O?ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI KENGASHINING MAJLISI TO?G?RISIDA AXBOROT

27.04.2019 14:52

2019-yil 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisini joriy yilning 3-may kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatimizning bugungi rivojlanish yo‘lida qo‘yilgan maqsadlarga erishishga, fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamlash va demokratik islohotlar samaradorligini ta’minlashga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari kiritilgan.

“Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi, “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ham ko‘rib chiqadi.

Shu bilan birga, yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobоtini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining, prokuratura organlarining, Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobоtlari eshitiladi.

Yalpi majlisda Toshkent viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobоti ham tinglanadi.

Senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash masalalari, suv ob’ektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan hukumat a’zolariga parlament so‘rovlari yuborish, shuningdek, ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qilishadi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net