O?ZBEKISTON DELEGATSIYASI VASHINGTON SHAHRIDA DINIY ERKINLIKLARNI ILGARI SURISH BO?YICHA IKKINCHI VAZIRLAR KONFERENSIYASIDA ISHTIROK ETDI

19.07.2019 10:16

TOSHKENT, 19 iyul. /«Dunyo» AA/. AQSh Davlat departamenti taklifiga binoan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 2019-yil 18-iyul kuni Vashington shahrida Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha ikkinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga tayanib “Dunyo” axborot agentligi.

 O‘zbekiston delegatsiyasi Vazirlar konferensiyasida ilk marotaba 2018-yili ishtirok etgan edi.

 O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov va boshqalar kirdi.

 Konferensiya AQSh Davlat departamenti tarixidagi inson huquqlari masalalari bo‘yicha eng yirik xalqaro forum bo‘ldi. Uning ishida tashqi siyosat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar boshliqlari, diniy rahnamolar va fuqarolik jamiyati darajasidagi 106 mamlakatning 1000 dan ortiq vakillari ishtirok etdilar. Konferensiyaning asosiy kun tartibi din sababli toqatsizlik, ta’qib, kamsitishga va zo‘ravonlikka qarshi kurash orqali din va e’tiqod erkinligiga rioya qilishni ta’minlashdir.

 Forumda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov nutq so‘zladi. Konferensiya ishtirokchilariga mamlakatimizda inson huquqlari sohasida, ayniqsa O‘zbekistondagi islohotlar dasturining muhim bandi sifatida diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Diniy tashkilotlarga doir milliy qonunchilikni takomillashtirish va liberallashtirish, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish va yoshlarni diniy tarbiyalashda ayollarning rolini oshirish masalalari alohida ta’kidlandi.

 Asosiy tamoyil “jaholatga qarshi ma’rifat” timsoli sifatida din bilan bog‘liq jinoyatlari uchun jazolangan insonlar orasida jinoyatlashuv va radikallashuvning oldini olish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tushuntirildi.

 O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur muhim tadbirda ishtiroki e’tiqod erkinlgini ta’minlash sohasida mamlakatimizdagi islohotlar va o‘zgarishlar rivojining e’tirof etilishidan dalolat beradi. O‘tgan yilning dekabrida AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo qarori bilan O‘zbekiston birinchi marotaba diniy erkinlikar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi.

 Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar AQSh Davlat departamenti rahbariyati tomonidan yuqori baholanmoqda. O‘tgan oyning oxirida AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari 2018-yil uchun diniy erkinlik bo‘yicha navbatdagi ma’ruzasini taqdim qilar ekan dunyodagi ijobiy o‘zgarishlar borasida O‘zbekistonni birinchi bo‘lib e’tirof etdi.

 O‘zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi xabar qilishicha, AQShning yetakchi tahliliy markazlaridan biri – AQSh tinchlik universitetida mazkur sohadagi huquqiy islohotlar, jumladan yangi tahriridagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish rejalashtirilmoqda. Davra suhbatida Davlat departamenti, Helsinki komissiyasi, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) vakillari va qator xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

 Ikki tomonlama savdo-sanoat palatalari xalqaro ittifoqi doirasida o‘takaziladigan “Diniy erkinlar orqali barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ilgari surish” mavzusidagi muhokamada O‘zbekiston delegatasiyasining ishtirok etishi alohida rejalashtirilgan. Mazkur tadbir doirasida mamlakatning savdo-investitsiya jozibadorligini oshirishning muhim omillaridan biri sifatida diniy erkinlarni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net