OZARBAYJONDA O?ZBEKISTON HAQIDA KITOB NASHR ETILDI

09.01.2020 09:31

BOKU, 9 yanvar. /«Dunyo» AA/. Ozarbayjonda O‘zbekiston haqida «Ikki daryo oralig‘idagi jannat» nomli kitob nashr etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
 
Kitob muallifi – Ozarbayjonning “Hafta ichi” axborot agentligi jurnalisti V.Tagibeyli 2018 yil avgust oyida hamkasbi, “The First News” nashri muxbiri P.Sultonov bilan birgalikda mamlakatimizda media-turda qatnashgan.

Muallif o‘quvchilarni O‘zbekiston tarixi va zamonaviy taraqqiyoti, iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, o‘zbek xalqining boy madaniy-ma'rifiy  merosi bilan yaqindan tanishtirgan. U mamlakatimizning shahar va mintaqalari, tabiati va iqlimi, diqqatga sazovor joylari va odamlari haqida boy ma'lumotlarni taqdim etgan. 

Kitobda o‘zbek xalqining buyuk ajdodlari qoldirgan boy tarixiy, madaniy va ma'naviy meros haqida so‘z yuritilgan, betakror me'moriy obidalar va islom dini ziyoratgohlari tasvirlangan. 

Shuningdek, muallif o‘zbek xalqining qadimiy va betakror madaniyati va urf-odatlari bilan ham tanishtiradi. U kitobxonlarni ko‘p asrlik an'analar asosida xalq ijodiyotining go‘zal buyumlarini ishlab chiqarayotgan hunarmandlarning ustaxonalariga sayohatga taklif qiladi. Zardo‘zi mahsulotlar, so‘zana, milliy liboslar, kulolchilik va boshqa xalq ijodiyoti namunalari haqida to‘lqinlanib hikoya qiladi.

V.Tagibeyli o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va ochiq ko‘ngilligini alohida ta'kidlab o‘tgan.

Kitob Ozarbayjon keng jamoatchiligi vakillari tomonidan iliq kutib olindi.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti ozarbayjon-turkman-o‘zbek adabiy aloqalari bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori Almaz Ulvi Binnatova ushbu asarni o‘qigan odam muallifning O‘zbekistonga bo‘lgan cheksiz hurmatini his qilishi mumkinligini ta'kidladi. Uning fikricha, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning tarixi mushtariyligi, tili va madaniyati yaqinligini hisobga olsak, bu tabiiy holdir.

- Vusal Tagibeyli “Ikki daryo oralig‘idagi jannat” nomli kitobida go‘zal O‘zbekistonga qilingan safardan olgan betakror taassurotlari haqida o‘quvchilarga so‘zlab bergan. Shuningdek, muallif mamlakatning turli viloyatlari ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-tarixiy salohiyatini yoritishda qo‘shimcha adabiyotlardan ham keng foydalangan. Bu esa o‘z navbatida risolani yanada mazmunli bo‘lishiga xizmat qilgan. Ushbu kitob ozarbayjon kitobxoniga qardosh O‘zbekistonni kashf etishi, mamlakat haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishida yaqin ko‘makchi bo‘lishiga ishonaman, - deb ta'kidladi u.
 
Ozarbayjon ijodiy jamg‘armasi raisining o‘rinbosari, “Ozarbayjon-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Zemfira Qodirovaning ta'kidlashicha, u O‘zbekistonda 19 yil istiqomat qilgan va mamlakatimizni o‘zining ikkinchi Vatani, deb biladi.

- Men kitobning har bir sahifasini varaqlar ekanman, muallif bilan birga go‘zal Toshkentning keng, obod va ko‘rkam ko‘chalarida sayr qilayotganday bo‘ldim, - deydi u. - Asarda Chor-su, Beshyog‘och, O‘rda va menga qadrli bo‘lgan boshqa joylarning nomlari tilga olingan. Shuningdek, go‘zal va qadimiy Samarqand, uning ko‘chalari va odamlari batafsil tasvirlangan. Men muallifning “ushbu qadimiy va ulug‘vor shaharga tashrif buyurgan har qanday inson unga yana va yana qaytib kelishni orzu qiladi”, degan fikriga qo‘shilaman. Men Samarqandda bir necha marta bo‘lganman, u mening qalbimni zabt etgan. Shu bois ushbu tarixiy kent haqida turkum radioeshittirishlar tayyorlaganman.

O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda “Ozarbayjon-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati yillik yig‘ilishi doirasida V.Tagibeyli kitobining taqdimoti tashkil etiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net