O?zbekiston Prezidenti va Fransiya parlamentining quyi palatasi raisi Parijda parlamentlararo muloqotni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

22.11.2022 10:37

“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Parijdagi Burbon saroyida Fransiya Milliy yig‘ini raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, parlamentlar o‘rtasidagi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yana-da demokratlashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya Milliy yig‘ini rahbari O‘zbekistonda, shu jumladan, parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik yangilanishlarning borishini yuksak baholadi.

Gender tenglikni taʼminlash jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgani, mamlakatimizda xotin-qizlar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat idoralarida, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada munosib o‘rin egallayotgani qayd etildi.

2022 yil sentyabr oyida mamlakatimizda ilk bor jahon parlamentlari yetakchi ayollarining 14-sammiti o‘tkazildi. Yetakchi ayollarning rolini oshirish to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda o‘lim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, ekologik muammolarni hal etish to‘g‘risidagi normalar va boshqa muhim qoidalarni mustahkamlab qo‘yish ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishga tayyorgarlik borasidagi asosiy yondoshuvlar muhokama qilindi.

Parlamentlararo do‘stlik guruhining uchrashuvlarini o‘tkazishga, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi, Yevropa Parlamenti, Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Prezidentimiz Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shuningdek, Fransiya Milliy yig‘ini raisini o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net