan dalolatdir.

 

XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro muammolar instituti eksperti Shi Sze Toshkent sammiti Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvini tashkil etish to’g’risidagi tashabbusining oqilona va bardavomligini yana bir karra isbоtlaganini qayd etdi. Uning aytishicha, “o’zbek diplomatiyasi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan ko’pgina xorijiy kuzatuvchilarning shubhalaridan yana bir bor yuqori keldi”.

 

Shuningdek, xitoylik mutaxassis mintaqadagi besh mamlakat prezidentlarining Toshkent uchrashuvi yakunlari bo’yicha Qo’shma bayonoti juda yaxshi yangilik bo’lganini qayd etdi. “Bu hujjatni nafaqat mintaqa, balki butun dunyo olqishlamog’i lozim. O’zbekiston yetakchisining mintaqaviy sarmoyaviy forum hamda transport kommunikatsiyalari bo’yicha kengash tuzish to’g’risidagi tashabbusi aynan mintaqadagi davlatlar iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun zarurdir”, dedi Shi Sze.

 

O’z navbatida, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti xodimi Bao I g’oyalar, madaniyatlar va dinlar almashuvi nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo Ipak yo’lining o’ziga xos umumbashar tarmog’ini o’zida mujassam etgan markazi ekanligini ta'kidladi. Uning fikricha, O’zbekiston Prezidentining mintaqada yagona sayyohlik yondashuvini amalga oshirish tashabbusi tahsinga sazovordir.

 

Xitoylik yetakchi tahlilchilardan biri Li Szo‘go Maslahat kengashi va uning yakunlari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim qadam bo’lganini qayd etdi. “Uchrashuvda suv, energetika, transport-kommunikatsiya singari qator jabhalardagi muammolarni hal etish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Toshkent uchrashuvi O’zbekistonning qo’shni mamlakatlar bilan do’stona, yaxshi qo’shnichilik g’oyalariga asoslangan, amaliy munosabatlar qurishga bo’lgan sodiqligini yana bir marotaba isbоtladi”, dedi u.

 

Xitoylik ekspertlar O’zbekiston rahbari mintaqa ichidagi ko’pgina murakkab muammolarni hal etish yo’llarini topgani bois Markaziy Osiyo mamlakatlari o’rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqqanini e'tirof etdi.

 

- O’zbekiston Prezidentining har yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama etish muhim muloqot minbari bo’lib qoldi, - dedi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti direktorining o’rinbosari Sun Li. 

- Mintaqa mamlakatlari rahbarlarining Toshkentda bo’lib o’tgan besh tomonlama muzokaralari davlatlararo o’zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga umumiy hozirlik va qat'iy intilish mavjud ekanini yana bir karra tasdiqladi.

 

Uning fikricha, O’zbekiston yetakchisining sa'y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida siyosiy ishonch sezilarli darajada o’sdi, davlat va hukumat rahbarlarining uchrashuvlari muntazam tus oldi, o’zaro savdo hajmi tobora kengaymoqda, mintaqa mamlakatlari ikki tomonlama hamda ko’p tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga chiqdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net