O?zbekiston Prezidenti: Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, toki o?qituvchilik eng obro?li kasb bo?lsin!

29.12.2022 11:28

/“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼlim ko‘rgazmasi doirasida bir guruh maktab o‘qituvchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizdagi muammolardan biri sifatida kadrlar masalasini ko‘rsatgan edi. So‘nggi yillarda qaysi sohada islohotlar, ulkan loyihalar bo‘lmasin, albatta, unga mos mutaxassislar tayyorlash ham kun tartibiga chiqadi. 

– Hamma saʼy-harakatlarimiz tagida taʼlim bor. Qaysi hududga borsam, yoshlar bilan, katta-katta korxonalardagi ishchilar bilan suhbatlashaman. Ulardan «Sizni nima qiynaydi» deb so‘rasam, bilim yetishmasligini aytadi. Rivojlangan davlatlar bugungi iqtisodiyotiga qanday erishgan? Bilim evaziga! Shuning uchun avvalboshdan taʼlimni yaxshilashga harakat qilayapmiz. 2023 yilga «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili», deb nom berdik. Endi maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak, - dedi Prezident.

Maʼlumki, mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab yangi maktablar qurildi, 500 ming o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi, 7 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter xonalari tashkil etildi.

Sharoit bilan birga taʼlimning mazmunini, metodologiyani o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda. Birinchi bosqichda boshlang‘ich sinf darsliklari yangilanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu ishlar maktab taʼlimi bo‘yicha umumiy strategiyaning bir qismi ekani, sifat va samaradorlik ko‘p jihatdan o‘qituvchiga bog‘liq ekanligini taʼkidladi.

– Men nima uchun o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va mavqeini oshirish kerak, deb ko‘p gapiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Chunki bolalarimiz qalbining chinakam meʼmori, muhandisi o‘qituvchilardir. Shuning uchun pedagoglarni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash doimo eʼtiborimiz markazida bo‘ladi. Ularni darsdan boshqa ishlarga jalb etish – bu davlatga, kelajakka xiyonat, deb baholanishi kerak. O‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.

Prezident Konstitutsiya va qonunlarda o‘qituvchining maqomi, huquq va manfaatlarini aniq belgilash zarurligini yana bir bor taʼkidladi.

– Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, toki o‘qituvchilik eng obro‘li kasb bo‘lsin! Bu yo‘lda biz, avvalo, o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan ming-minglab ustoz va murabbiylarga tayanamiz! Ustozlarni eʼzozlagan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi, o‘z maqsadlariga albatta yetadi. Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz o‘z kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday bo‘lishi avvalo sizlarga bog‘liq. Bu yo‘lda Prezident sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlar taʼlim-tarbiyasida ota-onalar masʼuliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Muloqotda o‘qituvchilar pedagogika yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, maktablarga xorijiy til egalarini jalb qilish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni kirib kelayotgan yangi 2023 yil bilan tabriklab, sharafli va masʼuliyatli faoliyatida kuch-g‘ayrat tiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net