O?zbekiston Prezidenti raisligida bo?lib o?tgan yig?ilishda energiya taʼminotidagi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi

16.01.2023 09:55

/“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yurtimizga sovuq havo oqimi kirib keldi. Energiya va issiqlik taʼminotida uzilishlar kuzatildi. Davlatimiz rahbari bu masalaga chuqur to‘xtalib, tezkor choralar ko‘rilishini taʼkidladi. 

– Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning holatini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buni har bir rahbar his qilishi kerak. Bu yilgi sovuq butun tizimning ahvolini, qishga tayyorgarlik yengil-yelpi bo‘lganini ko‘rsatdi. Endi bunday davom etishi mumkin emas. Yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash uchun tezkor choralar ko‘ramiz.

Yig‘ilishda tabiiy gaz va elektr taʼminoti, kommunal sohadagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi.

Masalan, Toshkent shahrida o‘nlab mahallalarda elektr va gaz taʼminotida uzilishlar bo‘lgan. Ayrim transformator va past kuchlanishli tarmoqlar ortiqcha yuklamaga bardosh berolmay ishdan chiqqan.

Buning sababi qurilishga ruxsat berilganda mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmagan. Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan. Ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgan.

Shu bois vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev qatʼiy ogohlantirildi, shuningdek, respublikadagi bir qator tuman va shahar hokimlariga hayfsan berildi.

Talimarjon issiqlik stansiyasining energiya blokini taʼmirlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlamagani uchun energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev va «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati rahbari Farhod Abdurahmonov vazifasidan ozod qilindi. Shuningdek, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftgaz” va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlariga intizomiy jazo va sinov muddati belgilandi.

Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Oxirgi oylarning o‘zida neft-gaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bu sohalardagi korrupsiyani yo‘q qilish, avtomobilga gaz quyish shoxobchalaridagi o‘g‘riliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Bosh vazir va energetika vaziriga barcha imkoniyatlarni ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarga zudlik bilan energiya yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziriga energetika sohasi korxonalarida hisob-kitoblarni tartibga solish va moliyaviy masalalarni hal qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Energiya taʼminotidagi uzilishlarning sabablari va ko‘rilayotgan choralarni xalqimizga o‘z vaqtida tushuntirib borish kerak. «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga yordam beriladi, og‘ir hollarda ular issiq joylarga ko‘chiriladi.  

Dehqon bozorlarida sharoitlarni yaxshilab, mahsulotlar bezarar saqlanishi va narx-navo barqarorligini taʼminlash ham muhimligi taʼkidlandi.  

Energetika korxonalari rahbarlari va hokimlarga kelgusida bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda energetika vaziri va hokimlar joylarda kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net