O?ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI KENGASHINING MAJLISI TO?G?RISIDA AXBOROT

27.06.2019 14:24

2019 yil 27 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining joriy yil may oyida mamlakatimizda o‘tkazilgan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi yakunlariga bag‘ishlangan majlisi videoselektor shaklida bo‘lib o‘tdi.

 

 

Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

 Majlisda Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi a’zolari, saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mas’ul xodimlari, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va uning hududiy bo‘limlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 Ta’kidlanganidek, respublikamiz miqyosida yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilgan ushbu muhim siyosiy tadbir mamlakatimizda demokratiya asoslarini yanada mustahkamlash, izchil va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.

 Bu safargi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 2018 yilning oktyabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yildi. Saylov jarayoni aynan shu qoidalarga muvofiq oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqi tamoyillari asosida o‘tkazilganligi majlisda alohida ta’kidlab o‘tildi.

 Saylovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi qarori bilan Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi, saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar bu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli chora-tadbirlarni samarali muvofiqlashtirib bordi. Jami 9093 ta ishchi guruh har bir mahallada saylovni namunali tashkil etish va o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bunda, avvalo, fuqarolarning saylash va saylanishga oid konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz ro‘yobga chiqarilishiga alohida ahamiyat berildi.

 Respublika komissiyasi tomonidan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy, tuman va shaharlar komissiyalari hamda ishchi guruhlar a’zolari uchun sohaga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda saylovni tashkil qilish va o‘tkazish tartibini tushuntirish bo‘yicha seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid hujjatlar to‘plami va boshqa huquqiy adabiyotlarning joylarga o‘z vaqtida yetkazib berilgani qonuniylikning to‘liq ta’minlanishiga xizmat qildi.

 Shuningdek, qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda mahalliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar uchun hududiy seminar-treninglar o‘tkazildi.

 Bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari haqida so‘z yuritilar ekan, majlis ishtirokchilari tomonidan unda 9093 ta fuqarolar yig‘inida mamlakatimizdagi ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning vakili sifatida 2 million 58 mingdan ortiq kishi va 22264 nafar tavsiya etilgan nomzod bevosita qatnashganligi qayd etildi. Shunda bir mahalla raisligiga o‘rtacha 2,4 nafardan nomzod to‘g‘ri kelganligi saylovning muqobil asosda o‘tkazilganligidan dalolat beradi.

 Hamyurtlarimiz mahallaga bosh bo‘lishdek mas’uliyatli ishni kimga ishonib topshirish masalasiga bu galgi saylovlarda har qachongidan ham jiddiyroq yondashdi. Bu esa saylangan raislarning sifat tarkibi ham yuksaldi, degan so‘zdir. Natijada 9093 nafar oqsoqol saylanib, ularning 6208 nafari ushbu lavozimlarga birinchi marta saylangan, 57,6 foizi oliy ma’lumotga ega. Saylangan raislarning 11,2 foizi xotin-qizlar, 164 nafari mahalliy Kengashlar deputatlaridir.

 Bo‘lib o‘tgan saylovning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mahalla oqsoqolligiga bu gal ko‘proq kasbi bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lgan insonlar saylandi. Bu esa xalqimizning ustoz-murabbiylarga ehtiromi baland ekanligini, o‘z farzandlariga bilim va tarbiya bergan insonlarga mahalla oqsoqoli bo‘lishdek mas’uliyatli ishni ishonib topshirishga tayyorligini bildiradi. Bu ham bo‘lsa yurtimizda pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi ularga bo‘lgan munosabatni tubdan yaxshilash borasida qo‘yilayotgan qadamlarning yana bir samarasi, deb baholash mumkin.

 Saylovning demokratik prinsiplar asosida o‘tkazilishini ta’minlash – ishchi guruhlar va, umuman, jarayonga aloqador barcha tuzilmalarning asosiy vazifasi bo‘ldi. Uni amalga oshirishda muhim siyosiy voqelikning barcha bosqichlarini keng yoritishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar huzurida tuzilgan axborot xizmatlari samarali ish olib bordi. Buning natijasida markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida 15 mingdan ortiq material e’lon qilindi. Xususan, teleradiokanallar efirida 6,5 mingga yaqin, gazeta va jurnallarda mingdan ortiq, internet nashrlarida 7,6 mingta material joylashtirilgan.

 Ta’kidlanganidek, saylov jarayonida tegishli qonun hujjatlari jiddiy buzilgan holatlar qayd etilmadi.

 Majlisda fuqarolar yig‘inlari raislarining mahalla institutini yanada rivojlantirish, uning jamiyatdagi nufuzini oshirish, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasidagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha dolzarb vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

 Shu kunning o‘zida mazkur masalaga doir brifing videokonferensaloqa tarzida o‘tkazildi.

  

O‘zbekiston Respublikasi 

Oliy Majlisi Senatining 

Axborot xizmati

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net