O?ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING YIGIRMA BESHINCHI YALPI MAJLISI YAKUNLANDI

14.12.2019 11:14

Senatorlar Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi  doirasida Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisоbоtini eshitdilar.

 

Viloyatni kompleks rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va o‘zlashtirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etish, kichik biznesni rivojlantirish hamda eksportni kengaytirish, kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida batafsil axborot keltirildi.

 

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning viloyatga amalga oshirgan tashriflari davomida belgilangan vazifalar doirasida umumiy summasi 2,9 trln. so‘mlik 2693 ta loyiha amalga oshirildi,   17 840 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 8 ta kichik sanoat zonasiga 332,6 mlrd. so‘mlik investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga 96 ta loyiha amalga oshirildi va qariyb 600 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

 

Viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar - kelajagimiz”, “Har bir oila - tadbirkor” davlat dasturlari doirasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishtirokida hal etilmoqda. Oxirgi ikki yilda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda 130 dan ortiq masala muhokama etildi.

 

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan 300 dan ortiq mansabdor shaxs hisobоtlari eshitildi, dolzarb masalalarni, aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal qilish maqsadida tegishli tuzilmalarga 250 dan ortiq deputat so‘rovi va murojaatlar yuborildi.

 

Shu bilan birga, senatorlar Navoiy viloyatida mavjud muammolarni, jumladan, yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, ichimlik suvi tarmoqlarini va kanalizatsiya tizimini qurish, kommunal infratuzilmani rivojlantirish hamda takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

 

Zarafshon shahrining o‘zida quvvati 125 MVt bo‘lgan ikkita transformator kichik stantsiyasini qurishga ehtiyoj borligi ta’kidlandi. Zarafshonda, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida suv o‘tkazish tarmoqlarini yotqizish, Karmana tumani markazida zamonaviy kanalizatsiya tizimini qurish zarur.

 

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Jumladan, Tomdi va Uchquduq tumanlaridagi olis va yirik shaharlarda aholi tarqoq joylashganiga qaramay, tez tibbiy yordam xizmati boshqa tumanlarda bo‘lganidek yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni aholi punktlari bir-biridan o‘nlab kilometr olisda joylashganligi emas, balki aholi soni hal qiluvchi omil bo‘ldi. Bunday holat tibbiyot xodimlari uchun ham, bemorlar uchun uchun ham jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

 

Bu va boshqa kamchiliklarni tahlil qilib, senatorlar mazkur muammolarni hal etishda mahalliy hokimiyat organlari va mas’ul vazirlik hamda idoralar hamkorligini kuchaytirish, shuningdek mahalliy Kengashlar faolligini oshirish zarurligini ta’kidladilar. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

 

So‘ngra senatorlar suv ob'yektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

 

Qayd etilishicha, parlament so‘roviga berilgan javobda bu sohada belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida tizimli ishlar olib borilayotganligi bayon etilgan.

 

Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasida 2035 yilgacha suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish kontseptsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu Kontseptsiyaga muvofiq kanalizatsiya tizimida sutkasiga        757 ming kubmetr oqava suv quvvatiga ega suv tozalash inshootini qurish, 8605 kilometrlik kanalizatsiya kollektorlari va tarmoqlarini qurish hamda quvvati 906 kubmetrlik tozalash inshootlarini, 2176,2 kilometrlik kanalizatsiya kollektor tarmoqlarini, 128 ta nasos stantsiyasini va zararsizlantiruvchi 11 ta inshootni rekonstruktsiya qilish rejalashtirilgan. Barcha ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari kreditlari va respublika byudjeti mablag‘lari hisobiga 14,6 trln. so‘m o‘zlashtiriladi. Natijada respublikada kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi 31,4 foizga yetkaziladi. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan uning vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 17 ta masala, shu jumladan 11 ta qonun ko‘rib chiqildi.

 

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net