O?ZBEKISTON FUQAROLARI DEMOKRATIYA UCHUN OVOZ BERMOQDA

22.12.2019 13:54

TOSHKENT, 22 dekabr. /"Dunyo" AA/. 2019 yil 22 dekabr - O‘zbekistonning yangi tarixidagi muhim sana. Bugun mamlakatimiz fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovda o‘z ovozini beradi va bu bilan respublikaning yanada demokratik rivojlanish istiqbolini belgilaydi.

 

Bu yil saylov kampaniyasi "Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar" shiori ostida o‘tkazildi. Saylov jarayoni yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan yangilangan milliy saylov qonunchiligi asosida olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta yagona qonunchilik hujjati - O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Unda saylovlarga oid barcha huquqiy normalar yig‘ildi. Ushbu hujjat 50 dan ortiq mamlakat saylov qonunchiligini har tomonlama tahlil qilish asosida ishlab chiqildi, keng jamoatchilik muhokamasi va xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o‘tdi.

 

Shuningdek, respublikada birinchi marta saylov jarayonini axborot texnologiyalari asosida boshqarish tizimi joriy etildi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 10 260 mingdan ortiq saylov uchastkasi, shu jumladan, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida 55 ta saylov uchastkasi tuzildi. Joriy yil 12-18 dekabr kunlari xorijiy davlatlarda vaqtincha bo‘lib turgan, yashayotgan, tahsil olayotgan yoki mehnat qilayotgan fuqarolarimiz uchun muddatidan oldin ovoz berish tashkil etildi.

 

O‘zbekistonda joylashgan saylov uchastkalarida esa muddatidan oldin ovoz berish huquqidan 20 479 saylovchi foydalandi.

 

Umuman olganda, bu yilgi saylovda 20 milliondan ortiq fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda, shundan 2 milliondan ko‘prog‘i birinchi marta ovoz beradi.

 

Saylovning ochiq va oshkoraligiga xalqaro kuzatuvchilar baho beradi. O‘zbekistonga YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, YeXHT Parlament Assambleyasi, ShHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TDHK), TDHK Parlament Assambleyasi, YeTTB va Gaaga konferensiyasi kabi sakkizta xalqaro tashkilot vakillari tashrif buyurgan. Bundan tashqari, 40 dan ortiq xorijiy davlatdan kelgan kuzatuvchilar ham parlament saylovini kuzatadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net