Oʻzbekiston Prezidentining Qirgʻiziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

30.04.2019 16:52

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlik rivojida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib, ishlab chiqarish kooperatsiyasi koʻlami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.

Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik boʻyicha komissiya yigʻilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qatʼiy intilish mavjudligini koʻrsatdi.

Suhbatda ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish muhim va iqtisodiy jihatdan dolzarb ekani taʼkidlandi.

Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro anglashuv mavjudligini va ularning hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot soʻnggida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaati yoʻlida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

(Manba: O’zA)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net