O?zbekiston Prezidenti Hukumat va vazirliklarning dolzarb vazifalarini belgilab berdi

30.12.2022 11:32

/“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish, Hukumat tarkibi va ish tizimini o‘zgartirish masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2023 yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilish avvalida maʼmuriy islohotlardan kelib chiqib, Prezident farmon va qarorlariga muvofiq, lavozimlarga yangi tayinlangan Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar eʼlon qilindi. Ular mutasaddi bo‘lgan sohalardagi dolzarb masalalar, xalqimiz oldidagi masʼuliyat va javobgarligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yil murakkab bo‘lganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 5 foizdan yuqori surʼatda oshgan. Eksport hajmi 14 foiz o‘sib, 19 milliard dollarni tashkil etgan. Iqtisodiyotga 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan.

Ijtimoiy sohada aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor bo‘lib qolmoqda. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga chiqdi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga katta mablag‘lar yo‘naltirildi. 2 milliondan ortiq kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam berilmoqda. Hududlarda taʼlim va tibbiyot maskanlari, ichimlik suvi tarmoqlari, yo‘llar qurilmoqda.

Yig‘ilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror o‘sishini taʼminlash bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi. Xususan, sanoatda 5 foizdan, qishloq xo‘jaligida 3 foizdan va xizmatlar sohasida 14 foizdan ziyod o‘sishga erishish maqsadi belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini o‘rganib, ularning “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish vazifalari qo‘yildi. Iqtisodiyotni faqat investitsiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini 23 milliard dollardan oshirish zarurligi taʼkidlandi. Umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.

Transport sohasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yo‘llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yo‘llarda servisni ko‘paytirish choralari belgilandi.

Shuningdek, taʼlim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtikada korrupsiyani yo‘q qilish, davlat qaramog‘iga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi taʼkidlandi.

– Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda o‘zgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi bo‘lib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, – dedi Prezident.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net